Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonlik tadqiqotchi SI yordamida qanday qilib «aqlli bog‘dorchilik»ni yo‘lga qo‘ymoqchi?

O‘zbekistonlik tadqiqotchi SI yordamida qanday qilib «aqlli bog‘dorchilik»ni yo‘lga qo‘ymoqchi?

Foto: Xabar.uz

Bugungi suhbatdoshim Zahro Sodiqova Buxoroda tug‘ilgan, Toshkent shahridagi INHA va AQShning Oklend shahridagi Linkoln universitetlarida tahsil olgan, Technovation Challenge kabi nufuzli dasturlarda ishtirok etgan yosh tadqiqotchi. Uning bugungi faoliyati diqqat markazida sun’iy intellekt yordamida «aqlli bog‘dorchilik» tizimini yaratish va ekologik barqarorlikka erishish turibdi. Global miqyosdagi texnologik loyihalarga milliy qadriyatlarni olib kirishni maqsad qilgan qahramonimiz Kremniy vodiysi tajribasidan tortib, shahar sharoitida barqaror o‘simlik yetishtirishgacha bo‘lgan qiziqarli rejalari bilan o‘rtoqlashdi.

– Siz maktab davridayoq matematika va ingliz tili fanlariga alohida yondashgansiz. Keyinchalik O‘zbekistondagi INHA universiteti va AQShdagi MBA ta’limi sizning bilimlaringizni yanada mustahkamladi, shunday emasmi?

– Ha, maktab davrimdanoq matematikaga alohida qiziqishim bor edi. Ayniqsa, INHA universitetida o‘qigan paytimda biznes matematikasi bilan chuqur shug‘ullandim. Bu menga strategik fikrlashni rivojlantirishga va har qanday biznesning eng muhim jihatlaridan biri bo‘lgan moliya sohasini chuqurroq tushunishga yordam berdi.

Ingliz tili esa dunyoqarashimni kengaytirishga xizmat qildi. Men Farhod Qodirov rahbarligidagi Genius English Courses markazidan juda minnatdorman. U yerda men tilni eng tabiiy usulda o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Shuning uchun ham MBA dasturida tahsil olish men uchun ancha yengil kechdi – chunki men Buxorodayoq amalda qo‘llanadigan ingliz tilini o‘rgangan edim.

– «Aqlli bog‘dorchilik» (Smart gardening) va sun’iy intellektni uyg‘unlashtirish g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi? Bu tizim oddiy bog‘bon yoki uy bekasining hayotini qanday yengillashtiradi?

– Sun’iy intellekt bugungi kunda hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Shuning uchun uni insonlar hayotiga haqiqatan ham yangi imkoniyatlar olib kiradigan yo‘nalishlarda qo‘llash juda muhim.

Sun’iy intellektni smart gardening — aqlli bog‘dorchilik bilan birlashtirish g‘oyasini o‘ylab topganimda, har bir oilada tez-tez beriladigan bir savoldan ilhom oldim: «Bugun nima pishirsam ekan?»

Tasavvur qiling, sizning bog‘ingizda yetishtirilayotgan organik o‘simliklar va ko‘katlar nafaqat dasturxoningizga sog‘lom mahsulotlar olib keladi, balki sun’iy intellekt orqali ulardan qanday taomlar tayyorlash mumkinligini ham tavsiya qiladi. Qaysi mamlakat yoki shaharda yashashingizdan qat’i nazar, bu tizim sizga yordam beradi.

Eng muhimi, SI oilangiz uchun qadrli bo‘lgan retseptlarni o‘rganib boradi, ularni moslashtiradi va shu tariqa avloddan-avlodga o‘tadigan taomlar hech qachon yo‘qolib ketmaydi. Bundan tashqari, aqlli bog‘dorchilik tizimi nafaqat taom tayyorlashga yordam beradi, balki bog‘ parvarishini ham ancha yengillashtiradi. Masalan, sun’iy intellekt o‘simliklarning holatini kuzatib, qachon sug‘orish, qachon o‘g‘it berish yoki qaysi o‘simlikka ko‘proq quyosh nuri kerakligini tavsiya qilishi mumkin.

Bugun ko‘pgina uy bekasi yoki oddiy bog‘bonlarda vaqt kam. Ayrimlar bog‘ qilishni xohlaydi, ammo o‘simlikni noto‘g‘ri parvarish qilib qo‘yishdan qo‘rqadi. Aqlli tizim esa xuddi maslahatchi kabi yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi: qaysi faslda nima ekish kerak, qanday qilib tabiiy usullar bilan hosilni asrash mumkin — barchasini tushuntirib beradi.

Yana bir muhim jihati — bu tizim ekologik yondashuvni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, suvni tejash, tabiiy o‘g‘itlardan foydalanish, mavsumiy mahsulotlar yetishtirish kabi masalalarda ham tavsiyalar berishi mumkin.

Maqsadim shunchaki texnologiya yaratish emas, istardimki, insonlar tabiatga yanada yaqinlashsin, o‘z bog‘ida yetishtirgan mahsulotdan foydalanib, oilasi bilan bir dasturxon atrofida jam bo‘lsin. Agar texnologiya shu jarayonni biroz bo‘lsa ham osonlashtirsa — demak, u haqiqatan foydali bo‘ladi.

– Siz o‘z oldingizga an’anaviy bog‘dorchilikni zamonaviy yechimlar bilan birlashtirishni maqsad qilib qo‘ygansiz. Bizning milliy dehqonchilik madaniyatimizda qaysi jihatlarni raqamlashtirish eng qiyin va eng muhim deb hisoblaysiz?

– Menimcha, milliy dehqonchilik madaniyatimiz so‘nggi yillarda ancha rivojlanmoqda. Biroq kelajakda uni yanada mustahkamlash uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish muhim.
Bizning yurtimiz juda hosildor va barakali yerlarga ega. Agar AI texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalansak, organik hosil yetishtirishni yanada samarali qila olamiz. Bu nafaqat hosildorlikni oshiradi, balki uglerod chiqindilarini kamaytirish orqali ekologik barqarorlikni saqlashga va sayyoramizni asrashga ham yordam beradi.

– «Technovation Challenge» dasturidagi ishtirokingiz va Kremniy vodiysi darajasidagi loyihalar ustida ishlash qanday strategik ko‘nikmalarni berdi? U yerdagi startap muhitidan O‘zbekiston sharoitiga nimalarni olib kirish mumkin?

– «Technovation Challenge» dasturida ishtirok etish menga bir vaqtning o‘zida bir nechta omillarni hisobga olish va har doim katta manzarani – ya’ni umumiy strategik maqsadni ko‘ra bilishni o‘rgatdi. Shu bilan birga, MVP (minimal ishlaydigan mahsulot) muvaffaqiyatsiz chiqqan taqdirda ham ishni to‘xtatmasdan, loyihani rivojlantirishni davom ettirish muhimligini tushundim.

Kremniy vodiysi startap muhiti esa juda ilhomlantiruvchi. U yerda startaplar doimo o‘zgarishi, yangi yo‘nalishlarga burilishi mumkinligini ko‘rasiz. Eng muhimi o‘zgarishlarni to‘g‘ri boshqara olish va jamoa bilan samarali muloqot qilishdir.

– Shahar sharoitida barqaror o‘simlik yetishtirish (urban farming) kelajakda oziq-ovqat xavfsizligi va ekologiyaga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Sizning loyihangiz bu muammoga qanday yechim beradi?

– Shahar sharoitidagi urban farming – shahar bog‘dorchiligi kelajakda sayyoramiz barqarorligiga katta hissa qo‘shishi mumkin. Chunki bunda e’tibor organik va barqaror usullarda yetishtirilgan mahsulotlarga qaratiladi.

Loyihamning asosiy maqsadi – texnologiyadan oqilona foydalanib, inson ehtiyojlari bilan birga, Yer sayyorasining manfaatlarini ham hisobga olishdir. Agar biz chiqindilarni kamaytirib, tabiatga ehtiyotkorlik bilan yondashsak, kelajak avlodlar uchun yanada sog‘lom muhit yaratishimiz mumkin.

– Odatda agronomiya yoki sun’iy intellekt kabi sohalar erkaklar yo‘nalishi sifatida ko‘riladi. Sizningcha, texnologiya dunyosida ayollarning intuitiv nigohi va oilaviy qadriyatlarga sodiqligi yangi innovatsiyalar yaratilishida qanday ustunlik beradi?

– Menimcha, agar texnologiya sohasida gender jihatidan muvozanat bo‘lsa, kelajak avlodlarga juda muhim bir xabarni yetkazamiz: har bir inson, jinsidan qat’i nazar, istalgan sohada o‘z hissasini qo‘sha oladi.

Bu esa yangi g‘oyalar, yangi qarashlar va yanada boy innovatsiyalar paydo bo‘lishiga xizmat qiladi.

– Bugungi o‘zbek qizi uchun muvaffaqiyatli texnologik tadbirkor va oilaning tayanchi bo‘lish o‘rtasidagi muvozanatni topish siri nimada? Siz bu ikki mas’uliyatni qanday birlashtirasiz?

– Men uchun oila eng katta tayanch va ilhom manbai. Oila-a’zolarim meni qo‘llab-quvvatlaydi va o‘z salohiyatimni ro‘yobga chiqarishimga ishonch bag‘ishlaydi.

Balki men butun dunyoni o‘zgartira olmasman, lekin ayrim insonlar hayotini yengilroq va mazmunliroq qilishim mumkin. Shu bilan birga, sayyoramizga g‘amxo‘rlik qilish ham men uchun muhim qadriyat. Sevgan ishim bilan shug‘ullanar ekanman, oilam ham doimo yonimda va ana shu holat – haqiqiy muvozanatdir.

Barno Sultonova suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring