Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kim axborotga ega bo‘lsa, o‘sha hukmron(mi?)

Kim axborotga ega bo‘lsa, o‘sha hukmron(mi?)

Foto: «Radio Lemberg»

Bir paytlar, bu tarix darsliklaridan ko‘pchiligimizga yaxshi ma’lum, kishilik jamiyat taraqqiyoti besh formatsiyaga bo‘lib o‘rganilar edi: ibtidoiy jamoa, quldorlik, feodalizm, kapitalizm va utopik kommunizm jamiyati. Endilikda ayrim tahlilchilar «jamiyat uchga: agrar, sanoat va axborot davriga bo‘lingan holda o‘rganilishi kerak», degan qarashni ilgari surmoqda.

Haqiqat – shu: XX asr oxiri – XXI asrga kelib dunyo manzarasi butunlay o‘zgarib ketdi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining taraqqiyoti, geosiyosiy vaziyatning keskin o‘zgarishi kim axborotga ega bo‘lsa, o‘sha hukumron ekanini, o‘sha jamiyat boshqaruvini qo‘lga olishini ko‘rsatib qo‘ydi. Bu esa har qanday davlat va tuzumning oldida dolzarb muammoni keltirib chiqarmoqda. Ya’ni, har bir davlat axborot xavfsizligini ta’minlashi va informatsion xurujlarga qarshi tura olishi kerak. Ushbu muhim vazifani bajargan davlatgina o‘z milliy manfaatlarini himoya qila oladi.

Tahlilchilarning aytishlaricha, axborot xavfsizligi har bir davlat milliy xavfsizligining tarkibiy qismidir. U davlat va jamiyatning barcha sohalaridagi milliy manfaatlarini himoya kilishga qaratilgan bo‘lishi kerak. «Har qanday davlatning ommaviy axborot vositasi chet el ta’siri ostida qolar ekan, jamiyat o‘z tarixiy ideallari, qadriyatlarini buzishga yo‘naltirilgan axborotlar og‘ushida qoladi», deb yozgan edi amerikalik olim Lens Bennet. Hozirgi kunda jahondagi turli «kuch markazlarining» geosiyosiy qarama – qarshiligi «axborot makoni»ga ko‘chdi, degan gaplarda jon bor. Ya’ni, soddaroq tushuntirganda axborot kimning qo‘lida bo‘lsa, o‘sha haq bo‘lib chiqmoqda.

Hayot haqiqati shuni ko‘rsatmoqdaki, har qanday taraqqiyot mahsulidan ikki xil maqsadda – ezgulik va yovuzlik yo‘lida foydalanish mumkin. Zamonaviy dunyoda axborotlar shu qadar ko‘pki, tarqatilayotgan axborotlarning qay biri to‘g‘ri, qay biri noto‘g‘ri ekanini aniqlaguncha inson ongi birinchi tarqalgan xabarga moslashgan bo‘ladi.

Bugun biz tez sur’atlar bilan o‘zgarib borayotgan, insoniyat hozirga qadar boshidan kechirgan davrlardan tubdan farq qiladigan o‘ta shiddatli va murakkab bir zamonda yashayapmiz. Hozirgi paytda yer yuzining qaysidir burchida qanday voqea yuz bermasin, odamzot bu haqda dunyoning boshqa bir chekkasida tuib zudlik bilan xabardor bo‘lmoqda. Bugungi kunda zamonaviy axborot maydonidagi harakatlar shu qadar tig‘iz, shu qadar tezkorki, endi ilgarigidek, bu voqea bizdan juda olisda yuz beribdi, uning bizga aloqasi yo‘q, deya beparvo qarab bo‘lmaydi. Hayotmizning biror bir sohasini axborotsiz tasavvur qila olmaymiz. Axborotlarni turli manbalardan internet, radio, televideniye va bosma matbutdan olamiz.

Amerikalik tadqiqotchi G.Lassuell OAVning to‘rtta vazifasi borligini ta’kidlagan edi.

1. Jahonni kuzatib borish (Informatsiya to‘plash va tarqatish).

2. Tahrir qilish (informatsiyalarni tanlab olish va sharhlash).

3. Jamoatchilik fikrini shakllantirish.

4. Madaniyatni tarqatish.

Bugun eng muhim qadriyat sanalayotgan axborot, tabiiykiy, ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatiladi. Shu sababli ham OAVning jamiyatdagi o‘rni beqiyosdir. Dunyoning narigi chekkasida bo‘layotgan voqea-xodisalarni xuddi o‘z ko‘chamizda yuz bergan hodisadek qabul qilayapmiz. OAV jamoatchilik fikrini shakllantirishda muhim axamiyat kasb etmoqda. Radio va televideniya paydo bo‘lganidan keyin dunyo o‘zgarib ketdi. Internet paydo bo‘lishi bilan esa butunlay boshqacha qiyofa kasb etdi. Informatsiya barchaning mulkiga aylandi.

OAV davlat va jamiyat o‘rtasida vositachilik vazifasini bajaradi. Jahondagi siyosiy va ijtimoiy hayotga ta’siri inobatga olingani bois ham OAV norasmiy tarzda “to‘rtinchi xokimiyat” deb yuritiladi.

Ayrim hollarda OAV odamlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Buni biz dunyoda yuz berayotgan hodisalarning noto‘g‘ri talqin qilingan holda yoritilayotganidan bilib turibmiz. Jurnalistlar va media xodimlari nafaqat ish beruvchilar va bozor oldida, balki jamiyat oldida ham mas’uliyatni his qilishlari, demokratiyani haddan oshish deb tushunmasliklari kerak. Erkinlikka intilish har bir jurnalist oldida turgan vazifa ammo, chegarani bilishi shart.

OAV jamiyat oldida o‘z zimmasiga ma’lum bir majburiyatlarni olishi kerak. Bu majburiyatlar axborot tarqatishda halollik va adolatni talab qiladi. Media jinoyatchilikni, zo‘ravonliklarni, targ‘ib qilmasligi, fuqarolarning huquqlarini kamsitmasligi zarur. Bu matbuot erkinligini cheklashni anglatmaydi. Shu o‘rinda «erkinlik istab» yo‘l transport qoidalarini buzgan haydovchi keltirgan noxush hodisani misol sifatida keltirish mumkin. Demokratiya ekan deb jurnalistika etikasini buzganlar ham jamiyatga juda katta ziyon keltirishini anglab yetish kerak. Ayrim mamlakatlarda «To‘rtinchi hokimiyat» «birinchi hokimiyat»ga intiluvchi matbuotning borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ular – oligarxlar, moliyaviy guruh, mahalliy “baron”larning qo‘lidagi bir o‘yinchoq ekanligini yoddan chiqarish kerak emas. «To‘rtinchi hokimiyat» deb yuritilayotgan bo‘lishiga qaramay OAVni hukumat yoki tijorat strukturasi deb emas, balki tom ma’nodagi fuqarolik jamiyati instituti sifatida ko‘rish kerak.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring