Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zsanoatqurilishbank aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zsanoatqurilishbank aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi  bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 29 iyun kuni “O‘zsanoatqurilishbank” ATB aksiyadorlarining navbatdagi umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda yig‘ilish kun tartibiga ko‘ra, bank faoliyatining asosiy yo‘nalishlari aks etgan 12 ta masala ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruv Raisi S.Annaklichev 2020 yilda asosiy e’tibor bankni transformatsiya qilishga, xususan 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasiga asosan muassasani xususiylashtirish bo‘yicha belgilangan vazifalarga muvofiq, bank faoliyatini mijozlarga yo‘naltirish hamda uning investitsion jozibadorligini oshirishga birinchi darajali vazifa sifatida qaralganligini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, “Green banking” xizmatlarini tashkil qilishda maxsus texnolog, ekolog kabi mutaxassislar ishga olindi. Har bir biznes uchun yashil mahsulotlar joriy qilindi.

Kredit bloki faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlari yakuniga yetkazildi. Kreditlashning anderrayting tizimi ishga tushirildi.

Aholi uchun 58 turdagi xizmatlar mavjud bo‘lgan yangi JOYDA mobil ilovasi va uning tarkibida marketpleys savdo maydonchasi ishga tushirildi.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha daromad va xarajatlarni aniqlash, ularni rejalashtirishni avtomatlashtirishga mo‘ljallangan Budjetlashtirish dasturiy tizimining birinchi bosqichi ishga tushirildi. Tizim uchun ma’lumotlar bazasini yaratish ishlari yakunlandi.

“WAY4” platformasida VISA, Mastercard, UnionPay, JCB xalqaro to‘lov tizimlari kartalariga xizmat ko‘rsatish va ularni muomalaga chiqarishga mo‘ljallangan yangi protsessing markazi ishga tushirildi.

Hisobotlar shakllantirishni avtomatlashtirish maqsadida DWH ma’lumotlar omborini tashkil qilish qariyb yakunlandi.

Yig‘ilishda transformatsiya doirasida amalga oshirilgan ishlar karantin cheklovlariga qaramasdan salmoqli yutuqlarga erishish imkonini berganligi ham aytib o‘tildi.

2020 yilda bank tarixida ilk bor yuqori darajada, ya’ni 798 mlrd. so‘m sof foyda olinib, respublika banklari orasida 2-o‘ringa sazovor bo‘lindi.

Aktivlar rentabelligi xalqaro me’yorlarda belgilangan 1,5 foiz o‘rniga 1,9 foizni, kapital rentabelligi 12,1 foizni tashkil qildi.

Operatsion samaradorlik, ya’ni xarajatlarning daromadga nisbati ko‘rsatkichi yanada yaxshilanib, 25,6 foizni tashkil qildi.

Mijozlarga 18,2 trln. so‘mlik kreditlar ajratildi.

Yig‘ilishda aksiyadorlar Bankni 2021-2023 yillarda rivojlantirish strategiyasi doirasida belgilangan joriy yilgi rejalar bilan tanishtirildi.

Unga ko‘ra, 2021 yil so‘ngiga qadar Bankning barcha filiallari ixcham sotuv kanallariga aylantiriladi. Mijozlarga mo‘ljallangan yangi CRM va kredit konveyer tizimlari, tadbirkorlar uchun “JOYDA Business” dasturi ishga tushiriladi. Yagona MFOga o‘tish amalga oshiriladi.

Xalqaro moliya korporatsiyasidan 75 mln. dollar, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot bankidan 50 mln. dollardan ustav kapitaliga konvertatsiya qilinadigan kredit liniyalari jalb qilinadi.

Bank sof foydasi 1,2 barobarga oshiriladi.

Yig‘ilishda, shuningdek muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Bank Axborot xizmati

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring