Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Toshkent-Andijon» pullik avtomobil yo‘lida manzilga uch soatda yetib borish mumkin bo‘ladi

«Toshkent-Andijon» pullik avtomobil yo‘lida manzilga uch soatda yetib borish mumkin bo‘ladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni energetika, transport, kommunal xo‘jalik va tibbiyot sohalarida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Budjetga yukni kamaytirish va yirik loyihalarga xususiy sektorni jalb etish maqsadida 2018-yili Davlat-xususiy sheriklik agentligi tashkil etilgan edi, bu borada alohida qonun va 10 dan ortiq qarorlar qabul qilindi.

Shunga qaramasdan, hozirgi kunga qadar energetika, tibbiyot, kommunal xo‘jalik sohalarida hammasi bo‘lib bor-yo‘g‘i 9 ta yirik davlat-xususiy sheriklik loyihalari imzolangan. Bu ko‘rsatkich juda ham past, dedi davlatimiz rahbari.

Elektr energiyasi va tabiiy gazni iste’molchilarga sotishda davlat-xususiy sheriklikni joriy etish topshirig‘i berildi. Faqat shu orqali ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar o‘rtasida raqobatni ta’minlab, tannarx va yo‘qotishlarni kamaytirish mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasida 270 million dollarlik 14 ta loyihalarni jadallashtirishni tayinladi.

Ikki oy muddatda Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Toshkentda gemodializ markazlarini tashkil etish bo‘yicha tenderlarni yakunlash vazifasi qo‘yildi. Ushbu loyihalar doirasida yiliga 1 100 bemorning umrini 10 yilga uzaytirish imkoni yaratiladi. Gemodializ xarajatlari uchun budjetdan yiliga 100 milliard so‘m ajratiladi.

Mamlakatimizda har yili 20 mingdan ziyod onkologik bemor ro‘yxatga olinadi. Mutasaddilarga yil yakuniga qadar 2 ta radioterapiya markazini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish topshirig‘i berildi. Shuningdek, yil yakuniga qadar Nurafshon shahrida «qurish – boshqarish – topshirish»  prinsipi asosida 1 ming o‘rinli ko‘p tarmoqli klinik shifoxona tashkil etish bo‘yicha loyiha hujjatlari ishlab chiqish yuklatildi.

Transport va logistika tarmog‘i haqida gap ketar ekan, ushbu sohada ham amalga oshirilayotgan ishlar umuman qoniqarli emasligi qayd etildi.

Sohani rivojlantirishning keyingi davrida 27 milliard dollar talab etilishi ma’lum qilindi.

Misol uchun, bugungi kunda Qamchiq dovoni orqali Toshkentdan Andijonga borish uchun tirbandliklar sababli 5-6 soat vaqt sarflanadi, 22 ming avtomobil o‘tadi. Bu ko‘rsatkich kelgusi 5 yilda 40 mingga yetadi. «Toshkent-Andijon»  pullik avtomobil yo‘li ishga tushgan taqdirda masofani bosib o‘tish 3 soatgacha qisqaradi, transport harakati esa 70 foizgacha oshadi.

Shu bois davlatimiz rahbari Qamchiq dovonida yangi tonnel qurish bo‘yicha tender-loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tender e’lon qilish muhimligini ko‘rsatib o‘tdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring