Mirakbar Rahmonqulov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirildi
Taniqli davlat va jamoat arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi, yuridik fanlar doktori, professor Rahmonqulov Mirakbar Hojiakbarovich shu yil 11 fevral kuni 74 yoshida vafot etdi.
Mirakbar Rahmonqulov 1952 yil 5 oktyabrda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1975 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni huquqshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha tamomlab, Davlat reja qo‘mitasi huzuridagi iqtisodiyot ilmiy-tekshirish institutida kichik ilmiy xodim sifatida mehnat faoliyatini boshladi. Keyinchalik O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy qo‘mitasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumida turli lavozimlarda xizmat qildi.
1992 – 1994 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining birinchi prorektori vazifasida ishlab, tashqi siyosat sohasida zamonaviy bilimga ega malakali kadrlarni tayyorlash ishlariga katta hissa qo‘shdi.
Mirakbar Rahmonqulov 1995 – 1997 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti direktori o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritib, yurtimizda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha muhim strategik tadqiqotlarga rahbarlik qildi.
Mamlakatimizning ichki va tashqi siyosatiga oid davlat dasturlari, konseptual hujjatlar va qonunlar loyihalarini ishlab chiqishda faol ishtirok etdi.
Ayni vaqtda salohiyatli olim sifatida mintaqaviy xavfsizlik masalalari, xorijiy davlatlar bilan ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan qator monografiya va ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar yaratdi.
Tajribali siyosatchi, faol va tashabbuskor davlat xizmatchisi sifatida M.Rahmonqulov ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik Kengashining kotibi vazifalarida xizmat qildi. 2022 yildan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida mas’ul vazifalarda ishlab, o‘zining boy tajribasi, chuqur bilim va salohiyati, fidoyilik va vatanparvarlik fazilatlarini namoyon etdi.
So‘nggi yillarda u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat institutiga rahbarlik qilish bilan birga, Oliy Majlis Senatining a’zosi sifatida ham samarali faoliyat olib bordi.
Mirakbar Rahmonqulovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun” va II darajali “Shon-sharaf” ordenlari bilan mukofotlangan edi.
Taniqli davlat va jamoat arbobi, yirik huquqshunos olim, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Mirakbar Rahmonqulovning xotirasi qalblarimizda doimo saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, Sh.Ayupov


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter