Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Jahon banki hisobotida e’tirof etildi

O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Jahon banki hisobotida e’tirof etildi

Jahon banki O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijalariga bag‘ishlangan «Rising to Prosperity: Broadening Opportunities for All» nomli yangi hisobotini e’lon qildi. Ushbu hujjatga ko‘ra, mamlakat so‘nggi yillarda qashshoqlikni qisqartirish bo‘yicha jahonda eng tez va barqaror o‘sish ko‘rsatkichlaridan birini qayd etmoqda.

JB tahlillarida qayd etilishicha, O‘zbekistonda milliy qashshoqlik darajasi 2021-yildagi 17,0 foizdan 2025-yilga kelib 5,8 foizgacha pasayib, 3,7 millionga yaqin fuqaro qashshoqlikdan chiqarildi. Markaziy Osiyo va Yevropa mintaqasida yuqori-o‘rta daromad mezoni ($8.30/kun) bo‘yicha hisoblanganda, mintaqadagi qashshoqlik qisqarishining 40 foizdan ortig‘i aynan O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Iqtisodiy islohotlar natijasida mamlakatda aholining barqaror o‘rta qatlami ulushi 37 foizdan 72 foizgacha kengaydi. Ayniqsa, qashshoqlikning eng tez qisqarishi qishloq joylarda kuzatilib, ko‘rsatkich 19,8 foizdan 6,4 foizgacha tushdi va shahar hamda qishloq aholisining turmush darajasi o‘rtasidagi tafovut deyarli bartaraf etildi.

Bunday ijobiy o‘zgarishlarning bosh omili sifatida ish haqining oshishi, yangi ish o‘rinlarining yaratilishi hamda pensiyalarning o‘z vaqtida indeksatsiya qilinishi ko‘rsatilmoqda. Masalan, kam ta’minlangan erkaklar orasida yollanma mehnat bilan bandlik 18 foizdan 46 foizgacha ortgan.

Shu bilan birga, Jahon banki aholining 22 foizi hali ham iqtisodiy xavf-xatarlarga zaif ekanini ta’kidlab, kelgusida ayollar bandligini oshirish, maktabgacha va oliy ta’limni (STEM/ICT) rivojlantirish hamda manzilli ijtimoiy yordam tizimini (LIFA) yanada takomillashtirishni tavsiya etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring