Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ijtimoiy davlat barpo etishning asosiy poydevori

Ijtimoiy davlat barpo etishning asosiy poydevori

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda aholini kuchli ijtimoiy himoya qilishga yo‘naltirilgan siyosat olib borildi.

Xususan, oxirgi yillarda joriy etilgan “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari fikrimizga yaqqol dalildir. Bunda aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning munosib hayot kechirishlari uchun sharoit yaratish, aholining bandligini ta’minlash va uning daromadlarini oshirish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, aholining turmush sharoiti va sifati jihatdan tabaqalanishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismiga davlat tomonidan kafolatlar tizimi orqali yordam ko‘rsatishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, ishsizlikdan himoyalanish, kafolatlangan sifatli ta’lim berish, malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Alohida tahsinga sazovorlisi, fuqarolarning huquqiy manfaatlarini ta’minlash hamda yillar davomida aholini qiynab kelgan muammolarni hal etish maqsadida mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan Prezidentning Xalq va Virtual qabulxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, aholining murojaatlari davlat organlari faoliyatining diqqat markazida bo‘ldi. Bu kabi islohotlar va xalqchil chora-tadbirlar “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan chinakam xalqparvarlik tamoyili asosida amalga oshirilmoqda.

Yurtimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ulkan islohotlar natijasida aholining daromadlari izchil o‘sayotgani, odamlarning shaxsiy uy-joy va sifatli iste’mol tovarlari bilan ta’minlanayotgani, yashash uchun zarur infratuzilmaning kengayib borayotganida namoyon bo‘lmoqda. Buning isbotini odamlar hayotida, turmushida his qilayotgani va buni hozir har qadamda e’tirof etayotgani misolida ham ko‘rish mumkin.

Mamlakatimizda olib borilayotgan bunday keng ko‘lamli islohotlarni yanada mustahkamlash, ularni qonun hujjatlarida aks ettirilishi bo‘yicha ko‘plab taklif-tavsiyalar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda uni zamon talablariga mos ravishda yangilash masalasi kun tartibiga qo‘yildi va hozirda Asosiy qonunimizga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq masala jamoatchilik muhokamasi markazida bo‘lib turibdi.

Ta’kidlash o‘rinliki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining eng muhim jihati, uning mamlakatimizda bozor munosabatlariga asoslangan ijtimoiy jamiyat qurishga qaratilganligidadir. Bosh qomusimiz O‘zbekistonda huquqiy-demokratik jamiyat qurishning asosiy garovidir. Konstitututsiyaga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ilgari surilgan takliflar muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ular asosan “ijtimoiy davlat qurish” tamoyilini mustahkamlashga qaratilgan. Biroq, e’tiborlisi shundaki, taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar O‘zbekistonda ijtimoiy soha va fuqarolar erkinliklarini ta’minlash yo‘lidagi taraqqiyotning boshlang‘ich nuqtasi emas, balki o‘tgan davr mobaynida amalga oshirib kelinayotgan islohotlarni yanada kengaytirish uchun mustahkam bir zamindir.

Ma’lumki, ijtimoiy davlat har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat prinsiplari asosida munosib yashash sharoitlarini yaratib beradi. Ijtimoiy davlat ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish bo‘yicha samarali siyosat olib boradigan davlat modelidir.

Ijtimoiy davlat muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur bo‘lgan iste’mol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qo‘yilishini nazarda tutadi. U shaxs va uning oilasi munosib hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi, bandlikni ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambag‘allikni qisqartirishni talab qiladi. Shu bilan birga, ishsizlikdan himoyalanish, kafolatlangan sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam, barcha uchun teng imkoniyatlar, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ham ijtimoiy davlatning asosiy vazifasidir.

Ijtimoiy davlatda aholining ehtiyojmand qatlamlarini uy-joy bilan ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bejizga, “Uyi borning tashvishi yo‘q, uning boshpanasi bor” degan naql xalqimiz orasida bejizga aytilmagan. Ta’kidlash o‘rinliki, so‘nggi besh yilda mamlakatimizda 500 mingga yaqin uy-joylar qo‘rilib, foydalanishga topshirildi. Aholining ehtiyojmand qatlamlarining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bo‘yicha birinchi marta ayollar va yoshlarga, ehtiyojmand oilalarga subsidiyalar ajratish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha kelib tushgan ko‘plab takliflar asosida bosh qonunimizda fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish, uning daxlsizligini kafolatlash, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, muhtoj toifalarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha davlatning majburiyatlarini mustahkamlash bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, har qanday inson uchun muhim va muqaddas qadriyat – bu uning oilasidir. Sog‘lom va mustahkam oila – davlat tayanchi va jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir. Bugungi globallashuv zamonida oila institutini har tomonlama himoya qilish, qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash uchun munosib shart-sharoitlar yaratib berish zarurati tobora kuchaymoqda. Bosh qomusimizda oila institutining konstitutsiyaviy asoslarini rivojlantirish maqsadida “oila ayol va erkakning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligi asosida shakllanishi”, jamiyatning tabiiy va tayanch bo‘g‘ini, jamiyat va davlatning alohida himoyasida ekani mustahkamlab qo‘yilishi taklif etilmoqda. Bunda, davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun zarur ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlarni yaratishi, ko‘p bolali oilalarga qonunga muvofiq imtiyoz va ijtimoiy kafolatlar yaratib berishi bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlanmoqda. Bu orqali oilaning iqtisodiy va ma’naviy asoslari yanada mustahkam bo‘lishiga erishish mumkin.

Bundan tashqari, Bosh qomusimizda yoshlarning manfaatlari, ularning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida o‘z aksini topishi zarurligi ta’kidlanmoqda. Bunda davlat iqtidorli yoshlarni, ularning moddiy ahvolidan qat’i nazar, doimo qo‘llab-quvvatlashini mustaqil qoida sifatida belgilab qo‘yilishi taklif etilmoqda. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish bo‘yicha davlat siyosatini konstitutsiyaviy asosda mustahkamlash maqsadida Bosh qomusimizga “Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarzi tamoyillari asosida ma’naviy va axloqiy yetuk insonlar etib tarbiyalash uchun zarur sharoitlarni yaratadi” degan bandni kiritilishi taklif etildi.

Shuningdek, konstitutsiyamizga “Ota-onalar o‘z farzandlari voyaga yetguniga qadar ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lig‘i, to‘laqonli va barkamol rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish huquqiga ega va bunga majburdir”, degan qoidani kiritish taklifi yosh avlodning barkamol bo‘lib ulg‘ayishida mas’uliyatni yanada oshirish bo‘yicha ijtimoiy siyosatning belgisi deb baholash mumkin.

Konstitutsiyamizga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha bildirilayotgan takliflar orasida inson salomatligi va sog‘liqni saqlash bo‘yicha konstitutsiyaviy kafolatlarni yanada kuchaytirish yuzasidan takliflar alohida ahamiyatga egadir. Amaldagi konstitutsiyamizda belgilangan “Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”, degan umumiy norma kengaytirilishi zarurligi aholidan kelib tushgan ko‘plab takliflarda bildirilgan. Shu o‘rinda ta’kidlash o‘rinliki, ijtimoiy davlatning asosiy vazifalaridan biri, shak-shubhasiz, o‘z aholisining sog‘lig‘i haqida qayg‘urishdir. Zero, faqat sog‘lom xalq va millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi.

Bosh qomusimizga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishning keyingi asosiy yo‘nalishi mamlakatimizda imkoniyati cheklangan fuqarolarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga teng sharoitlarni yaratish borasidagi davlat siyosati mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarishdir. Ta’kidlash joizki, bugungi kunda yurtimizda 1 millionga yaqin imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan fuqarolarimiz hayot kechirmoqda. Ularning jamiyatdagi mavjud imkoniyatlardan teng foydalanishlari, harakatlanishlari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport, bandlik, reabilitatsiya, siyosiy-ijtimoiy hayotda teng ishtirok etishlari bilan bog‘liq huquqlari ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Endilikda, Bosh qomusimizga nogironligi bo‘lgan insonlar – jamiyatning to‘laqonli a’zolari, degan tamoyil negizida ularningkonstitutsiyaviy huquq va kafolatlarini belgilab qo‘yish taklifi bildirilmoqda. Jumladan, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har qanday shaklda ajratib qo‘yish, ularning huquqlarini cheklash, ob’yektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan bosh tortish taqiqlanadi. Davlat ularning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni va teng imkoniyatlarni yaratadi. Alohida e’tiborga muhtoj bo‘lgan bolalar uchun ta’lim muassasalarida inklyuziv ta’lim tashkil etiladi” degan qoidalarni kiritish bo‘yicha takliflar berilmoqda.

Konstitutsiyaning bir qator moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha bildirilgan takliflardan xulosa shuki, mamlakatimizda insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi, manfaatlari ulug‘lanadigan ijtimoiy jamiyat barpo etishdan iboratdir. Konstitutsiyaviy islohotlarning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuv bundan buyon barcha sohalarda asosiy tamoyil bo‘lishiga erishish konstitutsiyaviy islohotlarning bosh maqsadidir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring