Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston eksportida an’anaviy hamkor davlatlar ulushi kamayib boryapti – MB

O‘zbekiston eksportida an’anaviy hamkor davlatlar ulushi kamayib boryapti – MB

O‘zbekistonda eksport hajmining sezilarli o‘sishi transport, turizm hamda axborotkommunikatsiya xizmatlari kabi yo‘nalishlarda kuzatilmoqda. Xususan, 2018-2024 yillar davomida turizm xizmatlari eksporti 3,4 barobarga, axborot texnologiyalari eksporti 4 barobarga, transport eksporti esa 1,7 barobarga oshdi.

Markaziy bankning «Pul-kredit siyosatining 2026 yil va 2027-2028 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari»ga doir axborotida eksportning geografik diversifikatsiyasi kengayishi ham kuzatilgani, eksport o‘sish sur’atlarida an’anaviy savdo hamkor davlatlarning hissasi asta-sekin kamayib borayotgani iayd etiladi.

Xususan, 2017-yilda O‘zbekistonning eksportida to‘rtta asosiy mamlakatlar (Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston va Turkiya) ulushi qariyb 64 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yil oxiriga kelib ushbu mamlakatlar ulushi 44 foizgacha pasaydi.

Eksport ulushining pasayishi Xitoy, Qozog‘iston, Turkiya, Rossiya, Eron, Koreya Respublikasi va boshqa davlatlar hissasida ham qayd etildi. Ushbu mamlakatlarga eksport hajmi o‘sishda davom etayotgan bo‘lsa-da, ayrim hamkor davlatlarga eksportning o‘sish sur’atlarida ma’lum sekinlashuv kuzatilmoqda.

Boshqa davlatlar bilan savdo hajmining jadal oshishi umumiy eksportda ularning ulushi ortishiga olib kelmoqda. Shu bilan birga, yuqorida qayd etilgan an’anaviy mamlakatlar asosiy eksport hamkor maqomini saqlab qolmoqda.

Mazkur jarayonlar bilan bir vaqtda, yangi geografik yo‘nalishlar bo‘yicha savdo oqimlarining o‘sishi qayd etilmoqda. 2017-2024 yillar davomida Fransiya, AQSh, Pokiston, BAA, Ozarbayjon va boshqa qator mamlakatlarga eksport hajmining barqaror o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Ushbu yo‘nalishlarda eksportning o‘sishi uran, neft mahsulotlari, ip-kalava, o‘g‘itlar, mis, maishiy texnika, yormalar va boshqa mahalliy tovarlarga tashqi talabning oshishi bilan izohlanadi.

Eksport nomenklaturasida tovarlar guruhi nomlari sonlari ham ortib bormoqda. 2017-yilda ularning soni 2 245 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yil oxiriga kelib ushbu ro‘yxat 4 359 ta tovar pozitsiyasigacha kengaydi.

Xususan, 300 dan ortiq turdagi oziq-ovqat mahsulotlari (asosan dukkaklilar va bug‘doy (un)), 400 ga yaqin nomdagi kimyoviy mahsulotlar (xususan mineral o‘g‘itlar), 300 ga yaqin tayyor va qayta ishlangan to‘qimachilik mahsulotlari, 180 dan ortiq nomdagi qora va rangli metallardan tayyorlangan tovarlar, shuningdek, 780 dan ziyod nomdagi mashina va uskunalar (asosan maishiy texnika) eksporti yo‘lga qo‘yildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring