Nogironlarning ishga joylashishi uchun yangi imtiyozlar

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha 2018-2019-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanalida xabar berildi.
Unga ko‘ra, kasb-hunar ta’limi muassasalarida 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarga mos qasb va ko‘nikmalar o‘rgatish maxsus ustaxonalarini qo‘shimcha jihozlash va qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Qaror bilan tasdiqlangan dasturda jami 22 ta tadbir nazarda tutilgan. Xususan, mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning elektron reyestrini shakllantirish, Milliy vakansiyalar bazasini takomillashtirish, 15 mingta ish o‘rnini nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun band qilib qo‘yish shular jumlasidandir.
Mazkur dastur ijrosini ta’minlash va muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy ishchi guruhlar tuzilib, mazkur guruhlar dastur ijrosini ta’minlash bilan birgalikda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat ishlariga jalb qilinishini moliyalashtirish, ularni kasbga o‘qitish va malakasini oshirish kabi tadbirlarni ham amalga oshiradilar.
Bundan tashqari, faoliyat ko‘rsatish turi va uni amalga oshirish joyidan qati nazar, nogironligi bo‘lgan shaxs hisoblangan hamda ishchilari sonining uchdan ikki qismi nogironligi bo‘lgan shaxs hisoblanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga davlat mulki ob’yektlari uchun ijara to‘lovi belgilangan eng kam to‘lovning 50 foizi miqdorida belgilandi.
2018/2019-o‘quv yili va kelgusi o‘quv yillarida Toshkent va Farg‘ona shaharlaridagi imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-xunar kollejlari xarajatlarining Davlat budjeti hisobidan moliyalashtirilishi saqlab qolinadi.
Savdo-sanoat palatasiga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir martalik subsidiyalar berish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklandi.
Kasb-hunar ta’limi muassasalarida 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarga mos qasb va ko‘nikmalar o‘rgatish maxsus ustaxonalarini qo‘shimcha jihozlash va qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etish uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan 1 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter