Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Andijon hokimiga oid audiolar «ustalik bilan montaj» qilingani aytildi. Biroq...

Andijon hokimiga oid audiolar «ustalik bilan montaj» qilingani aytildi. Biroq...

Foto: Viloyat hokimligi axborot xizmati

Ma’lumki, keyingi bir necha kun ichida Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning bir emas, uchta haqoratli audiolari tarqaldi. Viloyat hokimligi matbuot xizmati bir-biriga ulanib va bir-birini «to‘ldirib» borayotgan audiolar xususida rasmiy bayonot berdi.

Bayonotda «...ketma-ket tarqalishi ortida Andijon viloyati hokimiga nisbatan axboriy hujumlar uyushtirish, viloyatda bo‘layotgan o‘zgarishlarga nisbatan xolisona fikr bildirayotgan jurnalistlar hamda fuqarolarning munosabatlarini boshqa tarafga yo‘naltirish, viloyat hokimi hamda tadbirkorlar o‘rtasida sun’iy to‘siqlarni yuzaga keltirish kabi maqsadlar» yotgani aytiladi. Shuningdek, «...bir guruh ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan 2 yil muqaddam yozib olingan audioyozuvlar ijtimoiy tarmoqlardan ko‘chirib olinib, g‘arazli maqsadda uni ma’lum qismini kesib, «hayp» qilish niyatida ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilib» borilayotganiga urg‘u berilar ekan, «...soha mutaxassislarini jalb qilgan holda tarqalgan audioyozuvlarni o‘rganish ishlari olib» borilgani va (audioyozuvlar) «alohida mutaxassislar» yordamida montaj qilinganligi ma’lum bo‘lgani» ta’kid etiladi.

Rasmiy bayonotda tarqalgan audio, ularning har birida tilga olingan holat va haqoratlar haqida lom-lim deyilmaydi. Faqat hokimning talabalar uyiga borib, toza gilamchaga poyafzali bilan chiqqan holati aks etgan suratga nari-beri izoh berilgan, xolos. Tarqalgan audiolar oldida hokimning qimmatbaho oyoq kiyimi bilan toza galamcha ustida o‘tirgani ko‘p ahamiyatli emas.

Ikkinchidan, tarqalgan audiolar «2 yil muqaddam yozib olingani» haqidagi iddaolar hozirdanoq shubha uyg‘otmoqda. Bitta misol. So‘nggi tarqalgan uchinchi audioda Shuhrat Abduramonov «Alisher Usmonov degan hooov milliarder» qishloqlarni obod qilish uchun Namanganga «50 million dollar pul bergani»ni tilga oladi. Vaholanki, A. Usmonov o‘zi tug‘ilib o‘sgan viloyatga shuncha himmat ko‘rsatgani o‘tgan yili (ikki yil avval emas!) ma’lum bo‘lgandi.

Qisqasi, bayonotda ishtiboh uyg‘otadigan nuqtalar yetarli. Unda ta’kid etilganidek «mazkur holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari amalga oshirayotgani» inobatga olinsa, bayonotning «yopishmagan joylari»ga oydinlik kiritilar balki?!

Gap bundayam emas, aslida.

Gap shundaki, audiolar qachon yoki kim tomonidan yozib olingani va nima maqsadda tarqatilayotganidan qat’i nazar, ovoz viloyat hokimiga tegishli ekani inkor etilayotgani yo‘q. Unda yangragan haqoratlar esa «imidjiga dahl qilinayotgan» hokimning ma’naviy qiyofasi haqida yetarlicha tasavvur beradi baribir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring