Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada 4 farzandning onasi 11 oydan beri komada yotibdi

Farg‘onada 4 farzandning onasi 11 oydan beri komada yotibdi

Foto: «Turon24»

Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida to‘rt farzandning onasi Madina Yo‘ldosheva 11 oydan buyon komada yotibdi. Bu haqda uning onasi Gulchehra Nazarova «Turon24»ga ma’lum qilgan.

«Qizim Yo‘ldosheva Madina 1989-yilning 5-sentyabrida tug‘ilgan. Bo‘ylari baland va sog‘lom qiz bo‘lib voyaga yetgan. Qo‘shni qishloqqa kelin bo‘lib tushib, uch farzand ko‘rdi. 2018-yil 6-fevralda, to‘rtinchi farzandini tuqqan kuni shifokorlarning e’tiborsizligi sababli komaga tushib qoldi. Mana, 11 oydirki, qizim hushiga kelmayapti», – deydi Gulchehra Nazarova.

Tuman tibbiyot birlashmasi rahbarining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Mamajonovning aytishicha, Madina Yo‘ldoshevaning kasalligi apallik sindromi deb ataladi.

«Tug‘ruq paytida ko‘p qon yo‘qotilgani natijasida klinik o‘lim yuz bergan, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari Asrorjon Rahimov. – Bemorga berilgan tez tibbiy yordam tufayli uning hayoti saqlab qolingan. Ammo miya po‘stlog‘ida klinik o‘lim holatlarida apallik sindrom rivojlanadi».

«Qizim Madina o‘sha kuni vrachlarning e’tiborsizligi tufaydi shu holatga tushdi deb o‘ylayman, – deydi bemorning onasi Gulchehra Nazarova. – Chunki u tuqqanidan so‘ng qarovsiz qolgan. Qon keta boshlaganidan so‘ng shifokorlar uni operatsiyaga olishdi. Operatsiya jarayonida qizim shu holga tushib qoldi. Ana o‘ziga keladi, mana o‘ziga keladi deb bizni uch kun aldashdi. Keyin 11 kunda o‘ziga keladi deyishdi. Ammo mana 11 oydirki, bolam behush. Eng yomoni, qizimga o‘zim qarayapman. Farzandlari har joyda sarson. Katta qizi Shodiyona 4-sinfda o‘qiyapti. Shahodat 2-sinfda. Murodulla 6 yosh, kichik qizi Xadichaxon 11 oylik. Kattalariga otasi, ammalari, qizimning ovsini qarayapti. Xadichaxonni esa katta ammasi Surxondaryo viloyatiga olib ketgan. Har shanba kuni bolalarni olib kelamiz, ular kelsa, qizim sezadi. Bolalariga qarab yig‘laydi. Hamma narsani sezib yotadi. Shifokorlar uni 2018 yilning iyun oyigacha shifoxonada saqlab berishdi. So‘ngra «uyingizga olib ketsangiz, uydagi muhitni sezib, ochiq havodan nafas olib, tuzalib ketadi» deb uyga majburan ruxsat bervorishdi. Men «Qizimni soppa-sog‘ olib kelganman, qachon o‘ziga kelib, sog‘aysa, keyin olib ketaman», desam ham shifokorlar meni aldashdi».

Onaning yana bir e’tirozi tuman tibbiyot birlashmasi rahbarlari qizini Toshkent shahridagi nevrologiya ilmiy-tekshirish markaziga olib borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tishi uchun bepul order olib bermayotgani haqida bo‘ldi.

«11 oydan buyon hamma narsamizni sotib, shu qizimning sog‘ayishi uchun harakat qilyapmiz. Yordam so‘rab bormagan idoram qolmadi. Tibbiyot xodimlari loaqal bir martalik order olib berishmayapti. Hamma hujjatlarni Asrorjon degan do‘xtir olib ketgan edi. Asrorjondan order haqida so‘rasak, u «hujjatlar Umid akada, o‘sha kishi Farg‘onaga olib ketgan. Sizlarga tez kunda bir martalik order to‘g‘rilab beramiz» dedi. Ammo hujjatlarni ham, orderni ham olmadik», – deydi Gulchehra Nazarova.

Buvayda tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Asrorjon Rahimov tez orada bemorga tekshiruvlardan bepul o‘tishi uchun bir martalik order berilishini aytgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring