Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va Vetnam o‘rtasida sayyohlar almashinuvi oshishi kutilmoqda

O‘zbekiston va Vetnam o‘rtasida sayyohlar almashinuvi oshishi kutilmoqda

Kecha Toshkent shahrida Vetnam Respublikasining turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Mazkur forum ikki davlat o‘rtasida sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini Vetnamda targ‘ib qilish va O‘zbekiston-Vetnam turizm sanoati vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga bag‘ishlandi.

Forumda O‘zbekiston va Vetnamning davlat va xususiy sektor vakillari, jumladan, hukumat vakillari, biznes rahbarlari va investorlar, shuningdek, ikki davlatning yetakchi mehmonxona brendlari va turizm kompaniyalari rahbarlari ishtirok etishdi.

Tadbirda joriy yilning 27 oktyabr sanasidan boshlab Toshkent va Vetnamning Fukok orollari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar faoliyati yo‘lga qo‘yilayotganligi ma’lum qilindi.

Muntazam ravishda haftada ikki marotaba amalga oshiriladigan reyslar orqali Vetnamdan mamlakatimizga sayyohlar oqimining oshirilishi, shuningdek, uchinchi davlat fuqarolarining mamalakatimiz orqali Fukok orollariga yetib olishlari uchun qulay imkoniyatlar yaratiladi.

«2023 yilda Vetnam Respublikasidan O‘zbekistonga 2 mingga yaqin turistlar kirib kelgan, joriy yilda esa bu ko‘rsatkich bir necha karra ortishi kutilmoqda. Bunda O‘zbekiston va Vetnam o‘rtasida turizm sohasida yo‘lga qo‘yilayotgan ikki tomonlama munosabatlarimiz ham alohida o‘rin tutadi. Vetnam davlatida yurtingizning tarixiy maskanlari, boy madaniy merosi va go‘zal tabiati bilan yaqindan tanishish maqsadida bo‘lganlar soni ortib borayotganligini qayd etishim lozim. Bu esa ikki tomonlama sayyohlar almashinuvida manfaatlidir», – deb aytib o‘tdi Vetnam rasmiysi Aleksandra Nguen.

Forum davomida O‘zbekiston va Vetnam tomonlari vakillari o‘rtasida B2B formatidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchilar turizm sohasining bugungi holatini muhokama qildilar, O‘zbekiston va Vetnam o‘rtasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlarini o‘rgandilar. Forum O‘zbekiston va Vetnam sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida bir qator shartnoma va anglashuv memorandumlarini imzolash marosimi bilan yakunlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring