O‘zbekistonda 1 iyuldan parallel qurilish amaliyoti bekor qilinadi
O‘zbekistonda 2026 yil 1 iyuldan boshlab yangi obyektlar bo‘yicha loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlarini bir vaqtda amalga oshirish (parallel qurilish) amaliyoti bekor qilinadi. Bu prezidentning tegishli farmonida ko‘zda tutilgan.
Uning o‘rniga tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich tayyorlanadigan loyiha asosida qurilish ishlarini olib borish tartibi joriy etiladi. Mazkur tartib tadbirkorlik subyektlarining o‘z mablag‘lari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlarga (ko‘p kvartirali uy-joylar) tatbiq etiladi.
Qurilish-montaj ishlari obyektning har bir bosqichi bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilgandan va Inspeksiya tomonidan ro‘yxatga olingandan so‘ng reja-grafik asosida boshlanadi.
Qurilish-montaj ishlarini belgilangan tartib-taomillarga muvofiq olib borish jarayonlari Inspeksiya tomonidan «Qurilishda davlat nazorati» elektron platformasida monitoring qilib boriladi.
Qurilish vazirligi Inspeksiya bilan birgalikda 2027 yil yakuniga qadar tajriba-sinovning ijobiy natijalariga ko‘ra uni davom ettirish va boshqa yo‘nalishlarda tatbiq etish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Shuningdek, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 25 ming baravarigacha bo‘lgan obyektlar uchun davlat xaridlari bo‘yicha texnik topshiriqlarni ekspertizadan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinmoqda.
Hujjatga ko‘ra, pudrat va loyiha tashkilotlarining ishlab chiqarish salohiyatini oshirish maqsadida 2029 yil 1 iyulga qadar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan qurilish maxsus texnikalari hamda laboratoriya va instrumental ko‘rik asbob-uskunalarini import qilishda bojxona boji undirilmaydi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter