Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kaltabin hokimning chayon solig‘i

Kaltabin hokimning chayon solig‘i

Toju taxtga da’vogarlar ko‘p, ammo Qo‘qon xonligi mingboshisi Musulmonqul butun davlat siyosatini o‘z qo‘liga olgan, tizginning changaldan chiqmasligi uchun yosh shahzodani taxtga chiqarishni ma’qul ko‘rar edi. U hiyla-nayrang ishlatib, marhum Sheralixonning katta o‘g‘li Sarimsoqbekni Qo‘qonga taklif qildi-da, taxt havaskori bo‘lgan bekni maxfiy ravishda o‘ldirtirib yubordi...

Taxtga endigina 16 yoshga kirgan Xudoyorxonni chiqargan Musulmonqul Sarimsoqbek o‘rniga Toshkent hokimi qilib Azizbekni tayinlatadi. Shu tarzda 1845-yili xalq o‘rtasida Azizbacha nomi bilan tanilgan asli chustlik bek Toshkentga hukmdorlik qila boshlaydi.

Bu paytda Qo‘qon xonligida ichki parokandalik kuchaygan, hali o‘spirin bo‘lgan Xudoyorxon nomidan davlatni Musulmonqul mingboshi boshqarar edi. Aynan Musulmonqulga sadoqat bilan xizmat qilib, Toshkent hokimligini egallagan Azizbek o‘zini g‘oyat mustahkam o‘rnashgan hukmdor sifatida tutardi.

Tarixchi olim Mulla Mahdum Hojining yozishiga ko‘ra, «Azizbachchaning zulmi shul darajada ekankim, Toshkand fuqarolaridin qay bir odamni O‘rdaga, Azizbachcha huzuriga chaqirsa, ul chaqirilgan odam begunoh bo‘lsa ham albatta, mani o‘ldiradur, deb xotun, bola-chaqasi bilan vidolashib ketar ekan».

Hokimning zulmi shu darajaga yetdiki, o‘ziga qarshi fikr bildirgan yoki yomon ko‘rib qolgan ba’zi badavlat kishilarni ham o‘ldirib, boyliklarini o‘z hisobiga ola boshladi. Toshkent zindoni shu tariqa to‘lib ketdi.

Bir kuni hokim Iso Muhammad ismli savdogarni o‘z huzuriga chaqirtiradi. Hokimning navkarlari esa adashib, shunday ismli boshqa kishini O‘rdaga olib keladilar. Hokim ko‘rsaki, qo‘rqqanidan titrab turgan kimsa umuman boshqa odam. Shunday bo‘lsa-da, uni so‘kib-haqoratlab yuboradi. Hokimning vajohatidan qalt-qalt titrab oilasiga qaytgan Iso Muhammad qanday tirik qolganiga ishonmay, uydan chiqmay yotadi. Xavf va vahima shu darajaga yetadiki, hali zamon hokimning navkarlari zindonga olib ketadi, deya o‘ylayverib, uning qon bosimi oshib, o‘lib qoladi.

1847-yilda Azizbekning e’lon qilgan farmonini eshitgan toshkentliklar hayratdan yoqa ushlaydilar. Negaki hokim janoblari Toshkentdagi har bir mahallaga... chayon solig‘i solgan edi.

– O‘zining zahri chayondan ham o‘tdi-ku, axir! Azizbachcha emas, Aziz chayonga aylangan hokimga chayon nega kerak bo‘lib qoldiykan? – deyishardi odamlar hayratlanib.

Shu farmondan keyin aholining ishi chayon to‘plash, axtarish bo‘lib qoldi. Qari-yu yosh – hamma Azizbekning zug‘umidan qo‘rqib, devor tomlarini buzar va chayon izlash bilan ovora edi. Hatto, hokim navkarlari ham tinmay mahalamma-mahalla chayonlarni o‘rdaga tashishdan bezor bo‘ldi.

Keyin ma’lum bo‘lishicha, Azizbek o‘zi yomon ko‘rgan badavlat bir insonni zindonga bandi qilgan, uni qiynab o‘ldirish uchun zindondagi bu zanjirband odamni chayonga talatish usulini o‘ylab topgan ekan.

Bora-bora Azizbek o‘zi gunohkor deb topgan bandilarni bir xodaga o‘tirg‘izib, ularning bir necha kun azoblanib o‘lishidan lazzat topadigan darajaga yetdi.

Buning ustiga u Toshkent hokimligi bilan qanoatlanmay, Turkistonu Sayramga ham xo‘jayinlik qilishni hohlab qoldi. Shu niyatda Turkiston hokimi Qanoatshohga elchi yuborib, o‘ziga itoat etishni taklif qiladi. Ammo Qanoatshoh inon-ixtiyorini Azizbekka berishni istamadi. Shu bois elchiga rad javobini berib yubordi. Ana shunda Azizbek darhol urush harakatlarini boshlab, katta qiyinchiliklar evaziga Turkistonni ishg‘ol qiladi.

Bu vaqtda Xudoyorxon Musulmonqulning tinmay hamma ishlarga aralashaverganidan bezor bo‘ladi, unga qo‘g‘irchoq bo‘lishni istamay, mingboshilik vazifasidan ozod qiladi. Azizbek esa poytaxtdagi suyanchig‘idan ayrilgani uchun bor harbiy kuchini Qo‘qonga qaratib hujum boshlaydi. Azizbekning Qo‘qonga katta kuch bilan kelayotganini eshitgan Xudoyorxon amaldorlari bilan kengashib, Musulmonqulni yana vazifasiga tayin qiladi. Mingboshilikka tayinlanib, davlatda muhim o‘rin egallay boshlagan Musulmonqul o‘ziga g‘anim deb bilgan Madyor Dodhoh, Xolbek dasturxonchi va Rahmonqulibiy kabi amaldorlarni qatl ettiradi.

 Vaziyat o‘zgarib, Musulmonqulning ta’siri davlatda yana kuchaya boshlaganini sezgan qipchoq urug‘ining Karimquli dasturxonchi, Matnazar va Xolmuhammad Dodhoh, Hotamquli risolachi kabi Normuhammad Dodhoh bilan mashvarat o‘tkazadi.

– Musulmonqulning fe’li buzildi, u hammamizni halok qilmoq qasdiga tushdi. Endi siz va bizlar birlashib, toshkentlik ulug‘lar bilan gapni bir yerga qo‘yib, Azizbachchani o‘rtadan ko‘tarishimiz joiz. Negaki, Musulmonqulning maslakdoshi Azizbachchadan qutulsak, mingboshi yakkalanib, ta’siri ozayur va hamlasining kuchi bizga yetmas, – degan qarorga kelishdi ahli mashvarat.

Shunga ko‘ra, Azizbekdan bezor bo‘lgan toshkentliklar bilan ham kengashib, Chayonbek nomini olgan Toshkent hokimiga qarshi yurish qildilar. Hamma-hammani o‘zidan bezdirgan hokimni qo‘llaydigan kuch topilmaydi va Azizbek qipchoq urug‘lari tomonidan qo‘lga olinib, qatl etiladi.

Shu tariqa Toshkent ahli 1849-yilda chayon to‘platgan chayon hokim zulmidan qutuldi.

Umid Bekmuhammad,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring