Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Chilpiq, Tuproqqal’a va Ayazqal’alarni bilasizmi? (foto)

Chilpiq, Tuproqqal’a va Ayazqal’alarni bilasizmi? (foto)

Foto: Madaniyat vazirligi matbuot xizmati

Qoraqolpog‘iston Respublikasiga tashkil etilgan press-turning birinchi kuni Amudaryo viloyatining mashhur madaniy meros ob’yekti «Chilpiq» tepaligini o‘rganishdan boshlandi. Madaniyat vazirligi matbuot xizmati ushbu sayohat haqida reportaj tayyorladi.

Mazkur qadimgi Zardushtiylik yodgorligi - Dahmiy Chilpiq (Shilpiq, Chilpiq-qal’a) yoshi 2200 yildan ortiq. Chilpiq - bu 15 metr balandlikdagi 65 metr diametrga ega tomsiz dumaloq minora bo‘lib, Nukusdan 43 km masofadagi tabiiy yassi tepalikning cho‘qqisida joylashgan. Mazkur tepalik Zardushtiylar davrida murdalarni minora ichida yovvoyi qushlarga yem uchun qoldiriladigan joy bo‘lgan. Keyinroq, suyak qoldiqlari yerga ko‘milgan. Ushbu dafn etish usuli zardushtiylik falsafasi bilan bog‘liq bo‘lib, jasad qoldiqlari bilan yerni zararlantirishni tahqirlaydi. Keyinchalik Xorazmshoxlar davrida ushbu yodgorlik minora sifatida foydalanilgan.

Bu yerlarga arablarning kelishi (VII asr) bilanoq, minora qayta qurilgan, so‘ngra, IX-X asrlarda Qadimiy Xorazmning gullagan vaqtlarida yana ta’mirlangan. Bir qator tadqiqotchi olimlarning fikricha, xorazmliklar Chilpiqdan Xorazmshohlar davlatining boshqa qal’alari bilan bir qatorda xabar yetkazish va mudofaa minorasi sifatida foydalanishgan. «Chilpiq» Qoraqalpog‘istonning yorqin yodgorliklaridan biri hisoblanib, hatto respublika gerbida ham uning tasviri aks ettirilgan.

Bilasizmi, ushbu yodgorlikning hozirgi kundagi holati achinarli albatta, ammo u o‘ziga sayyohlarni jalb etuvchi maskandir, chunki aynan zardo‘shtiylar davridan saqlanib qolgan ushbu tepalikni ko‘rish va yuqoridan hududni tomosha qilib, uning tarixini eshitishga ko‘pchilik oshnodir. Biz press-tur ishtirokchilari ushbu tepalikka chiqayotganimizda, haqiqatdan ham u yerda qandaydir sir-sinoatlar borligiga amin bo‘ldik, tor yo‘lak bo‘ylab tepalikni zabt etdik. Tabiat xodisalaridan o‘sha davrdan loy-paxsalardan qurilgan yodgorlikning taxminan 20-30 foizi saqlanib qolgan. Quvonarlisi shu bo‘ldiki, tepalikda bir qator xorijlik sayyohlar bilan uchrashib, ushbu tepalik haqida savol berganimizda, bizga O‘zbekistonga ilk bora safar uyushtirgani va aynan Qoraqalpog‘iston hududida joylashgan qal’alarni ko‘zdan kechirishni niyat qilgani va barcha qal’alarning tarixini o‘rganishgani to‘g‘risida ma’lumot berishdi.

Shu bilan birga, Amudaryo viloyati mutassadi xodimlari bizga «Chilpiq»ning yangi ko‘rinishi borasidagi loyiha hujjatlari bilan o‘rtoqlashishdi. Turizmni rivojlantirish maqsadida yaqinda «Chilpiq» yodgorligi yonida xunarmandlar o‘tovlari, avtoturargoh joyi va tepalikka chiqish uchun maxsus zinapoyalar barpo etiladi.

Shundan so‘ng Ellikqal’a tumaniga yo‘l oldik, bu yerda biz «Tuproq-qal’a» yodgorligini o‘rgandik. Tarixiy yodgorlik miloddan avvalgi I-IV va VI asrlarga tegishli. «Tuproq-qal’a» 1938 yil S.P.Tolstov ekspeditsiyasi tomonidan kashf etilgan.

«Tuproq-qal’a» tuzilishi to‘g‘ri to‘rt burchak shaklida bo‘lib, 17,5 ga yer maydoni teng, unda 2000-2500 kishi istiqomat qilgan. Shahar gumbazsimon yo‘lakli va burjli mudofaa devori bilan o‘ralgan. Shaharning ichida joylashgan xonadonlarning orasidagi yo‘laklar juda tor bo‘lib, g‘ishtlarga tushirilgan tamg‘alar orqali yashagan jamoalarning qaysi uruqqa mansubligini aniqlash mumkin bo‘lgan. Hayratlanarlisi shuki, tashqari devorlarning qalinligi 7-9 metrga teng bo‘lgan. Shaharni arxeologik qazish jarayonida 100ga yaqin turar joy va 8ta saroy zali aniqlangan. Zallar bo‘rtma naqshlar va rangli xaykallar bilan jixozlangan.

«Tuproq-qal’a» eramizning I-IV asrlarida Xoraz davlatining poytaxti hisoblangan. Shahar tarixi to hozirgi kunga qadar o‘rganilmoqda. Arxeologik yodgorlikka chiqish uchun zinapoyalar barpo etilgan. Chunki, zinalardan avval, loysimon yo‘laklar noqulayliklar tug‘dirgan.

Ammo yodgorlikni konservatsiya qilish davrida ilmiy kengash bilan kelishilmagan holda ish olib borilgan va oqibatda yemirilib borayotgan devorlarni o‘rnatilgan qoidasi bo‘yicha ta’mirlanmagan. Bu masala ommaviy axborot vositalarida mart-aprel oylarida keng tus olgan edi. Hozirda barcha konservatsiya ishlari to‘xtatilgan.

Kunning ikkinchi yarmida OAV vakillari bilan «Ayazqal’a» madaniy meros ob’yektiga tashrif buyurdik. Ma’lumki, milodimizning I asr ohiri va II asrlarida Xorazm Kushonlar imperiyasi tarkibiga kirgan. «Ayazqal’a» uch kompleksdan iborat bo‘lgan. «Ayazqal’a-1» qo‘rg‘oni 60 metr baland tog‘ qoyasi tepasida tekislikda xom g‘isht bilan qurilgan. S.P.Tolstovning fikriga qaraganda «Ayazqal’a»da hayot milodimizning III-IV asrlarigacha davom etgan. Bu yerda arxeologik qazish ishlari olib borilganda II asrda zarb qilingan tangalar topilgan.

«Ayazqal’a-2» qo‘rg‘oni eramizning IV-VIII asrlarida barpo bo‘lgan va qurilish ishlari IX asrga qadar davom etgan. Ya’ni, qal’a Sulton Uvays tog‘i va Qizilqum tomonlaridan kelgan ko‘chmanchi-bosqinchilaridan himoya qilish maqsadida qurilgan. Uning pastki qismida «Ayazqal’a-3» qo‘rg‘oni qurilgan, unda topilgan 2ta tegirmon hozirda Ellikqal’a tuman tarix va arxeologiya muzeyida saqlanmoqda.

«Ayazqal’a» qo‘rg‘onlarini ko‘zdan kechirayotgan vaqtimizda xorijiy sayyohlarning biri bilan suhbat uyushtirdik. U Buyuk Ipak Yo‘lida joylashgan barcha madaniy meros ob’yektlari xaritasini shakllantirayotganini aytdi. Xaritaga kiritilayotgan har bir ob’yektni o‘zi o‘rganib, ularning tarixi va joylashgan joyini shaxsan bilishi lozimligini aytib o‘tdi.

Qo‘rg‘onning yonida 20 ta o‘tovdan tashkil topgan sayyohlar uchun maxsus turar joylar tashkil etilgan. Barcha xizmat turlari kiritilgan, ayniqsa tabiat qo‘ynida dam olish istaganlarga bu maskan yoqishi aniqdir.

Xullas, madaniy meros ob’yektlarimiz tarixi borasida ko‘plab rivoyatlar eshitdik. Bularni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz va xis etishingizni tavsiya qilamiz.

M.Asqarxo‘jayeva
Madaniyat vazirligining matbuot kotibi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring