Bosh prokuratura delegatsiyasi Qirg‘iziston moliyaviy politsiyasi bilan uchrashdi

Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish davlat xizmati (Moliyaviy politsiya) raisi Z.Osmonovning taklifiga binoan 2018-yil 27-29-mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i A.Mavlonov rahbarligidagi delegatsiya Bishkek shahriga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Qirg‘iziston Moliyaviy politsiyasining iqtisodiy sohada davlat manfaatlarini ta’minlash, tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi faoliyati bilan tanishdilar. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.
O‘z navbatida, qirg‘iz tomoni O‘zbekistonda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda Bosh prokuratura huzuridagi departament faoliyati bilan batafsil tanishtirildi.
Tomonlar Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida 2017-yil 5-oktabr kuni imzolangan Idoralararo hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashishdi.
Xususan, faoliyatning aniq yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikdagi tadbirlarni tashkil etish, mavzuga doir tadqiqotlar o‘tkazish hamda o‘zaro manfaatli boshqa masalalar muhokama qilindi.
Tashrif yakunida tomonlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlikning yuqori darajada ekanligi qayd etilib, idoralararo hamkorlikni yanada kengaytirish borasidagi ishlarni faollashtirishga kelishib olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter