Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari qo‘lga olindimi? (video)

Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari qo‘lga olindimi? (video)

Toshkent viloyati prokurori Ulug‘bek Sunnatov (chapdan birinchi) va viloyat IIB boshlig‘i Saidkarim Nishonboyev xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi sessiyasida. 2018 yil,5 yanvar

Foto: «Uznews.uz»

Yaqinda O‘zbekistonning sobiq Bosh prokurori Rashidjon Qodirov hibsga olingani va unga nisbatan Jinoyat kodeksining bir nechta moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan edi.

Ushbu xabarlar ortidan esa sobiq Bosh prokurorga yaqin yana bir qancha shaxslar ham qo‘lga olingani va ayni kunlarda tergov qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Hibsga olingani aytilayotganlar orasida Rashidjon Qodirovning sobiq o‘rinbosari, Toshkent viloyatining sobiq prokurori Ulug‘bek Jalilovich Sunnatov ham borligi aytilmoqda.

Ulug‘bek Sunnatov 1994-yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Chirchiq shahar prokuraturasida ish o‘rganuvchilikdan boshlab, prokuror yordamchisi, katta yordamchisi kabi lavozimlarda ishlagan. Keyin Toshkent viloyati prokuraturasida, Bosh prokuratura hamda Toshkent shahar prokuraturasida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan, Sirg‘ali tumani prokurori, Toshkent viloyati prokurorining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2008-yildan 2013-yilgacha Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Ulug‘bek Sunnatov 2013-yilda ham Bosh prokuror o‘rinbosari sifatida ishlagan va 2014-yilda Qashqadaryo viloyati prokurori bo‘lgan. Orasidan biroz muddat o‘tgach, 2014-yilning o‘zida viloyat prokurorligidan yana Bosh prokuror o‘rinbosari — Qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshliqligiga qaytgan. U Bosh prokuror yordamchisi bo‘lgunga qadar Bosh prokuratura tizimidagi Iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasiga rahbarlik qilgani haqida ham ma’lumotlar bor. 2017-yilning 21-noyabrida Bosh prokuror o‘rinbosarligidan bo‘shatilib, Toshkent viloyati prokurori lavozimiga tayinlangan edi.

U.Sunnatov joriy yilning 5-yanvarida «o‘z ishiga mas’uliyatsizligi, xizmat vazifasiga sovuqqonligi va faoliyatida yo‘l qo‘ygan xatolari» tufayli egallab turgan lavozimidan ozod qilingan edi.

Yana bir qiziq ma’lumot: sobiq bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari o‘tgan yilning 1-fevralida O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi rahbari etib saylangan va shu paytga qadar jamoatchilik asosida ushbu vazifani bajarib kelayotgan edi. Tashkilot rasmiy saytida ham hamon aynan Ulug‘bek Sunnatov rais sifatida ko‘rsatilgan. Ammo assotsiatsiya vakillari bilan bog‘langanimizda «sayt anchadan beri yangilanmagani va hozirda U. Sunnatov bu lavozimda ishlamayotgani» aytildi. Uning aynan qachon bu lavozimdan ketgani haqidagi savolimiz esa javobsiz qoldi.

Bosh prokuratura ham ushbu xabarlarga izoh berishdan tiyilmoqda. Muxbirimizning qo‘ng‘irog‘iga prokuratura matbuot xizmati vakillari «hozircha bu bo‘yicha aniq va rasmiy ma’lumot yo‘qligi, bunga oid biror yangilik bo‘lishi bilan albatta xabar qilishi»ni ta’kidlashdi. Ammo o‘z manbalarimiz ushbu xabarlar haqiqatan u qadar yiroq emasligini aytishmoqda.

«Xabar.uz» voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring