Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Andijoncha spektakl». Yolg‘on va’da, sakkiz oylik tekin mehnat va tahdidlar...

«Andijoncha spektakl». Yolg‘on va’da, sakkiz oylik tekin mehnat va tahdidlar...

Kadr: «O‘zbekiston 24»

«2019-yilgi Andijon voqealari» — Xurshida Tillayevaning «Ozodlik»ga yo‘llagan videomurojaati bilan boshlanib, aslida ildizi juda chuqur bo‘lgan hodisa. Jabrlanuvchi esa birgina Xurshida Tillayevaning o‘zi emas. U bilan birga «Mustaqillik tikuvchilik majmuasi»da ishlagan boshqa ayollar ham. Ulardan ikki nafarining «oxirigacha kurashish»ga qaror qilgani vaziyatni butunlay o‘zgartirib yubordi — rasmiylar Xurshida Tillayevaning o‘zini aybdorga, noshukrga chiqarmoqchi bo‘lganida, aslida Prezident nomini qo‘shib berilgan va’dalar boshqacha bo‘lgani, qonunchilik bir emas, bir necha bor buzilgani oydinlashdi.

O‘zini aldangan his qilayotgan Shohista Bakirova va Muyassar Rahimova ularga qanday va’dalar berilgani, kottejli bo‘lish yo‘lida ular qanday mehnat qilgani (va ulardan aslida qanday mehnat qilish talab qilingani), ko‘zbo‘yamachiliklar bilan bog‘liq shov-shuvlar boshlangach esa bevosita va bilvosita tahdidlar qilingani haqida «Daryo»ga so‘zlab berdi.

Ko‘p qavatli uydagi kvartiraga aylanib qolgan kottej

O‘nlab ayollar qatori Shohista Bakirova va Muyassar Rahimova 2018-yilning oktyabr oyida Andijon viloyati Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan ochilgan «Mustaqillik tikuvchilik majmuasi»ga qabul qilinadi. Ularning har ikkisi ijtimoiy muhofazaga muhtoj ayollarga imtiyozli kredit asosida berilayotgan kottejning boshlang‘ich to‘lovi uchun mablag‘ ishlash niyatida ishga kirgan.

«2018-yil sentyabrida mahallamizda Prezident maslahatchisi Tursinxon Xudoybergenov yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda uyga muhtoj, ishsiz ayollar uchun olti oylik ishlagan puli boshlang‘ich to‘lovga o‘tishi sharti bilan tikuvchilik sexi ochilishi aytildi. Shundan so‘ng, 2018-yil oktyabrida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusova hammamiz kottej olishimizni aytib, sexga ishga qabul qildi», — deydi Muyassar Rahimova.

«Xidirsha» massividagi kottejlar. Foto: Prezident matbuot xizmati

Shohista Bakirovaninng aytishicha, 2018-yil dekabrida Andijon shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ravshanoy To‘xtasinova tikuv sexiga kelib, ishchilarga kottej emas, ko‘p qaqatli uydan kvartira berilishi aytgan. «Ravshanoy To‘xtasinova uch oylik maoshimiz qancha bo‘lganini hisoblab, hammaga ko‘p qavatli uydan xonadonlar berilishini aytdi. Ko‘pchilik norozi bo‘ldi, Ravshanoy opa shunday dedi: Hohlasanglar olinglar, istamaganlar ketaversin», — deydi Shohista Bakirova.

Shundan keyin kottej olamiz deb ishlayotgan 63 nafar ayoldan 40 nafarigina ishda qolgan — dastlab «kottej beriladi» deb, keyin «ko‘p qavatli uydan kvartira beramiz» deb aldashgani uchun achchiqlangan ayollar ishdan bo‘shab ketgan. Ishda qolgan 40 ayoldan 8 nafariga kottej berilishi aytilgan.

«Sexning kadrlar bo‘yicha mutaxassisi Mavluda Nishonovaga menga kvartira kerakmasligini, uchta bolam bilan 20 yil kredit to‘lab yurishga kuchim yetmasligi aytdim. Ustiga-ustak, erim bilan 2018-yil noyabr oyida uzil-kesil ajrashganimni ma’lum qildim. Ish davomida epilepsiya kasalim xuruj qilib, bir necha bor tez yordam chaqirishga majbur bo‘ldim. Shu kasalim og‘irlashib borayotganini ham bildirdim. Shu gaplardan keyin Mavluda opa menga hech kimga aytmaslik sharti bilan qasam ichdirib, kreditsiz, Prezident sovg‘asi sifatida kottej berilishini aytdi», — deydi Muyassar Rahimova.

Onasining yuragida o‘smasi borligi, o‘zi to‘rt marta operatsiya bo‘lganini va kredit to‘lashga qurbi yetmasligi bildirib, ko‘p qavatli uyni rad etgan Shohista Bakirova bilan ham Muyassar Rahimovanikidek imkoniyat berilishi aytiladi — ya’ni unga ham sir saqlash sharti bilan kottej ajratilishi va’da qilingan.

Qarzga olingan adras ko‘ylak va «faqat rahmat!»

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrifi arafasida sexning «Mustaqillik tikuvchilik majmuasi»ning sakkiz nafar ishchisiga kottej berilishi haqida «O‘zbekiston24» telekanalida lavha berilgan. Bu haqda Shohisa Bakirova shunday deydi: «27-mart kuni Manzura Yunusova (Andijon viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi) bizni kottejga olib borib, kimga qaysi kottej berilishini ko‘rsatdi va rahmat aytib, «O‘zbekiston24»ga intervyu berishimiz kerakligini aytdi. Muxbir hammamizdan intervyu oldi, faqat bir-ikki kishiniki ko‘rsatildi».

Muyassar Rahimovaning aytishicha, Prezident kelgan 17-may kuni viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi tikuvchi ayollarga adras ko‘ylak kiyib kelishni tayinlagani uchun, u qarz olishga majbur bo‘lgan: «Manzura opa Prezident kelishiga adras ko‘ylak kiyib, bolalarni ham chiroyli kiyintirib borishimiz kerakligini aytdi. Ko‘ylakka pulim yo‘qligi uchun sexning kadrlar bo‘limi mutaxassisidan pul so‘rasam, mablag‘ berolmasligini, qarz olib turishimni, mehmon (Prezident Shavkat Mirziyoyev —tahr.) ketgach, pul berilishini aytdi. 17 may kuni adras ko‘ylakda kottejga bordik. Manzura opa yig‘ilish qilib, uyli bo‘lganimizni, qiyinchiliklar ortda qolgani va bu uchun Prezidentga faqat rahmat aytib turishimiz kerakligini uqtirdi».

«Uyga munosib bo‘lish uchun kerak bo‘lsa yotib qolib, kerak bo‘lsa bolalaring bilan ishlashlaring kerak!»

Ma’lum bo‘lishicha, «Mustaqillik tikuvchilik majmuasi» hamda Shohista Bakirova va Muyassar Rahimova o‘rtasida hech qanday shartnoma imzolanmagan. Mehnatga qay tartibda haq to‘lanishi, uy uchun qaysi bitimga ko‘ra pul o‘tkazilayotgani aytilmagan.

«Sexning hisobi bo‘yicha, 8 oyda 2 800 000 so‘mlik ish qilibman — qayta hisob-kitobda bu pul 2,5 million so‘m bo‘lib qoldi. Qizig‘i, biz ba’zan 15—16 soatlab, shanba va yakshanba kunlari ham ishlaganmiz. O‘zim tikuvchi bo‘lsam, shuncha kam pul ishlaganimga ishonmadim. Manzura opa har kelganida kerak bo‘lsa yotib qolib, bolalarimiz bilan ishlashimiz, uyga munosib bo‘lib, uning qadriga yetadigan darajada mehnat qilishimiz kerakligini aytardi. Shuning uchun, hatto chang-to‘zonga qaramay, emizikli bolalari bilan kelib ishlagan ayollar ham bo‘ldi. 2018-yil oktyabridan 5-dekabrgacha paxta terimida ham qatnashdik. Ozroq yordam puli olmaganimizni aytmasa, 8 oy maoshsiz ishladik. Biz kottejlik bo‘lamiz deb hammasiga chidab kelayotgandik», — deydi Muyassar Rahimova.

«Sexda qop, pastel, bushlat, ishchi kiyimlar va harbiy formalar tikdik. Lekin bizga qanchadan pul to‘lashayotganini bilganimiz yo‘q. So‘rasak aytishmaydi. Faqat 2018-yil dekabrida ishlagan pulimiz haqida aytishdi. Undan keyin bu haqda gap bo‘lmadi. Qizimning oyog‘ida revmatizmi bo‘lsa ham, men bilan birga kechasi-yu kunduzi ishladi. Ikki kishi bo‘lib, 8 oylik mehnatimiz 3 million so‘m bo‘libdi. Bu umuman ishimizga to‘g‘ri kelmaydi. Biz, hamma ayollar: Kottejli bo‘larkanmiz deb, qiyinchiliklarga chidab ishladik», — deydi Shohista Bakirova.

Muyassar Rahimova.
Foto: «Daryo»

«Qishloq qurilish bank»ning Xo‘jaobod filiali 2019-yilning 15-fevral kuni Shohista Bakirova va Muyassar Rahimova bilan qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurishga buyurtmachi funksiyasini amalga oshirish to‘g‘risida dastlabki shartnoma imzolangan. Shartnoma qurilishi davom etayotgan to‘rt qavatli uydan Shohista Bakirovaga ikki xonali, Muyassar Rahimovaga esa uch xonali kvartira uchun tuzilgan.

«Shartnomaga nomiga qo‘l qo‘yib beringlar, bu rasmiyatchilik xolos, degani uchungina imzo chekkanmiz. Chunki bizga kottej berilishini takror-takror aytishgandi. Mart oyida kottejlarni ko‘rsatib, kimga qaysi biri berilishini ham aytishgandi», — dedi Muyassar Rahimova. Shohista Bakirova ham uning fikrlarini qo‘llab-quvvatladi: «Men ham bu nomiga tuzilgan shartnoma deb o‘ylagandim. Mana shu to‘polonlardan keyin iyun oyi boshida sex rahbari menga telefon qilib, bitta ariza yozib bersangiz, ikki xonali kvartirangizni uch xonalisiga almashtirib berilishi mumkin, dedi. Qanday qilib bunday qilish mumkin, bunisiga ham ishongim kelmayapti».

Shartnoma tuzilganidan ikki kun o‘tib, sexning barcha ishchilari bankka borib, hisobraqam ochtirgan. Lekin kottej va’da qilingan 8 xodimning telefon raqamiga hisob ochilgani haqida SMS-xabarnoma kelmagan.

Uy uchun tuzilgan shartnomada u xaridor tomonidan imzolangach, 5 (besh) ish kuni davomida uy-joy qurishga dastlabki badalni shakllantirish uchun bankda ochilgan alohida ochilgan hisobraqamiga uy-joy miqdorining 10 foizi qo‘yilishi lozimligi, yo‘qsa shartnoma o‘z kuchini yo‘qotishi belgilab qo‘yilgan. Ayollarning aytishicha, ularning hisobraqamiga 22 may kuni (Prezident Andijon viloyatida bo‘lib qaytganidan so‘ng) pul o‘tkazilgan.

«Hokimga qarshi chiqishga hech kimning haqqi yo‘q!»

Prezident Andijonga kelib ketgach, Shohista Bakirova va Muyassar Rahimovaga kottej berilmasligi aytilgan. Bundan achchiqlangan Muyassar Rahimova bu «o‘yin» bo‘yicha yuqori idoralarga murojaat qilishini aytgan.

«Sexning kadrlar bo‘yicha mutaxassisi Mavluda opa bu viloyat hokimini buyrug‘i, deb aytdi. Endi uchta bolam bilan ko‘chada qolamanmi, yuqoriga shikoyat qilaman deganimda, qo‘lingdan hech narsa kelmaydi, hokimga qarshi chiqishga hech kimning haqqi yo‘q, dedi. 19-may kuni Mavluda opa uyiga chaqirib, bu siyosat ekanligini, siyosatga aralashmasligimni aytdi. Mavluda opa: Bir paytlar davlat bilan olishib, uchta bolamning o‘ligini suvdan olganman, deb menga tahdid qildi. Keyin esa: O‘zi bir uysiz, ko‘chadagi odam bo‘lsang, ko‘p qavatli uyga ko‘nib qo‘yaver, degandek qildi. Bu gapdan qo‘rqib ketib, 22-may kuni Toshkentga, Prezident qabulxonasiga bordik», — deydi Muyassar Rahimova.

Manzura Yunusova — Andijon viloyati Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi.
Kadr: «O‘zbekiston 24»

Shohista Bakirova va Muyassar Rahimovaga Toshkentda Prezident qabulxonasida bo‘lgan. Qabulxona xodimlari shikoyatimizni eshitib, bunday bo‘lishi mumkin emasligini, viloyat hokimiga uchrashishimiz kerakligini aytdi.

«Andijonga qaytib, hokimning qabuliga kirolmadik — u yerdagilar viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasiga borishimiz kerakligini aytdi. Qo‘mita raisi Manzura opa esa faqat ko‘p qavatli uydan kvartira bera olishlarini aytdi. Keyin hokimning qabuliga uch bolam bilan bordim, kirgizishmadi. Hokim 8 soat deganda tashqariga chiqdi. Hokim nega qabul kuni kelmaganimni so‘radi, qabuliga qo‘yishmaganliklarini aytdim. Meni eshitadigan bormi o‘zi? deb dod-voy qilganimda, hokim: Men ham odamman. Seni eshitmayman, deb javob berdi. Keyin Andijon shahar hokimini chaqirishdi, u ham: Sizga ko‘p qavatli uy ajratilgan ekan, deb javob berdi. Unga bo‘lib o‘tgan voqealarni aytsam, Nega noshukurlik qilasan?! Davlat senga uy berish majburiyatini olmagan, uyni bolalaringni tug‘dirgan otasidan so‘ra, deb haqorat qildi», — deydi Muyassar Rahimova.

Shohista Bakirova «Ozodlik»ga murojaat qilgan hamkasbi Xurshida Tillayeva bilan suhbatlashganida, u hokimlikning odamlari ularni uch kun uy qamog‘iga solib qo‘ygani, qo‘rqib ketishgani va g‘alvalardan qutulish uchun ko‘p qavatdan beriladigan kvartiraga rozi bo‘lganini aytgan. Bo‘lgan voqealar va tazyiqdan qo‘rqib ketgan ayollar 31-may kuni yana Toshkentga, Prezident qabulxonasiga kelgan.

«Qabulxonadagilar: Kiradigan eshikni qattiq yopib bo‘lmaydi, viloyatda yashaysizlar, baribir hokimga uchrash kerak edi deb, viloyat hokimiga uchrashishimiz kerakligini takrorladi. U yerdan chiqib Vazirlar Mahkamasiga bordik. U yerda bizni qabul qilgan xodim ham hayron bo‘lib, Manzura opaga telefon qildi va masalaga oydinlik kiritishni so‘radi», — deydi Muyassar Rahimova.

Shohista Bakirova.
Foto: «Daryo»

«Shu kuni O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Narboyevaning ham qabuliga kirdik. Bizni yaxshi kutib oldi. Andijonda shunday ishlar bo‘lyaptimi, balki tushunmovchilik bo‘lgandir. Men hokim va Manzura Yunusova bilan gaplashib ko‘raman. Nima bo‘lganda ham xunuk ish bo‘libdi. Prezidentimizga yetib borsa, qattiq xafa bo‘ladilar, deb bizni kuzatib qo‘ydi», — dedi Shohista Bakirova.

Xulosa o‘rnida

Shohista Bakirova Andijon shahridagi «Mustaqillik» mahallasida istiqomat qiladi. Ikki marotaba turmushi bo‘lmagan, ikki nafar qizi bilan 20 yildan beri ijara uylarda sarson-sargardon hayot kechirmoqda. Bakirovaning aytishicha, hozir ijarada turgan tor uyida ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan onasi, ikki qizi, singlisi va uning farzandlari bilan jami yetti jon yashashga majbur.

«Ilojsizlikdan farzandlarimni boqish niyatida Rossiya davlatiga bir necha bor borib ishlab keldim. Tirikchilik ko‘yida o‘zimni sog‘lig‘imga ham e’tibor bermabman. To‘rt marotaba jarrohlik stoliga yotib, og‘ir dardlarni boshimdan o‘tkazdim. Sal o‘zimga kelib, O‘zbekistonga qaytganimdan keyin, oshxonalarda farroshlik, salat tayyorlovchi bo‘lib ishladim», — deydi u.

Muyassar Rahimova ham «Mustaqillik» mahallasida istiqomat qiladi. Turmushidan ajrashgan, voyaga yetmagan uch farzandi bor.

«Turmush o‘rtog‘im bilan Rossiyaga borib ishlab, uy soldik. Keyinroq turmushim bo‘lmadi. Sha’riy nikohda bo‘lganim uchun, uyga egalik qilishga haqim yo‘q ekan. Hozir o‘sha uyda chiqib ketish sharti bilan uch farzandim bilan noiloj yashayapman. Bir farzandim oqqon kasalligini boshlang‘ich davrini boshidan o‘tkazgan, boshqasining suyak kasali bor, birisi esa tug‘ma epilepsiyadan aziyat chekadi. O‘zim ham bir marta jiddiy operatsiyani boshdan o‘tkazganman», — dedi Muyassar Rahimova.

Shohista Bakirova va Muyassar Rahimova.
Foto: «Daryo»

Shohista Bakirova va Muyassar Rahimova «Daryo» muxbiriga 8-iyun kuni Toshkentda intervyu berdi. Ular oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, shuncha gap-so‘z ko‘tarilgan bo‘lsa-da, hech qanday o‘zgarish bo‘lmaganini afsus bilan ta’kidladi.

Musulmonbek Ibrohimov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring