Qoraqalpog‘istonda «Orzudan muvaffaqiyatgacha…» forumi bo‘lib o‘tdi

«Mikrokreditbank» aksiyadorlik-tijorat banki tashabbusi va Respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida Nukus shahrida «Orzudan muvaffaqiyatgacha…» shiori ostida ikkinchi xotin-qizlar forumi o‘tkazildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, gender tengligini ta’minlash, ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, kasb-hunarga o‘rgatish, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish hamda turmush sharoitlarini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Forumda qoraqalpog‘istonlik tadbirkor va ishbilarmonlar, shuningdek, tadbirkorlikka qiziqqan 250 nafardan ortiq xotin-qizlar ishtirok etdi. Tadbirda bank tomonidan xotin-qizlar tadbirkorligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va ularning faoliyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, 2021–2024 yillarda «Mikrokreditbank» tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 210 mingdan ortiq xotin-qizlarga 3,7 trln so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. Shu jumladan, Qoraqalpog‘istonda 19 mingga yaqin xotin-qizlar uchun 267 mlrd so‘m kredit yo‘naltirildi.
2024 yilning o‘zida bank 89 592 nafar xotin-qizning biznesini moliyalashtirish uchun 1 trln 604 mlrd so‘m imtiyozli kredit ajratdi. Natijada 92 200 nafar ayolning bandligi ta’minlandi. Shuningdek, PQ-122-sonli qaror asosida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan mablag‘ jalb qilinib, 19 370 nafar xotin-qizga 253,2 mlrd so‘m kredit berildi.
2024 yil 7 martda qabul qilingan 122-sonli Prezident qarori xotin-qizlar tadbirkorligini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim hujjatlardan biri bo‘ldi. Mazkur qaror asosida ayollarni biznesga jalb qilish va ularni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari aniq belgilab berildi.
Misol uchun, Nukus shahridagi «Qoskөl» mahallasining 2 148 nafar aholisi orasida xotin-qizlar faol tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqda. Ular kasanachilik, hunarmandchilik, parrandachilik, hamshiralik kabi 15 ga yaqin yo‘nalishda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan. Yil boshidan buyon ushbu mahallada 92 nafar xotin-qizga bank tomonidan 841 mln so‘mdan ortiq imtiyozli kredit ajratildi. Ularning aksariyati uydan chiqmagan holda tadbirkorlikni boshlashga muvaffaq bo‘ldi.
Forum doirasida Chimboy tuman hokimligi bilan hamkorlikda «Guliston» mahallasining tadbirkor ayoli Mavluda Alimbetova xonadonida amaliy seminar tashkil etildi. Seminarda jizzaxlik tajribali tadbirkor, «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor» Sharofat Noriyeva ishtirok etdi va mahalladagi 50 dan ortiq xotin-qizga gulchilik va dehqonchilikdan daromad topish sirlarini o‘rgatdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida ayollar ulushi 46 foizni tashkil etadi. Shuningdek, 120 mingdan ziyod kichik biznes sub’yektlariga va 4 550 dan ortiq fermer xo‘jaliklariga ayollar rahbarlik qilmoqda. Kelgusi ikki yilda kichik va o‘rta biznesda xotin-qizlar ulushini 25 foizdan 40 foizga oshirish rejalashtirilgan.
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar minglab ayollarning biznes-loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashmoqda. Bank 2025 yilda ham bu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishni rejalashtirgan. Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan xotin-qizlar faoliyati muntazam o‘rganilib, ularga amaliy yordam ko‘rsatib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, «Orzudan muvaffaqiyatgacha…» forumi ilk bor Buxoro shahrida o‘tkazilgan edi.
Bank Axborot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter