Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ochlikning o‘n bitta mo‘’jizasi haqida

Ochlikning o‘n bitta mo‘’jizasi haqida

Inson ming yillar davomida ochlikdan qo‘rqib kelgan. Ammo zamonaviy tibbiyot va biologiya shunday xulosaga kelmoqdaki, to‘g‘ri tashkil etilgan ochlik (ya’ni, vaqtinchalik ovqatlanmaslik) organizm uchun kutilmagan darajada foydali bo‘lishi mumkin. So‘nggi o‘n yilliklarda dunyoning mashhur olimlari ochlik va oraliq ochlik haqida yuzlab tadqiqotlar o‘tkazishdi. Natijalar shunchalik hayratlanarli bo‘ldiki, bu jarayonni hatto “biologik qayta tug‘ilish” deb atadilar. Quyida ochlikning ilmiy tadqiqotlarda tasdiqlangan 11 ta mo‘’jizaviy foydasi bilan tanishamiz.

1. Hujayralar yangilanadi

2016-yilda yapon biologi Yosinori Osumi tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotini oldi. U autofagiya deb ataladigan jarayonni tadqiq qildi. Autofagiya – organizm och qolganda hujayralar eski va zararlangan qismlarini “yo‘q qilib”, o‘zini tozalash jarayonidir. Ya’ni, ochlik organizmni ichki ta’mirlash rejimiga o‘tkazadi.

2. Qarish jarayoni sekinlashadi

Gerontologiya sohasidagi mashhur olim Valter Longo uzoq yillik tadqiqotlardan so‘ng shunday xulosaga keldi: muvaqqat ochlik organizmda yasharish mexanizmlarini faollashtiradi. Longo tadqiqotlariga ko‘ra, ochlik organizmdagi qarish bilan bog‘liq genlarni pasaytiradi.

3. Qandli diabet xavfi kamayadi

Amerika endokrinologi Jeyson Fang oraliq ochlik orqali diabetni nazorat qilish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazgan. Uning ta’kidlashicha, bu jarayonda insulin darajasi pasayadi, organizm glyukozani yaxshiroq ishlatadi, diabet xavfi esa kamayadi.

4. Ortiqcha yog‘lar tez eriydi

Ochlik paytida organizm glyukozani emas, yog‘ zaxiralarini eritishga o‘tadi. Shvetsiyalik neyrobiolog Mark Mattson bu haqda shunday deydi: “Ochlik organizmni “yog‘ni eritish rejimi”ga o‘tkazadi”.

5. Miya faoliyati kuchayadi

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, ochlik paytida miyada BDNF nomli modda ko‘payadi. Ushbu modda xotirani yaxshilab, diqqatni kuchaytiradi, shuningdek, yangi neyronlar paydo bo‘lishiga yordam beradi.

6. Yallig‘lanish kamayadi

Ko‘plab kasalliklar – atrit, yurak xastaliklari, hatto ba’zi saratonlar yallig‘lanish bilan bog‘liq bo‘ladi. Olimlar ochlik yallig‘lanishni kamaytirishini, immun tizimni tartibga solishini aniqlashgan.

7. Immun tizimi “qayta yuklanadi”

Kaliforniya universiteti tadqiqotchilari ochlik immun tizimiga ta’sirini o‘rganib, yakdil xulosaga kelgan. Bunda eski immun hujayralari yo‘qolib, yangi hujayralar hosil bo‘ladi.

8. Yurak himoya qilinadi

Tadqiqotlar ochlik xolesterinni kamaytirishi, qon bosimini pasaytirishi va yurak kasalliklari xavfini kamaytirishini ham ko‘rsatdi.

9. Miya Alsgeymerdan xalos bo‘lishi mumkin

Neyrobiolog Mark Mattsonning tadqiqotlariga ko‘ra, oraliq ochlik miya hujayralarini stressga chidamli qiladi. Shuningdek, neyrodegenerativ kasalliklar xavfini kamaytiradi.

10. Hazm tizimini dam oldiradi

Inson deyarli doimo ovqat yeydi. Bu hazm tizimiga uzluksiz ish yuklaydi. Ochlik esa, eng avvalo, oshqozonga dam beradi, ichak mikroflorasini tiklaydi va hazmni yaxshilaydi.

11. Ruhiy ravshanlik oshadi

Ko‘plab tadqiqotlar ko‘rsatishicha, ochlik paytida odamlar fikrlashni ravshanroq his qiladi, diqqatini yaxshiroq jamlaydi. Yana bir muhim omil shuki, inson quvvati oshganini sezadi. Shu bois tarixda ko‘plab mutafakkirlar va olimlar vaqtinchalik ochlikni aqliy faoliyatni kuchaytirish usuli deb hisoblashgan.

Alxusus, to‘g‘ri tashkil etilgan ochlik, bu – shunchaki parhez emas. Mazkur jarayon organizmning o‘zini tozalash, tiklash va yoshartirish mexanizmi hisoblanadi. Albatta, mutaxassislar bir muhim ogohlantirishni ham aytadilar: uzoq yoki noto‘g‘ri ochlik salomatlikka zarar keltirishi mumkin.

A.Fathullayev

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring