Fanlar akademiyasi institutida milliy Radonometr ixtiro qilindi
2021 yilning aprel oyida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida ishlab chiqilgan milliy Radonometrga «O‘zstandart» agentligining sertifikati olindi.
Bu institutning mustaqillik yillaridagi tarixida milliy o‘lchov vositasiga olingan ilk sertifikati bo‘ldi.
Ushbu Radonometr RR-4M o‘lchash vositasi havo, suv hamda tuproqda radon gazlarining hajmiy faolligini o‘lchashga mo‘ljallangan. Bunday o‘lchov vositasi sog‘liqni saqlash, ekologiya, tog‘-kon metallurgiya hamda radiatsion nazoratni baholash sohalarida keng qo‘llaniladi.
– Milliy Radonometrimizning bitta nusxasi xo‘jalik shartnomasi doirasida Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga (NKMK) yetkazib berilib, hozirda mamlakatimizning eng yirik korxonasida shaxta va boshqa ob’yektlarning radiatsion nazoratini amalga oshirishda muvaffaqiyatli tatbiq etilyapti, – deydi O‘zFA Fizika-texnika instituti direktori, fizika-matematika fanlari doktori, professor Xusniddin Olimov. – «O‘zstandart» agentligining sertifikati institutga NKMK va mamlakatimizning boshqa korxonalariga yillik talabnomalar bo‘yicha tijorat shartnomalari asosida Radonometrlarni ishlab chiqish va yetkazib berish imkoniyatini taqdim qildi. Ishlab chiqilgan milliy Radonometr ekspluatatsiyada oson bo‘lib, Rossiya hamda horijiy Radonometr analoglaridan kamida 5-6 barobar arzon va texnik xarakteristikalari bo‘yicha ulardan qolishmaydi.
Shu yilning mart oyida Fizika-texnika instituti hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati o‘rtasida institutda takomillashgan Radonometr, materiallarda alfa hamda gamma nurlanishlarining kichik faolliklarini o‘lchashga mo‘ljallangan Alfametr va Gammametr o‘lchov vositalarini ishlab chiqish bo‘yicha xo‘jalik shartnomasi imzolandi. Takomillashgan Radonometr, Alfametr hamda Gammametr kichik o‘lchovli (kompakt) hamda onlayn tartibda ishlaydigan bo‘lib, kombinatga joriy yilning noyabr oyigacha yetkazib beriladi.
Institutda o‘lchov vositalarini ishlab chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 martdagi “Fizika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5032-qaroriga muvofiq olib borilmoqda. Ushbu qarorda, jumladan, Fizika-texnika institutida ilm-fan ulushi ko‘p bo‘lgan mahsulot namunalarini tayyorlash, laboratoriya va tajriba sinovlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan tajriba-eksperimental uchastkasini tashkillashtirish belgilangan.
Usmonjon Yo‘ldoshev,
«Xabar» muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter