Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston bayrog‘ini 266 metr balandlikka ko‘taramiz! Ishchilarga yaxshi sharoit yaratamiz. Turkiyalik sarmoyador va’da berdi (video)

O‘zbekiston bayrog‘ini 266 metr balandlikka ko‘taramiz! Ishchilarga yaxshi sharoit yaratamiz. Turkiyalik sarmoyador va’da berdi (video)

Foto: «Xabar.uz»

Bugun Murad Buildings hamda Turkiyaning ÖzGüven qurilish kompaniyalari rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjuman davomida hamkorlikda quriladigan «Nest One» osmono‘par binosi taqdim etildi va u haqda atroflicha ma’lumot berildi. Bu haqda «Xabar.uz»da avvalroq qisqacha ma’lumot berib o‘tilgan edi.

Tadbir davomida loyihaning umumiy qiymati ma’lum qilindi — 150 million AQSh dollari. Bino qurilishida beton ta’minotini yo‘lga qo‘yish uchun 4 million dollar evaziga Toshkentda alohida beton zavodi qurilmoqda. Bu zavod faqat osmono‘par bino uchun 800 markali beton yetkazib beradi.

Bino balandligi 266.5 metr bo‘lishi avvalroq xabar qilingan edi. «Nasib qilsa biz O‘zbekiston bayrog‘ini 266.5 metr balandlikka ko‘taramiz. Bu biz uchun ulkan sharaf», — dedi bu haqda ÖzGüven kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh injeneri O‘zgur O‘nur O‘zguven.

Shu bilan birga turkiyalik sarmoyadorlar qurilishda ishlaydigan ishchilar xavfsizligi va ta’minoti uchun barcha sharoit yaratilishini va’da berishdi.

Xususan, Xabar.uz muxbiri tomonidan quyidagicha savol berildi: «Toshkentdagi qurilishlarda, xususan, Tashkent Cityda ham ishchilar huquqi buzilishi holati uchramoqda. Oziq-ovqat ta’minoti, xavfsizlik borasida muammolar bor. Afsuski kuni kecha poytaxtdagi qurilishlardan birida fojea ro‘y berdi. Yana ish joyiga bo‘lgan talab yuqori bo‘lgani bois, kam maosh evaziga ishlatish holati uchraydi. Bu borada nima deya olasiz?»

Ushbu savolga ÖzGüven kompaniyasi rahbari quyidagicha javob berdi.

«Bizning loyihamiz «Nest One» deb nomlanadi va u o‘z yo‘nalishiga ko‘ra birinchisi hisoblanadi. Tashkent City xalqaro sarmoya kiritish loyihasi bo‘lib, butun dunyoda uni yaxshi bilishadi. Bu yerda xalqaro kompaniyalar faoliyat olib borishmoqda. Men boshqalar uchun javob bera olmayman, ammo bilishimcha ish sharoiti yetarlicha yaxshi.

Masalan, biz aynan shu masalada ish olib bormoqdamiz va 2000 metr kvadrat joyda aynan ishchilar uchun nafaqat oshxona, balki ijtimoiy himoya hududi qurmoqdamiz. Biz uchun eng muhim turadigan, birinchi savol bu — ishchilarning sharoiti, xavfsizligi va sog‘ligi. Xudo xohlasa men va ishchilarim — hammamiz yaxshi sharoitda ishlaymiz», — dedi O‘zgur O‘nur O‘zguven.

Shu bilan birga anjuman davomida yana bir qator savollarga javob berildi. Loyiha tashkilotchilarining ma’lum qilishicha, «Nest One» osmono‘par binosining yer ostidagi qismi uchun sarflanadigan mablag‘ yer ustidagi qismi uchun sarflanadigani bilan barobar bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring