Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

22 mart — Butunjahon suv kuni. Oltindan qimmat ne’mat...

22 mart — Butunjahon suv kuni. Oltindan qimmat ne’mat...

foto: Freepik

Ona sayyoramizning kosmosdan olingan suratlariga qarasangiz, u ko‘m-ko‘k bo‘lib ko‘rinadi. Yer yuzasining 71% qismi suv bilan qoplangan. Ammo bu manzara insoniyatni chalg‘itadi. Aslida, Yerdagi jami suvning 97.5% qismi sho‘r bo‘lib, ummonlar va dengizlarda joylashgan. Uni ichish yoki ekinlarni sug‘orish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlata olmaysiz. Qolgan 2.5% chuchuk suvning katta qismi ham muzliklarda yoki chuqur yerosti qatlamlarida turibdi. Insoniyatning ehtiyojlari uchun osonlikcha yetish mumkin bo‘lgan suv miqdori jami suv zaxirasining atigi 1 foizini tashkil etadi.

Sakkiz milliardlik sayyora aholisi, butun sanoat va qishloq xo‘jaligi ana shu mitti zaxiraga qaramdir. Jahon Resurslari Instituti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoning 25 ta davlati o‘ta og‘ir suv tanqisligiga yuz tutgan. Bular asosan Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Osiyoning ayrim hududlaridir. Markaziy Osiyo mintaqasi ham ana shu qizil hududga yaqin turibdi. BMTning “Suv resurslari holati” hisobotiga ko‘ra, agar hozirgi iste’mol sur’atlari saqlanib qolsa, 2030 yilga borib dunyoda suvga bo‘lgan talab mavjud resurslardan 40% ga oshib ketadi. Bu degani, sayyoraning deyarli yarim aholisi suv yetishmovchiligi qiyinchiliklarini his qila boshlaydi. Kelajakda davlatlar neft yoki oltin uchun emas, aynan suv uchun kurashadilar. Transchegaraviy daryolar atrofidagi ziddiyatlar shundan darak bermoqda. Odamlar chanqoqlik va oziq-ovqat yetishmovchiligi sababli o‘z vatanlarini tashlab ketishga majbur bo‘ladilar. “Iqlim qochqinlari” atamasi tez orada eng katta siyosiy bosh og‘rig‘iga aylanadi.

O‘zbekiston o‘z geografik joylashuviga ko‘ra murakkab sharoitda. Mamlakatdagi jami suv resurslarining qariyb 80% qismi uning hududidan tashqarida – qo‘shni Tojikiston va Qirg‘izistondagi muzliklardan boshlanadigan Amudaryo va Sirdaryo havzalarida shakllanadi. Biz bu yirik qon tomirlarga hayotiy bog‘liqmiz. Bizda asrlar oldin shakllangan tuproq o‘zanli kanallar va ariqlar orqali suv yetkazib beriladi. Natija qanday? Suv dalaga yetib borguniga qadar uning 35-40 foizi ochiq havoda bug‘lanib yoki yerga singib yo‘qoladi. Bu har yili milliardlab kubometr hayot manbai isrof bo‘lmoqda degani. Isrofning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sug‘orishda suv yo‘qotishlarini kamaytirish va suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat mamlakatimizda mavjud suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash, suv yo‘qotishlarining oldini olish hamda suv tanqisligining salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan.

Suv tanqisligi faqatgina jo‘mrakdan suv kelmay qolishini anglatmaydi. Bu zanjirli reaksiyadir. Suv kamaydimi, hosil kamayadi. Bog‘lar quriydi, g‘alla va paxta hosildorligi tushib ketadi. Bozorda oziq-ovqat taklifi kamaygach, uning narxi oshadi. Oziq-ovqat inflyasiyasi bevosita ijtimoiy beqarorlikka olib keluvchi omildir. Qishloq aholisining asosiy daromadi yer bilan bog‘liq. Suv bo‘lmasa, odamlar yerni tashlab, ishlash uchun katta shaharlarga yoki xorijga ketishga majbur bo‘ladi. Bu o‘z navbatida shaharlar infratuzilmasiga ulkan yuklama tushiradi va kambag‘allik darajasini oshiradi. Chuchuk suv kamaygani sari toza ichimlik suvi sifati yomonlashadi. Ochiq suv havzalarining ifloslanishi infeksion va oshqozon-ichak kasalliklarining urchishiga sabab bo‘ladi.

Jahondagi rivojlangan va suvga muhtoj davlatlar qator innovatsion islohotlarni joriy qilmoqda. Isroil tajribasiga qaraylik. Hududining yarmidan ko‘pi cho‘l bo‘lgan davlat qishloq xo‘jaligida mo‘’jiza yaratdi. Ular suvni shlanglardan emas, o‘simlikning bevosita ildiziga tomizish tizimini qo‘llaydilar. Bu suv sarfini 50-70% gacha tejaydi va hosildorlikni oshiradi. Singapur mitti davlat bo‘lishiga qaramay, NEWater texnologiyasi orqali oqova suvlarini yuqori darajada tozalab, yana iste’molga qaytarmoqda. Ular oqova suvlarning deyarli 100% qismini yig‘ib, tozalashga erishgan. Saudiya Arabistoni va BAA kabi davlatlar milliardlab dollar sarflab okean va dengiz suvini tuzdan tozalovchi zavodlar qurgan. Ular ehtiyojlarining katta qismini shu orqali qoplamoqda. Narx siyosati eng kuchli quroldir. Kelajakda suv iqtisodiyotni harakatlantiruvchi asosiy vositaga aylanadi. Uning qiymati oltin, neft va yerdanda balandroq bo‘ladi.

Suv masalasi nafaqat gidrologlar yoki ekologlarning tor doiradagi muammosi, balki har bir insonning kundalik hayoti va kelajagiga bevosita daxldor bo‘lgan umumilliy va umumbashariy burchdir. Suvning qadrini anglash avvalo, mas’uliyatdan boshlanadi. Davlat darajasidagi ulkan loyihalar yoki xalqaro kelishuvlar qanchalik muhim bo‘lmasin, agar oddiy fuqaro o‘z xonadonida, tadbirkor o‘z ishlab chiqarishida yoki dehqon o‘z dalasida suvni isrof qilishda davom etsa, ko‘zlangan natijaga erishish imkonsiz. Har bir tomchi suvni tejash kelajak avlodlarning yashab qolishi uchun qo‘shilgan hissadir. Isrofgarchilikka chek qo‘yish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish va tabiatga nisbatan iste’molchilik kayfiyatidan asrab-avaylash tamoyiliga o‘tish bugungi kunning eng asosiy talabi.

Xulosa qilib aytganda, suv xavfsizligi jamiyatning barcha qatlamlari birlashishini talab qiladigan yagona zanjir. Mutaxassislar yechimlarni taklif etadi, biroq ularni hayotga tatbiq etuvchi, asrovchi va qadrlovchi kuch xalqdir. Suvni muqaddas bilish va uni kelajak avlodlarga sof holda yetkazish – bu vatanparvarlikning eng oliy ko‘rinishi va barchamizning insoniy burchimiz.

Nodira Ibrohimova,
Suv sohasida barqaror rivojlanish markazi xodimi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring