Viza xizmatlarini ko‘rsatuvchi monopol kompaniyalar ma’lum qilindi
Raqobat qo‘mitasi tovar va xizmat bozorlarida raqobat muhitini tahlil qilish hamda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash doirasida chet el davlatlariga chiqish uchun viza xizmatlarini ko‘rsatish bozorini o‘rgandi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, «VFS Global Services UBKN» MChJ Avstriya, Vengriya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Daniya, Belgiya, Bolgariya, Xorvatiya, Chexiya, Estoniya, Finlandiya, Gretsiya, Irlandiya, Latviya, Litva, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Yangi Zelandiya, Isroil va Malta davlatlariga viza xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 13-moddasi asosida ustun mavqega ega deb e’tirof etildi.
Shuningdek, «Vizametric» MChJ Amerika Qo‘shma Shtatlariga chiqish uchun viza xizmatlarini ko‘rsatish bozorida ham mazkur qonunning 13-moddasiga muvofiq ustun mavqega ega deb topildi.
Qo‘mita qaroriga ko‘ra, «TLS Contact» MChJ Germaniya va Fransiyaga chiqish uchun viza xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 14-moddasi asosida ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etildi.
Qonunning 13-moddasiga muvofiq, tovar yoki moliya bozoridagi xo‘jalik yurituvchi subyektning o‘z faoliyatini raqobatchilarga bog‘liq bo‘lmagan holda amalga oshirish, bozor holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish yoki boshqa ishtirokchilarning bozorga kirishini cheklash imkoniyati ustun mavqe hisoblanadi.
14-moddaga asosan esa ustun mavqega ega bo‘lmagan subyektning bitim shartlari, tovarlar realizatsiya qilinadigan hudud yoki narxga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyati ustun muzokara kuchi sifatida baholanadi.
«Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 18-moddasiga muvofiq, ustun mavqega yoki ustun muzokara kuchiga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar raqobatni cheklashga yoki iste’molchilar hamda boshqa tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlarni sodir etishi mumkin emas.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter