Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Matbuotning yuki yengil emas (birinchi maqola)

Matbuotning yuki yengil emas (birinchi maqola)

Foto: «Vatandosh.uz»

Bugungi matbuotning ahvoli og‘ir yuk ko‘tarib ketayotgan karvonga o‘xshaydi. Manzil uzoq, qayerda to‘xtashni bilmaydi. Uning yuki shu qadar zalvorliki, mas’uliyatini boshqa birov ko‘tarolmaydi. Bu ayniqsa, bugungi zamon va makonni axborot boshqarayotgan davrda yanada dolzarblik kasb etayotir. Shuning uchun ham davlat islohotlar tadrijiyligini ta’minlash, odamlarni shunga ishontirib ergashtirish maqsadida bosma va elektron nashrlar kuchidan foydalanadi. Tom ma’noda, ularning buyurtmachisiga aylanadi.

Bunday mas’uliyatli vazifani kim bajaradi? Birinchi navbatda, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy ruhdagi davlat va nodavlat nashrlar axborot maydoniga chiqadi. Bundan manfaatdor davlat esa tabiiyki, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishga ko‘maklashadi. Nega? Chunki bugun negadir hech kim, xoh u ziyoli bo‘lsin, xoh u biznesmen jiddiy, odamni mushohadaga chorlovchi, fuqarolik faolligini oshiruvchi, islohotlarga da’vat etuvchi gazeta va jurnallarga ixtiyoriy obuna bo‘lishni istamaydi.

Keyingi yillarda hayotimiz tubdan o‘zgardi. Turmushimiz tobora yengillashib, tinchlik va osoyishta hayotga ko‘nikdik. Bu tabiiyki, tafakkur tarzimizga ham ta’sir ko‘rsatdi, nafaqat farzandlarimiz, o‘zimiz ham yengil hayotga o‘rgana boshladik. Fikrlashga undaydigan narsalardan iloji boricha uzoqroq bo‘lishga harakat qilamiz. Davlatning ertangi taraqqiyoti, xalqning ma’naviyati, bolalarimizning kelajagi, bizdan ularga qanday Vatan meros bo‘lib qolishini ko‘p ham o‘ylab o‘tirmaymiz.

O‘tgan davrda son jihatdan bir necha o‘n barobar oshgan OAV ham odamlarning ana shu talabiga moslasha boshladi. Yengil o‘qiladigan adabiyot (agar buni shunday atash mumkin bo‘lsa), matbuot paydo bo‘ldi. Afsuski, ularning bozori hali-xanuz chaqqonligicha qolmoqda. Buning ta’sirida davralarda ma’naviyat gurunglari yo‘qoldi. Kitob mutolasidan so‘nggi mushoiralar, baxs-munozaralar o‘rnini g‘iybat, mish-mish va bo‘xtonlar egalladi. Bugun yig‘in va «gap»larda hayotimizdagi o‘zgarishlar, mamlakatning strategik yo‘nalishlari muhokamasini emas, qaysidir otarchi haqidagi qizg‘in munozaralarni kuzatamiz.

Natijada mehnatga bo‘yni yor bermaydigan, bir-birini chuv tushirgan, birovning ustidan mag‘zava ag‘darishdan toymaydigan, turmushning mazmunini faqat kayf-safodan iborat deb biladigan yoshlar soni ortib borayotir. O‘smir yoshdagi o‘g‘il-qizingizning gurungiga quloq solganmisiz? Ular Oliy Majlisda qanday masalalar muhokama qilinayotgani, ijtimoiy-siyosiy jabhalardagi o‘zgarishlarni emas, o‘zbek tilida biror so‘zni aniq talaffuz qilolmaydigan «yulduz»ning qayerda hordiq chiqarayotgani haqida ko‘proq bilishiga amin bo‘lasiz. Yoki qaysi bir xorij serialidagi sharmu hayodan yiroq voqealarga bandi bo‘lib qolganini kuzatasiz. Nafaqt yoshlar, ayrim savlat to‘kib yurgan ziyolilar bilan suhbatingiz ham juda jo‘n bo‘ladi.

Bo‘lgan voqea. Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy qilingan xududlardagi xalq bilan muloqotda komissiya a’zolari viloyatdagi kolllejlardan birining faoliyatini o‘rganishadi. Kollej direktori ularni mamnun qarshilaydi. O‘quvchi-yoshlar bilan bo‘lgan uchrashuv juda samarali o‘tadi. Qaytayotganda komissiya a’zolaridan biri direktordan Ekoharakat faoliyatiga munosabatini so‘raydi. «Kollejimizda bunday harakat-parakatlarga o‘rin yo‘q, o‘quvchilarimizning bu kabi yot unsurlarga qo‘shilib ketmasligi uchun bor imkoniyatimizni ishga solyapmiz». Kollej direktorining bunday javobidan komissiya a’zolari hang-mang bo‘lib qoladi.

Xo‘sh, dunyoqarashimiz bunchalik darajada torayib, fikrlarimiz o‘tmaslashib qolishiga kim aybdor? Birinchi galda o‘zimiz! Yuki bor, badiiy qimmati yuksak asarlarni, nazdimizda faqat maqtov, siyosatni yozuvchi zerikarli gazeta-jurnallarni o‘qimay qo‘ydik. Miyamizdagi bo‘shliqni tijoriy matbuotning yolg‘on-yashiq axborotlari, mazmunan sayoz hikoya va materiallari egallab oldi. Savodimiz ham shunga yarasha shakllandi. Hatto oddiy tarjimayi holimizni ham xatosiz yoza olmaydigan ahvolga tushib qoldik.

Aholini ana shunday ayanchli ahvoldan qutqarish uchun nima qilish kerak? Odamlarning savodini qaytarish, ming yillar davomida shakllangan ma’naviy boyliklarimizni saqlab qolish, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish uchun qanday choralar qo‘llash zarur? Fikrimcha, xalqimizga gazeta-jurnallar o‘qish madaniyatini qaytarish kerak. Har bir xonadonga hech bo‘lmasa, 3-4 markaziy nashrning kirib borishiga erishish shart. Chunki ular orqali davlatning mafkura va g‘oyasi o‘sha oilaga kirib boradi. Bu kundan-kunga urchiyotgan lisoniy savodsizlikka ham barham beradi. Bugungi kundagi aksariyat davlat va tarmoq nashrlarida o‘zbek tilining grammatik me’yorlariga, stilistikasi va punktuatsiyasi qoidalariga qat’iy amal qilinadi. Bitta bo‘lsa ham ijtimoiy-siyosiy gazetaga obuna bo‘lgan, bir yilda ikki marta kitob sotib olgan xonadonda sog‘lom ma’naviy muhit shakllanadi. Oilasi tinch, farzandlari tarbiyasida nuqson bo‘lmaydi. Buni ko‘plab yurtdoshlarimiz misolida aytish mumkin, albatta.

Aslida qanday kitob o‘qish, qaysi gazeta yoki jurnalga yozilish har kimning shaxsiy tanlovi. Biroq yuqorida keltirilgan holatlar mavjudligi uchun ham bu jarayonga davlat aralashishga majbur bo‘layotir. Bizga qalbi ko‘r, ongi fisqu fasod bilan sug‘orilgan avlod emas, ma’naviyati yuksak, har tomonlama barkamol yoshlar kerak. Bunda har bitta oilaboshi ongli ravishda u yoki bu matbuot nashriga obuna bo‘lishi, farzandlarini kitobga jalb etishi maqsadga muvofiqdir. Shundagina, ortiqcha tushunmovchiliklarga, majburiy obuna bilan bog‘liq e’tirozlarga o‘rin qolmaydi.

To‘g‘ri, bu borada OAV oldida ham qilinishi lozim bo‘lgan ishlar talaygina. Bu gazeta mundarijasini boyitishdan tortib, o‘quvchilar bilan samarali muloqot o‘rnatishgacha bo‘lgan katta ijod jarayonida aks etadi. Zero, Prezidentimiz matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigida qayd etganidek, «Xalq bilan muloqot, odamlarning orzu-intilishlari, dardu tashvishlari bilan yashash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilayotgan bugungi kunda har bir ommaviy axborot vositasi chinakam muloqot maydonchasiga, erkin fikr minbariga aylangan taqdirdagina biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erisha olamiz».

Qahramon Saydaliyev


Maqola «Jamiyat» gazetasining 6 aprel sonida chop etilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring