Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda Turkiya sog‘liq bilimlari universiteti filiali va klinikasi ochiladi

Buxoroda Turkiya sog‘liq bilimlari universiteti filiali va klinikasi ochiladi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkiya Sog‘liq bilimlari universiteti rektori, professor Jevdet Erdol boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mamlakatimizning tibbiyot oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirok etgan muloqotda tibbiy ta’lim sohasida aloqalarni yanada kengaytirish va rivojlantirish, hamkorlikda ilmiy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston tibbiyot oliy o‘quv yurtlari hamda Turkiya Sog‘liq bilimlari universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi. Jumladan, tomonlar bakalavr va magistrantlarning akademik almashinuvini tashkil etish, professor-o‘qituvchilar va doktorantlar uchun malaka oshirish, turk universitetining filiali bazasidagi shifoxonalarda yozgi amaliyot o‘tash va qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish borasida qator kelishuvlarga erishdi.

Bundan tashqari, 2019/2020 o‘quv yilida Buxoro davlat tibbiyot instituti bazasida Turkiya Sog‘liq bilimlari universiteti qoshidagi Oliy tibbiyot maktabining filialini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Buxoro davlat tibbiyot instituti hududida mazkur tibbiyot universitetining klinikasi ham ochiladi.

1903 yilda tashkil etilgan mazkur universitet Turkiyadagi yagona ixtisoslashgan tibbiyot universiteti, shuningdek, Yevropaning yetakchi ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring