Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1 apreldan nimalar o‘zgaradi?

1 apreldan nimalar o‘zgaradi?

2023-yil 1-apreldan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgarishlar sharhi Norma.uz tomonidan taqdim etildi.

Fermer xo‘jaliklariga xodimlar oyligidan to‘langan JShDS qaytariladi

Eksperiment tariqasida paxta va (yoki) g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga ishchilarining mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari bo‘yicha to‘langan JShDSni qaytarib berish tartibi joriy etiladi.

Ayrim  ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolarini soliqqa tortishda pasaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llaniladi

Tadbirkorlik sub’yektlari yangi qurilgan ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolari yuzasidan yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq bo‘yicha hisoblangan summani:

  • uch qavatli binoga – 0,9;
  • to‘rt qavatli binoga – 0,8;
  • besh qavatli binoga – 0,7;
  • olti qavatli binoga – 0,6;
  • yetti va undan yuqori qavatli binoga – 0,5 pasaytiruvchi koeffitsiyentni qo‘llagan holda, 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘laydi.

 Soliq organlari tomonidan penya va jarimalarni qo‘llashni to‘xtatib turish muddati yakunlanadi

 2023 yilning 1 apreliga qadar:

  • tadbirkorlik sub’yektlarining soliq qarzdorligi bo‘yicha penya hisoblash;
  • tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga jarimalar, shuningdek 04.02.2023 yilgacha qo‘llanilgan jarimalarni undirish;
  • Havo haroratining keskin sovib ketishi oqibatida qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlarga nisbatan davlat foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining majburiy ijrosi;
  • tadbirkorlar tomonidan bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olingan davlat aktivlari bo‘yicha 2022 yil dekabr va 2023 yil yanvar oylarida to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlar, shu jumladan dastlabki to‘lov to‘lanmaganligi uchun foizlar va penyalar hisoblash vaqtinchalik to‘xtatib turilgan edi.

Yangi Mehnat kodeksi kuchga kiradi

30 apreldan xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarining muvozanatini ta’minlash hamda ularni muvofiqlashtirish asosida yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi Mehnat kodeksi kuchga kiradi.

Pedagoglarning tarif stavkalari tenglashtiriladi

2023 yil 1 apreldan boshlab:

  • professional ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari mos ravishda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga;
  • professional ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan, malaka toifasiga ega bo‘lmagan oliy ma’lumotli hamda oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ishlab chiqarish ta’limi ustalarining bazaviy tarif stavkalari tegishincha umumiy o‘rta ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifali o‘qituvchisi, oliy ma’lumotli o‘qituvchisi hamda o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchisining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi.

Chet el fuqarolari yig‘im to‘lashdan ozod etiladi

O‘zbekiston Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnoma amal qilish muddati davomida chet el fuqarolari xorijdan olib kelingan shaxsiy avtotransport vositasini olib chiqib ketish muddatini uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborganda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan yig‘imni to‘lashdan ozod etish ko‘zda tutilgan.

Nogironlikni belgilashda fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratilmoqda

Nogironlik idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek, noxush klinik prognozga ega kasalliklar va asoratlarda fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga talablar soddalashtiriladi

Maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish maqsadida:

  • yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida yoki yakka tartibda qurilgan uy-joylarni sotib olish va keyinchalik ularni ta’mirlash hamda jihozlash orqali tashkil etishga ruxsat etiladi;
  • davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida ijaraga berilgan yer uchastkasida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qurgan xususiy sherik tomonidan ushbu binoning mazkur loyiha uchun bank kreditlari bo‘yicha garovga qo‘yilishiga oid cheklovlar bekor qilinadi

Ayrim aholi punktlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi tushiriladi

Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlarning markazlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushiriladi.

Pensionerlar uchun metro bepul bo‘ladi

Pensionerlar Toshkent metrosi xizmatlaridan bepul foydalanishlari mumkin. 

Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oila a’zolariga qo‘shicha kafolatlar belgilanmoqda

Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi va Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazining Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilari va xodimlarining oila a’zolari hamda ularning qaramog‘idagi shaxslarga  quyidagilar to‘lanadi:

  • marhumning oxirgi egallagan lavozimi bo‘yicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yig‘indisining 150 baravari miqdorida biryo‘la beriladigan nafaqa;
  • harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi doirasida BHMning 200 baravari miqdorida sug‘urta summasi.

Mahalliylashtiriladigan harbiy va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish mexanizmi joriy etilmoqda

Mahalliylashtiriladigan harbiy va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlarni uch yil muddatga o‘rnatilgan tartibda shartnoma tuzish orqali kafolatli xarid qilish mexanizmi joriy etiladi.

Bir qator soliq imtiyozlari bekor bo‘lmoqda

Quyidagi soliq imtiyozlari bekor etiladi: 

- budjet mablag‘lari hisobidan har yillik mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturlari doirasida ko‘rsatiladigan geologiya xizmatlari bo‘yicha imtiyoz; 

pochta markalari, markali otkritkalar, konvertlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma; 

- budjet mablag‘lari hisobidan bajariladigan ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma; 

Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatgan shaxslar soliqdan ozod etiladi

Umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ushbu qurilmalar bo‘yicha mol-mulk solig‘i, qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘i hamda yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig‘ini to‘lashdan:

  • ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran uch yil muddatga;
  • o‘rnatilayotgan quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o‘rnatilgan bo‘lsa – o‘n yil muddatga ozod etiladi.

 Tadbirkorlarning xarajatlari qisman qoplab beriladi

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan 1 yilda bir marotaba o‘rta tadbirkorlik sub’yektlariga mol-mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining 50%, biroq BHMning 20 baravaridan oshmagan qismi qoplab beriladi;

Bundan tashqari:

  • daromadi 10 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan tadbirkorlar uchun davlat xaridlarida 20 foizlik kvota joriy etiladi. Ushbu xaridlar doirasida tuziladigan shartnomalarda oldindan to‘lov miqdori 50 % etib belgilanadi.
  • davlat xaridlarida eng yaxshi takliflarni tanlash va tender savdolarida ishtirokchilar takliflarini baholashda QQS summasi inobatga olinmaydi;
  • yuqori qo‘shilgan qiymatli mis mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalarning mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni tashqi bozorga sotish bilan bog‘liq xarajatlarini eksport qiymatining 6%gacha qoplash tartibi bekor qilinadi.
  • «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ va «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 10 mlrd so‘mdan ajratishadi.

Poytaxt jamoat transporti brutto-kontraktlarga o‘tadi 

15 apreldan boshlab Toshkent shahrida muntazam shahar avtobus yo‘nalishida cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etiladi  va moliyalashtirish tizimi tushiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring