Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olam ichra buyuk hikmat izladi...

Olam ichra buyuk hikmat izladi...

«Oltin meros press» nashriyotida taniqli jurnalist, 2002-2022 yillarda Qashqadaryo viloyatidagi «Kesh» gazetasi bosh muharriri bo‘lib ishlagan Sobir Primovning «Ichimdagi odam» kitobi bosmadan chiqdi.

Men rahmatli Sobir akani 2002 yilda Shahrisabz tumanining «Kesh» gazetasiga bosh muharrirlik qilgan davrdan buyon tanir edim. Oq-sariqdan kelgan, qoshlari qalin, silliq oppoq sochini bir tekis tarab yuradigan, qarash-nigohi o‘tkir bu inson har bir so‘zni dona-dona chertib, hech shoshilmasdan xotirjam, boshini sarak-sarak qilib gapirar edi.

Sobir Primov 1960 yilning 15 sentyabrda Yakkabog‘ tumanining Kattabog‘ qishlog‘ida tug‘ilgan, 1982 yilda O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlab, Ukrainada harbiy xizmatni o‘tab qaytadi. 1985-2002 yillarda Shahrisabz tuman hokimligida turli mas’ul lavozimlarda ishladi.

O‘roq-bolg‘ali Sho‘ro davrining ne-ne byurokratik chig‘iriqlaridan boshi omon chiqqan Sobir akaning hokimlik tizimi markazlashuvidan qochayotgan bir paytda tuman gazetasiga ishga o‘tishi aslida uning ijodiga ham katta foyda bo‘lgan edi. Chunki oliygohni tugatganidan keyin o‘z kasbidan ancha uzoqlashgan, katta-kichik badiiy ishlari hali yozilmay qolayotgan edi. Ko‘pgina suhbatlarimizda ham u o‘tgan bu davrini «yo‘qotilgan yillar» deb aytardi.

Boshqa tomondan u kishining uzoq yillar hokimiyat tizimlarida kadrlar va tashkiliy masalalar bilan shug‘ullangani, hududdagi katta-kichik rahbarlarni yaxshi tanishi, ishni ko‘zini bilgani, bozor iqtisodiyoti sharoitlariga tez moslashgani sababli oddiy tuman gazetasini nafaqat viloyat miqyosida, hatto respublika doirasida ham salohiyatli nashrga aylantira oldi.

Umrining oxiriga qadar ya’ni 2022 yilgacha Bosh muharrir sifatida turkum maqolalari, badiiy publitsistik ocherklari, qatra va hikoyalari va salmoqli qissasi chop etildi.

2016 yilda «Noshirlik yog‘dusi» nashriyotida Sobir Primovning ilk «Umr so‘qmoqlari» publitsistik asari dunyo yuzini ko‘rgan edi. Men bu kitobni tahrir qilish asnosida Sobir aka botinida juda katta odamiylik va ulkan ijodiy salohiyat borligiga, qahramonlarining ichki dunyosini mukammal buyoqlarda ochib bera olishiga, agar bor imkoniyatlarini to‘liq ishga solsa, ma’naviy xazinamizga munosib badiiy durdonalar yarata olishiga amin bo‘lgan edim.

Ota makonimga har safar borganimda Sobir Primov bilan birga albatta davramizda uzoq yillar tuman madaniyat bo‘limini boshqargan, ochiqqalb, keng fe’lli, nuktadon ustoz (rahmatli) Muhiddin Ostonov, tuman ta’lim tizimida suyagi qotgan, ma’rifatparvar va donishmand akamiz O‘ktam Muhiddinov, kasb-hunar kolleji direktori, Oliy Majlis Senati a’zosi Islomiddin Abrorovlar bilan maroqli suhbatlar qurardik va bu ajoyib muloqotlar taftini hamon qattiq sog‘inaman.

Sobir aka Qashqadaryo tarixi, so‘nggi yarim asr davomida Shahrisabz, Yakkabog‘, Kitob tumanlardagi katta-kichik ko‘plab rahbar kadrlar haqida juda ko‘p ma’lumotlarga ega edi. Suhbatlarda ular qilgan yaxshi amallar, mahalliy darajadagi siyosiy o‘yinlar, hudud ravnaqiga kimning qanday hissa qo‘shganiyu, qaysi to‘ra ishni pachavasini chiqargani haqida qiziqarli tarzda so‘zlab berardi.

U tuman nashrini kuchaytirish uchun har qanday kichik imkoniyatlardan ham unumli foydalanishga harakat qildi. O‘sha yillari axborot siyosati juda qattiq bir vakuumda ushlangani, qat’iy nazorat o‘rnatilgani sababli joylarda xalqaro mavzularda jo‘yali sharhlar berilmas, qolaversa, uning oqibatlariga javob beradigan jurnalistlar ham yo‘q edi. Shu sababli Sobir aka menga bir necha bor qayta-qayta murojaat qilgach, vaqt topib, kamida uch yil davomida gazetaning bir alohida sahifasida xalqaro mavzularni doimiy yoritib bordik.

Sobir aka umrining so‘nggi 10 yili davomida juda ko‘p hikoyalar chop etdi va ushbu kitobda muallifning ko‘p qirrali ijodi to‘liq aks etgan, desam 

Ushbu to‘plam shartli ravishda hikoyalar va qatralar, Nozik yanganing hikoyalari, publitsistika, qissa va Sobir Primov haqidagi xotiralardan iborat. Hikoyalari mavzusi rang-barang. «Kotibning hiylasi» hikoyasida ochko‘zlik, xalqning nonini tuya qilish, xarom yo‘l bilan pul topish, oxir-oqibat barcha yiqqan-terganlarining yelga uchishi, bir kechalik qimor o‘yini orqali isnodli kunlar boshlangani haqida.

«Ichimdagi odam» hikoyasida esa devonasifat, bir qarashda hech kim ham e’tibor bermaydigan, nazarga ilmaydigan Sayfi timsolida nobop jamiyatda «adolat ovozi» baralla yangraydi. Bir nohaqlik sababa u «o‘z ichidagi odam» tilidan barcha haqiqatlarni jamiyatga yetkazadi.

«Ovchi» esa ushbu kasb tabiatining sirli xilqatini ochib beradi. Qahramon Fozilning ota-bobolari unga uqtirib ketgan quyidagi so‘zlariga e’tibor bering: «ovchining lafzi ham, o‘zi ham halol bo‘lishi kerak, bolam. Yo‘qsa, u bir baloga giriftor bo‘ladi». Nafs insonni halokat qurboniga aylantirishini Toshtemir timsolida yuksak badiyat bilan so‘zlaydi.

«Vatan deb vatandan kechib» hikoyasi qonxo‘r Stalinning millatlarni o‘zi tug‘ilib o‘sgan go‘shasidan boshqa o‘lkalarga majburiy ko‘chirishdek g‘ayriinsoniy siyosati tufayli yurtimizga kelib qolgan insonlar mashaqqatu iztirobi haqida. Keyinroq esa o‘z ona yurtiga qayta boshlagan bu insonlarning murakkab ichki ruhiy iztiroblari aks etadi. Yomonotliq qilingan tatar millatiga mansub Ebrometning O‘zbekistonga kelgach, boshidan o‘tkazgan turli sinovlari, elimizdan ko‘rgan oqibati hikoya qilinadi.

U ketar jafosida «Kuyadigan joyim shundaki, bugunga kelib yana Vatan deb, Vatandek aziz bo‘lib qolgan yurtimni, qadrdonlarimni tashlab ketishga majbur bo‘layapman. Ichim tandirdan battar yonayapti. Bu taftni esa hech narsa bilan o‘chirib bo‘lmayapti», deb ko‘ziga yosh oladi.

Muallif bu millat vakillari qanday noqulay sharoitlarda yashab, qo‘li gulligi va mehnatkashligini hisobiga o‘zlarini o‘nglab ketishganini bayon qiladi: «Ularning ko‘chirilishi yoz oylariga to‘g‘ri kelgan. Toki yerto‘la, baraksimon turar joylar qurilgunga qadar ular chaylalarda yashab, kun ko‘rishdi. Ocharchilikka qaramasdan, kuniga 10-12 soatlab mehnat qilishib, qo‘lda zovurlar qazib, ko‘llarning suvini qochirishdi, to‘qay va qamishzorlarni tozalab, yer ochib, olmazor va uzumzorlar yaratishdi, poliz-sabzavotchilik mahsulotlari yetishtirishni yo‘lga qo‘yishdi».

«Bozorchi xotinlar qayerdan paydo bo‘ldi?» hikoyasida ayollar zimmasiga ro‘zg‘or tashvishlarini ortgan «erkaklar» yashaydigan jamiyat muammo va ko‘ngilxiraliklarga to‘lishini chuqur badiiy-falsafiy ifodalaydi.

«Kechikkan sovg‘a» esa dahshatli urushning og‘ir yo‘qotishlari, garchi g‘alaba qozonilgan bo‘lsa-da, aholining eng quyi qatlamlarida talofatlar mislsiz bo‘lgani, jang maydonlaridagi qonli kurashlardan tashqari tuganmas yetishmovchiliklar, armiyadagi qurol-yaroq taqchilligi tufayli yana millionlab insonlar nobud bo‘lgani ochib beriladi.

Urush urush bilan, lekin yozuvchi frontning qonli chizig‘idan go‘zallikni qidiradi. «Yerdan hali qor ketmagan bo‘lsa-da, bahor kelayotganini o‘rmondan taralayotgan muattar hiddan bilish mumkin edi. Ayniqsa oqqayinning shamolda sokin tebranib, shivirlashi kishiga nayning mayin sadosini eslatganday bo‘lardi».

Muallif bong urgan mudhish urush manzaralari, front ortidagi ulkan qiyinchiliklar bugungi kunda ham o‘zining ahamiyatini yo‘qotgan emas va doim ogohlikni talab qiladi: «Tanalarini bomba va snaryad parchalari bo‘lak-bo‘laklarga bo‘lib tashlagan, daydi o‘qlar vujudini ilma-teshik qilib yuborgan, tom bosib o‘lgan qariyalar, ayollar, bolalarni ko‘rdim. Hech bo‘lmasa biror kimsa ularning hisobini oldimikan? O‘zim ko‘rgan va guvoh bo‘lgan bu dahshatli manzaralarni ko‘z o‘ngimga keltirsam, hozir ham vujudimda dahshatli titroq turadi. Moskvadan Berlingacha bo‘lgan yo‘lning har qarichida inson qoni to‘kilgan, jasadi ko‘milgan».

Hikoya urushdan nogiron bo‘lib qaytgan va farzand ko‘rish imkoniyatidan mahrum bo‘lib qolgan Xudoyberdi o‘z sevgan yorining vasliga yetolmagan bo‘lsa-da, Xayrinisoga umrining oxiriga saqlanib qolgan beqiyos sadoqati to‘g‘risida.

«Unutib bo‘lmaydi ularni» hikoyasi Shahrisabz elining ma’naviyatini boyitishga, ko‘hna tariximizdan xabardor etishga katta hissa qo‘shgan ijodkor Mo‘min Azizov, ta’lim fidoyisi va qalamkash Abdirayim Abdusamatovga bag‘ishlangan: «Ijodkorning «Olamshumul siymo» hamda «Qashqa osmonida qo‘shyulduz» kabi tarixiy, badiiy-publitsistik ocherklari, maqolalarini jamlagan kitoblari nashrdan chiqib, xalqimizning boy ma’naviy merosiga aylandi. U kishining Amir Temur va temuriy hukmronligi davrlari haqidagi ilmiy izlanishlari har qanday tahsinga loyiqdir».

Abdurayim akaning yana bir xislati shu ediki, bu inson mumtoz qo‘shiqlarni nihoyatda qadrlar, hatto o‘zi dutor chertib, klassik qo‘shiqlarni maromiga yetkazib ijro eta olardi. U kishi sermahsul ijodkorlardan. «Tuhfa», «Zumrad shahar qo‘shiqlari», «Onamni eslab», «Yoniq chiroqlar» to‘plamlari nashr etilgan. Yaqinda yelib-yugurib, yana bir she’riy kitob – «Har qadaming gul» yangi to‘plamni tayyorlab, bosmaxonaga topshirgan edilar. Yaqinda bu kitob ham bosmadan chiqadi».

O‘ta muloyim, kamsuqum, kamtarin, samimiy inson Jabbor Xalilov haqida gapirganimda Shahrisabzdagi Hazora qishlog‘i, uning so‘lim tabiati, mehnatkash odamlari ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ladi. Xotiramda u kishining «menga ijod qilish baxtini ato etgan Yaratganga shukronalar keltiraman», deya so‘z yuritadi.

Taniqli shoirimiz Abdulla Oripov to‘g‘risidagi «She’riyatning haqiqiy sultoni edi» maqolasi buyuk iste’dod sohibining ko‘hna Keshga safarlari va bu muloqotlardan Sobir Primov olgan ibrati xususida: «Abdulla aka sohibqiron bobomiz haykalini ziyorat qila turib, «bu shaharga qachon tashrif buyurmay, bobomiz ruhi bilan suhbatlashib, dilimga allaqanday bir taskin, kuch olaman degandilar».

«Nozik yanganing hikoyalari» turkumidagi 10 ta hikoyaning barida Nozik yanga ijtimoiy adolat mayog‘i qiyofasida gavdalanadi. Oila ishlarida sabrlilik, g‘iybatchilik fojeasi, qiz uzatishda nimalarga e’tibor berish borasida fikr bildiradi. Otasini o‘ldirgan padarkushlar, ichkilikning ziyoni, oxiri ko‘rinmayotgan oilaviy mojarolarning katta ijtimoiy muammolari, omonat dunyoda o‘tkinchi hoyu-havaslardan voz kechish shartligi, oiladagi sadoqatning bebaho tuyg‘uligi haqida so‘z boradi.

Sobir Primov o‘zining qator maqolalarida esa ko‘plab saviyasiz elektron nashrlarda etika va qoidalar yo‘qligini, ahloqsizlik ochiqdan-ochiq targ‘ib etilayotgani jiddiy tanqid qilgan edi: «Birovning otasi yoki onasi ko‘chada qolgani yo‘q, hech kimga boshqa bir insonning sha’niga nisbatan yomon gapirish huquqi berilmagan. Bu ularning ma’naviyatsizligi, bilimsizligini ko‘rsatadi, xolos».

Muallif umrining so‘nggi yillarda yozgan «Chaqmoq chaqnagan tunda» qissasida asosiy qahramon Mahliyoning mushhish xatoga – qotillikka undagan asl sabablarni izchillik bilan o‘rganadi, bunday og‘ir qarorga kelishining psixologik-emotsional vaziyatini o‘rganadi.

Shafyor Rasul bir qiz va bir o‘g‘ilni kamolotga yetkazayotgan oilaning darz ketishi, qizi Munisa o‘z joniga qasd qilishi fojeasida «boshlanish nuqtalarni» tadqiq qilgan.

Ayolning o‘z eriga nisbatan sovuq va e’tiborsiz munosabati, noshukrligi, uzoqni ko‘ra olmasligi tufayli yillar o‘tib, ularning turmushi buziladi. Rasulning pul topish uchun Rossiyaga ketishi, qizi Munisa esa yovuz kimsalar zug‘umi-zo‘rligiga uchrab, o‘zini osishi bu oddiy fojea emas, millat dardiga aylangan mavzu.

Sobir Primov tiyratidagi keng fe’llik, adolatsizlikka toqatsizlik, ijobiy qaysarligi, do‘stlik ruhini ulug‘lashi, o‘zgarmas hayotiy haqiqatlari, falsafiy mushohadalari barchasi uning badiyatidagi qahramonlarga ko‘chib o‘tdi. Har bir obraz tabiatidagi o‘ziga xos xarakterlarni o‘quvchiga oson tilda yetkazadi.

Muallifning yaqin kursdoshlari, do‘stlari, mehnat jamoasi va shogirdlari – taniqli jurnalistlar va jamoat arboblari Bekqul Egamqulov, Sabohat Norbo‘tayeva, Abdunabi Haydarov, Komila Karomova, Ahror Ahmedov, Bozor Boltayev, Abdusamad Vohidov, Sofiya Uzoqova, Islomiddin Abrorov, Kamoliddin Karimov, Alimardon Rahmatov fikrlari esa bolalarcha beg‘ubor va samimiy bu insonning hayotdan izlagan hikmatlari, uning ulug‘ insoniy sifatlari, qalam tutgan qadoq kafti bilan olamga uzra ezguliklar nurini sochgani haqidadir.

Kitob keng o‘quvchilar ommasi uchun mo‘ljallangan.

Laziz Rahmatov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring