Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda taksi agregatorlaridan narxlarning keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik talab etildi

O‘zbekistonda taksi agregatorlaridan narxlarning keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik talab etildi

Foto: Xabar.uz

O‘zbekistonda yirik taksi agregatorlarida kuzatilayotgan texnik nosozliklar fonida xizmatlar narxining keskin oshishi yuzasidan Raqobat qo‘mitasi o‘rganish boshladi. Qo‘mita agregatorlarning narx siyosati va insofsiz raqobat alomatlarini tekshirmoqda.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi kunlarda yirik taksi agregatorlaridagi texnik nosozliklar sababli boshqa raqobatchi agregatorlarda ham tig‘iz vaqtlarda taksi xizmatlari narxi bir necha barobargacha oshgan. Bu holat jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgan.

O‘rganish davomida xizmatlar narxining oshirilishi asosliligi hamda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qo‘mita taksi agregatorlaridan bir qator choralarni ko‘rishni talab qildi. Jumladan:

  • taksi xizmatlari narxini belgilash algoritmlarini qayta ko‘rib chiqish va narxlarning keskin, sun’iy oshishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • haydovchilar mablag‘larini hisoblariga o‘tkazishdagi texnik nosozliklarni bartaraf etish;
  • asossiz bloklangan haydovchilarni blokdan chiqarish;
  • bajarilgan buyurtmalar uchun nazarda tutilgan bonuslarni qayta hisoblab, to‘lab berish;
  • raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya qilish va raqobatchilarga nisbatan insofsiz raqobatga yo‘l qo‘ymaslik;
  • haydovchilar va yo‘lovchilar uchun 24 soat ishlaydigan texnik yordam markazlari uzluksiz faoliyatini ta’minlash.

Qo‘mita ta’kidlashicha, raqobat muhitidagi harakatlar iste’molchilar manfaatlariga zid bo‘lmasligi, xizmatlar narxi va sifati esa adolatli hamda shaffof tamoyillarga asoslanishi lozim.

Agar o‘rganishlar davomida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgani yoki iste’molchilar huquqlari poymol etilgani aniqlansa, belgilangan tartibda tekshiruv o‘tkazilib, tegishli choralar ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Rossiyadagi «Yandeks» kompaniyasining data-markazlari dronlar hujumiga uchrashi oqibatida O‘zbekistondagi taksi va yetkazib berish kabi qator xizmatlarda uzilishlar kuzatilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring