Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekneftgaz» boshqaruvi raisi Qashqadaryodagi «Sho‘rtan» va «Janubiy Tandircha» konida bo‘ldi (Foto)

«O‘zbekneftgaz» boshqaruvi raisi Qashqadaryodagi «Sho‘rtan» va «Janubiy Tandircha» konida bo‘ldi (Foto)

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi «Ishchi guruh»ning Qashqadaryo viloyatidagi safari doirasida Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli tabiiy gaz konlari faoliyati o‘rganildi.

«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan hozirda Respublikamiz aholisiga kuz-qish mavsumida muntazam tabiiy gaz yetkazib berishni ta’minlash hamda iqtisodiyot tarmoqlarining neft va gaz mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida, uglevodorod xomashyosini qazib chiqarishni oshirish borasida yo‘nalishlar bo‘yicha bir qator qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ayni shu sababli, «Sho‘rtan» va «Janubiy Tandircha» konlarida gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar va amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha ishlar holati o‘rganildi.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi «Ishchi guruh» ushbu konlarda tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish, ayniqsa, kuz-qish mavsumida aholi va sanoat tarmoqlariga tabiiy gaz yetkazib berishning barqarorligini ta’minlash uchun hozirdan qazib chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha quduqlarni burg‘ilash, kapital ta’mirlash va texnologik ob’yektlarni ishga tushirish borasida olib borilayotgan ishlar holati bilan tanishdi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, bugungi tashrif davomida Boshqaruv raisi havo harorati 40 gradusdan yuqori ekanligi, shu boisdan, avvalo, ishchi-xodimlar uchun sharoitlar yaratish kerakligini ta’kidladi.

Bunday issiq havo harorati ish unumiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini inobatga olib, avvalo, ishchi-xodimlarning ovqatlanish, yashash, mehnat qilishlari, ularning hordiq chiqarishlari uchun alohida qulayliklar yaratish, zarur choralar ko‘rish kerakligi bo‘yicha tegishli departament rahbarlariga topshiriqlar berildi.

Boshqaruv raisi konlarda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar uchun yaratilgan mavjud sharoitlarni nazorat qildi va ular bilan yaqindan suhbat o‘tkazdi.

Suhbat davomida, avvalo, havo harorati yuqori bo‘lishiga qaramay, mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarga o‘z minnatdorchiligini bildirib, ularning mashaqqatli mehnatini qadrlashi, buni muntazam rag‘batlantirib borishini bildirdi.

Ishchi-xodimlar ham o‘z navbatida Boshqaruv raisining doimiy tashrifidan mamnun ekanliklarini va yaratilgan sharoitlar ularni qoniqtirishlarini bildirib, minnatdorchilik izhor qilishdi.

Bundan tashqari, «Sho‘rtan» konidagi 386-, 388-sonli hamda «Janubiy Tandircha» konidagi 70-sonli quduqlarda olib borilayotgan burg‘ilash jarayonlari mutaxassislar ishtirokida o‘rganildi.

O‘rganish jarayonida, burg‘ilash ishlarini tezlashtirish va qazib chiqarish quduqlarini o‘zlashtirish uchun gaz quvurlarini qurish loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha tegishli departament va boshqarma boshliqlariga topshiriqlar berildi.

Quduqlardan gaz qazib olishni jadallashtirish bo‘yicha quduqlarni kapital ta’mirlash va intensifikatsiya ishlarining olib borilish jarayonlari joyidan o‘rganilib, mavjud muammoli masalalarni hal etish bo‘yicha tegishli mutaxassis va rahbar xodimlarga ko‘rsatmalar berildi.

Shu bilan birgalikda kondagi yangi quduqlarni burg‘ilash qurilmalarida va quduqlarni kapital ta’mirlash uskunalarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

«Janubiy Tandircha» konini yanada o‘zlashtirish loyihasiga asosan, konda ishga tushirilishi rejalashtirilgan Siquv kompressor stansiyasi qurilish loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishib chiqildi.

Loyiha bo‘yicha zarur kompressor qurilmalari, texnologik apparatlar va ularning qismlarini yetkazib berishni tezlashtirish, qurilish-montaj ishlarini jadallashtirish bo‘yicha departament va boshqarma boshliqlariga topshiriqlar berildi.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi «Ishchi guruh»ning Qashqadaryo viloyatidagi tashrifi davom etadi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring