Xorijda odam savdosidan jabrlangan o‘zbekistonliklar uchun ishonch telefonlari ishga tushiriladi
Prezidentning «Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va ularni jamiyatga integratsiya qilish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, «Inson» markazlari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi ixtisoslashgan muassasalar hamda ayrim nodavlat notijorat tashkilotlariga odam savdosidan jabrlangan shaxslarni dastlabki identifikatsiya qilish vakolati beriladi.
Dastlabki identifikatsiya natijasida shaxsga odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs maqomi bir oygacha, yakuniy identifikatsiyadan so‘ng esa odam savdosidan jabrlangan deb tan olingan shaxs maqomi ko‘pi bilan bir yil muddatga beriladi.
Shuningdek, hududiy komissiyalar tomonidan yakuniy identifikatsiya qilish muddati 10 sutka etib belgilandi.
2026 yil 1 sentyabrdan boshlab Ijtimoiy himoya milliy agentligining 1146 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali O‘zbekiston hududida odam savdosidan jabrlangan shaxslarning murojaatlari qabul qilinib, ularga ijtimoiy, psixologik, huquqiy va boshqa masalalar bo‘yicha maslahat hamda axborot beriladi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida ham odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun ishonch telefonlari yo‘lga qo‘yiladi. Ular orqali murojaatlar qabul qilinib, ijtimoiy, psixologik, huquqiy va moddiy yordam bo‘yicha maslahatlar taqdim etiladi.
Farmonga ko‘ra, shuningdek, Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroporti hamda «Samarqand» xalqaro aeroportida Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda Migratsiya maslahat byurolari tashkil etiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter