Tadbirkorlar uchun barcha turdagi jarimalar miqdori kamaytiriladi
Beshinchi yo‘nalish – biznesga ma’muriy bosimni keskin kamaytirish. So‘nggi uch yilda soliq yuki 13,4 foizdan 12 foizga, o‘n yilda yashirin iqtisodiyot ulushi 50 foizdan 26 foizga tushdi.
– Iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish tekshirish bilan emas, tadbirkorga yo‘l ko‘rsatib, to‘g‘ri ishlashga o‘rgatish orqali bo‘lishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Tahlil qilingan 5 ming tadbirkorning yarmidan ko‘pida bir yilda 2-3 marta, yana 21 foizida 4 martadan soliq tekshiruvi o‘tkazilgan. Bunga yong‘in, qurilish, sanitariya, karantin va energiya inspeksiyalarining takroriy tekshiruvlari ham qo‘shilmoqda.
– Bir narsani tushunish kerak: xotirjamlik bo‘lmagan joyda erkinlik ham, rivojlanish va yangilikka intilish ham bo‘lmaydi,– dedi Prezident.
Shu bois, kichik biznesda inson sog‘lig‘i va boshqa tadbirkorlar manfaatiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tekshirish uchun uch yil muddatga moratoriy e’lon qilinadi.
O‘rta va yirik tadbirkor o‘z korxonasini ixtiyoriy profilaktik auditdan o‘tkazsa, uning xulosasini soliq organi tan oladi. Kamchilikni bartaraf qilgan tadbirkor jarimaga tortilmaydi, bir yilda takroriy tekshiruv esa faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan o‘tkaziladi.
Hozir 51 ta idora moliyaviy jarima qo‘llash vakolatiga ega. Ayrim idoralarda jarimadan tushgan mablag‘ning bir qismi o‘zida qolishi “tekshirsa – qo‘rqadi, qo‘rqsa – to‘laydi” degan noto‘g‘ri yondashuvni keltirib chiqarayotgani tanqid qilindi.
– Jarima mablag‘ yig‘ish uchun emas, sohada tartib-intizom va profilaktika uchun xizmat qilishi kerak,– dedi Prezidentimiz.
Shu bois, barcha turdagi jarimalar miqdori o‘rtacha 2 barobar kamaytiriladi.
Davlat korxonalari xarid qilgan tovarlar bo‘yicha tadbirkorning zakolat pulini qaytarish avtomatizlashtiriladi.
Kelasi yildan tadbirkor va davlat o‘rtasidagi nizolarda “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” joriy etiladi. Tadbirkorning aybi sudda isbotlanmaguncha u aybsiz hisoblanadi va unga jarima yoki boshqa ta’sir chorasi qo‘llanmaydi.
Shuningdek, “Birinchi xato uchun ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi. Birinchi bor qoida buzgan va odamlar hayoti, sog‘lig‘i yoki mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorga kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun beriladi.
Nazorat organlari birinchi instansiyadan keyingi har bir sud bosqichida davlat bojini to‘laydi. Savdo-sanoat palatasi huzuridagi ekspert kengashiga bojxona, qurilish, sanitariya, karantin va veterinariya sohalaridagi nizolarni ham ko‘rib chiqish vakolati beriladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter