Buxoroda tilla kukuni bor tosh va qumlarni qayta ishlaydigan yashirin sex aniqlandi
Buxoroda tarkibida tilla kukuni bo‘lgan tosh va qumdan tilla zarrachalarini ajratib olib, uni qayta ishlab, oltin holatiga keltirishga mo‘ljallangan yashirin korxonalar faoliyat yuritayotgani aniqlandi. Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, «Buxoro xududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyatining Shofirkon tuman bo‘limi xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosini ta’minlash bo‘yicha tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida tumanning «Nazarobod» qishlog‘ida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan I.U. xonadonida haddan ziyod elektr energiyasidan foydalanilayotgani aniqlangan. Birgina oilada buncha katta quvvatli elektr energiyasining sarflanib kelinayotgani va to‘lovlarning amalga oshirilmayotgani shubhaga solgan. Tadbirga huquq-tartibot idoralari vakillari ham jalb qilingan.
O‘rganuv davomida I.U. o‘zining yashash xonadonida yashirin sex tashkil etib, tegishli shartnomalar tuzilishini ta’minlamasdan, tarkibida tilla zarralari bor toshlarni maydalashga hamda kukunni tozalashga mo‘ljallangan, 18,5 kVt quvvatga ega bo‘lgan uskunani elektr tarmog‘iga noqonuniy ulab, foydalanib kelayotganligi aniqlangan.
«O‘zenergoinspeksiya» Buxoro hududiy bo‘limi mutaxassislarining bergan xulosasiga ko‘ra, ushbu fuqaro tomonidan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib kelgan. U 383,62 kVt/soat elektr energiyasidan noqonuniy tarzda foydalanib kelgani natijasida davlat manfaatlariga 130.838.400 so‘mlik zarar yetkazgan.
Ma’lumot o‘rnida: «Navoiy tog‘-kon metallurgiya» kombinati tarkibida tilla kukuni bo‘lgan katta miqdordagi bunday qum uyumi va toshlarni Zarafshon cho‘l tizmasining belgilangan hududida to‘plab boradi. Bu qum va toshlar tog‘i kelajakda tarkibidan tilla ajratib olish va yana qayta ishlov berishga mo‘ljallangan.
Bundan bir necha yil ilgari Shofirkon tumanidagi Nazarobod, Qayrog‘och, Bog‘ishamol va Pattaxon MFYda yashovchi 30 nafardan ortiq fuqaro shunday qum va toshlarni aylanma yo‘llar orqali tashigani, ular uzoq vaqtdan buyon qum tarkibidan tilla zarrachalarini ajratib olib, uni quyma oltin holatiga keltirishga mo‘ljallangan yashirin sexlardan foydalanib kelishgani fosh etilgan edi.
Yuqorida aniqlangan holat yuzasidan esa «tadbirkor»ga tegishli bo‘lgan barcha jihozlar tegishli tartibda ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 165-moddasi bo‘yicha 30 nafar fuqaroga nisbatan qonunda belgilangan jazo choralari qo‘llanilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 185 /2-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter