Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Biznes yuritish osonmi?

Biznes yuritish osonmi?

Foto:«Xalq so‘zi»

Bugungi kunda mamlakatimizda hujjatlarni rasmiylashtirishda jarayonlarni soddalashtirish va muddatlarni qisqartirish yo‘nalishida bir qator islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda. Ularni olish uchun moliyaviy harajatlar ham kamaytirilmoqda. Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilishi mazkur ishlarni amalga oshirishda yanada ko‘mak bo‘ldi.

Statistik ma’lumotlar nima demoqda?

2019-yilning sentyabr oyi holatiga deyarli 7,5 mln ta davlat xizmatlari ko‘rsatildi, yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 15 mln. taga yetkazish kutilmoqda. 

Bundan tashqari, hozirda mavjud bo‘lgan 121 ta davlat xizmatlaridan 80 tasidan bevosita tadbirkorlik sub’yektlari foydalanishi mumkin. Ularning ichida — tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatdan va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, kadastr xizmatlarini ko‘rsatish, loyiha hujjatlarini kelishish, faoliyat turlarini litsenziyalash va boshqalar.

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2017-yilda tadbirkorlik sub’yektlarini birgina davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq 3837 ta davlat xizmati, 2018 yilda esa 14074 ta hamda 2019 yilning sentyabr holatiga 11000 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

E’tiborli jihati, tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish markazlarga borgan holda murojaat qilinganda 30 daqiqadan oshmagan muddatda, tadbirkorning o‘zi buni bevosita internet tarmog‘i orqali amalga oshirganda real vaqt rejimida ro‘yxatdan o‘tish tartibi joriy qilindi.

Qanday yangiliklar mavjud?

O‘tgan davr mobaynida tadbirkorlik sub’yektlariga yanada qulayliklar yaratish va xorijiy investorlarni keng jalb qilish maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan:

– yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida fuqaroning tanlovi bilan banklardagi xizmatlarga ulanish va onlayn hisobraqamini ochish imkoniyati yaratildi;

– registr.uz, my.gov.uz hamda fo.birdarcha.uz saytlarida yuridik shaxslar (nomi, ID raqami, manzili, ro‘yxatdan o‘tgan sanasi, tashkiliy huquqiy shakli), ularning ta’sischilari va direktorlari haqidagi asosiy barcha ma’lumotlar joylashtirildi.

Hozirda ushbu ma’lumotlarni «onlayn» tarzda tadbirkorlik sub’yektining nomi yoki soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami orqali izlash imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, 2019-yilning 1-iyunidan boshlab majburiy ravishdahar bir davlat organlari davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni o‘zlarining ma’lumotlar bazalariga elektron ko‘rinishda kiritib boradilar.

Tadbirkorlik sub’yektlariga ruxsatnoma va litsenziya berish borasida:

- davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilik bazasini takomillashtirish maqsadida 50 dan ortiq xizmatlarni ko‘rsatishning soddalashtirilgan tartibini belgilovchi ma’muriy reglamentlar tasdiqlandi;

- 2018-yil 1-iyundan boshlab tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat berish tartib-taomillarining 70 ga yaqin turlari bekor qilindi;

-  tadbirkorlik faoliyati sub’yektlariga ko‘rsatiladigan 50 ta davlat xizmati muddatlari soddalashtirildi.

- 2019-yil 1-apreldan boshlab tadbirkorlik sohasidagi ayrim faoliyatlarni amalga oshirish uchun vakolatli organlardan oldindan ruxsat olish talabi bekor qilindi.

Tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini tugatish ham soddalashtirildi.

Masalan:

- endi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran bir yil ichida ustav fondi ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda shakllantirilmaganligi uchun tadbirkorlik sub’yektlarini tugatish tartibi bekor qilinadi;

- bir necha davriy bosma nashrlarda korxonaning tugatilishi to‘g‘risida e’lonlar berish talab etilmaydi;

- davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmagan hamda soliq qarzi mavjud bo‘lmagan korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyati tekshirilmaydi.

Bu kabi tadbirlar, albatta, tadbirkorlarga erkinliklar yaratadi.

Mazkur islohotlar xorijiy investitsiyalarni yanada keng jalb qilishga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. O‘tgan 2018-yilda joylardagi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan jami 935 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar (shundan: 578 tasi – qo‘shma korxona, 357 tasi – xorijiy korxona) davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

«Tadbirkorlar resstri» bu o‘zi nima?

Biznes-sherikning ishonchliligi — muvaffaqiyatli faoliyat yuritishning asosiy shartlardan biri.

Shu bois, Buyuk Britaniyaning «Sompanies house UK» ilg‘or tajribasiga asoslangan holda xorijiy investorlar va mamlakatimizdagi tadbirkorlik sub’yektlari foydalanishlari uchun Tadbirkorlik sub’yektlari yagona davlat reyestrining hamma uchun ochiq bo‘lgan platformasi ishga tushirildi.

Natijada investor va boshqa tadbirkorlik sub’yektlari uchun hamkorlik qilishni rejalashtirayotgan tadbirkorlik sub’yektlari to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni «online» rejimida taqdim etib borish imkoniyati yaratildi.

Mazkur platformada investorlar o‘z biznes hamkorlari (yuridik shaxslar) haqidagi – ya’ni, korxona nomi, ro‘yxatdan o‘tgan sanasi, ustav jamg‘armasi miqdori, korxona ta’sischilari haqidagi ma’lumotlarni bepul asosda olishlari mumkin. Ta’kidlash lozim, endi platformada turli parametrlar bo‘yicha global qidiruv berish funksiyasi mavjud (kompaniya nomlanishi, joylashishi, faoliyat turi va hoqazo).

Ishbilarmon sherikni tekshirish uning yaxlitligi va professionalligida amin bo‘lishga ko‘mak beradi va shu bilan firibgarlik faktlarini oldini olish imkonini beradi.

Tez orada my.gov.uz portalida ro‘yxatdan o‘tkazilgan majburiyatlar, hibsga olish yoki boshqa cheklovlar, lizing majburiyatlari to‘g‘risida ma’lumotlar ham joylashtiriladi. Bugungi kunda Davlat xizmatlari agentligi ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun zarur jarayonlarni boshlab yuborgan.

«Investorlar darchasi» ishga tushiriladimi?

Yuqorida aytib o‘tilgan ishlar, albattaO‘zbekistonning xalqaro reytinglarda pozitsiyasini hamda jahon hamjamiyati oldida imidjini yaxshilashga olib keldi. Masalan, «Duing biznes» nufuzli reytingidagi o‘rni va obro‘yini ham o‘sishiga sabab bo‘ldi.

Tadbirkorlikka ilk qadam Davlat xizmatlari markazlaridan boshlanadi — aynan bu yerda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni amalga oshiriladi. Shuning uchun ham ushbu indikator bo‘yicha mamlakatimiz nufuzini yaxshilash yuzasidan Adliya vazirligiga qator vazifalar belgilandi.

Kelgusida mazkur sohada ishlarni yanada rivojlantirish orqali davlat xizmatlarini soddalashtirish va aholiga qulayliklar yaratish ko‘zlangan.

Unda:

- Davlat xizmatlarini 2021-yilga qadar 160 taga yetkazish, xizmatlarni ko‘rsatishda elektron hujjat aylanishini to‘liq joriy qilish, xizmatlarni nomarkazlashtirishga erishish;

- foydalanishga topshirilayotgan yangi zamoanviy Davlat xizmatlari markazlarida «Investorlar xonasi» tashkil etilmoqda.

Bundan tashqari, 20 dan ortiq davlat organlari tegishli qog‘oz ko‘rinishidagi ma’lumotnoma va hujjatlarniraqamlashtirish va Elektron hukumat tizimiga integratsiya qilish rejalashtirilgan.Ushbu orqali, muayyan davlat xizmati uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni boshqa davlat organlaridan fuqaroni ovora qilmasdan, mustaqil ravishda elektron tizim orqali olish imkoniyati yaratiladi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda biznes va tadbirkorlik uchun yaxshigina imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilmoqda. Samarali biznes olib borish uchun imtiyozlar berilib, ma’muriy jarayonlar ancha soddalashtirilmoqda.

Davlat xizmatlari agentligi
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring