Navoiydagi qamoqxonada mahkum o‘z joniga qasd qilishga urindi
Navoiy viloyatida joylashgan 36-son manzil koloniyasida Lochin ismli xodim mahkumga tazyiq o‘tkazgani va mahkumning o‘ziga tan jarohati yetkazgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda video tarqaldi.
Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti murojaat yuzasidan rasmiy munosabat e’lon qildi.
Shu yilning 4-fevral kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Dildora Boymurodova ismli foydalanuvchi Navoiy viloyatidagi 36-sonli manzil koloniyada jazo muddatini o‘tab kelayotgan mahkum Umid Jonuzoqov o‘z joniga qasd qilgani, unga nisbatan koloniya katta tezkor vakili lavozimida xizmat qiluvchi mayor Lochin Xidirov tomonidan bosim o‘tkazilgani to‘g‘risida videomurojaat joylagan. U hatto mahkumdan pul so‘ragani ham aytib o‘tilgan.
Umid Jonuzoqovga O‘zbekiston Respublikasi JKning 57-moddasi tartibida 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan bo‘lgan.
Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentining ma’lum qilishicha, 2022- yil 1-fevral kuni soat 12:30 larda manzil-koloniya 2-turkum mahkumlar yotoqxonalarini ko‘zdan kechirish davomida, mahkum Umid Jonuzoqov mahkumlar uchun taqiqlangan sensorli telefon apparatidan foydalanib o‘tirgani aniqlangan. Xodimlar undan telefon apparatini berishni so‘raganida, mahkum faol qarshilik ko‘rsatgan.
Koloniya xodimlari Umid Jonuzoqovdan taqiqlangan sensorli Oppo rusumli telefon apparatini olib qo‘ygach, u o‘zining xatti-harakatlarini qo‘llab-quvvatlovchi, qonunda belgilangan jazoni ijro etish tartiblariga qarshi munosabatda bo‘lgan mahkumlar — O.S., V.M., T.M., U.V. hamda M.Ch.ni chaqirib, koloniya xodimlaridan olingan telefon apparatini qaytarib berishini noqonuniy ravishda talab qilgan.
Ta’kidlanishicha, ular koloniya ma’muriy binosiga kelib, «Telefonni qaytarib bermasanglar, senlarga muammo keltirib chiqaramiz, o‘zimni o‘ldiraman», deb g‘ayriqonuniy ravishda o‘zlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida faol qarshilik ko‘rsatgan.
Shundan so‘ng, mahkum Umid Jonuzoqov o‘zi bilan yashirincha saqlab kelayotgan mahkumlar uchun taqiqlangan o‘tkir tig‘li oshxona pichog‘i va og‘iz bo‘shlig‘ida saqlab kelayotgan lezviya bo‘lagi bilan ikki qo‘li bilak hamda bo‘yin sohasini tilib, o‘ziga tan jarohati yetkazgan.
Hozirda mazkur holat Navoiy maxsus prokuraturasi o‘rganilib, voqea ishtirokchisi bo‘lgan mahkumlar, xodimlar va guvoh mahkumlarning ko‘rsatmalari asosida Zarafshon shahar sudi tomonidan mahkum U.B.Jonuzoqovga o‘talmay qolgan jazosining qolgan qismini yopiq turdagi koloniyada o‘tash belgilandi.
Sudda mahkum U.B.Jonuzoqov koloniya katta tezkor vakili mayor Lochin Xidirovga tuhmat qilganligini, boshqa mahkumlarning undovi bilan o‘ziga tan jarohati yetkazganini ma’lum qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter