«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi boshchiligida «Muborak» gazni qayta ishlash zavodida geologiya-qidiruv ishlari muhokamasiga doir sayyor yig‘ilish o‘tkazildi (Foto)
«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida geologiya-qidiruv ishlarining samaradorligi va natijadorligini oshirish, tabiiy gaz zaxirasi o‘sishini ta’minlash va joylarda qazib chiqarish borasida qilinayotgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
«Muborak» gazni qayta ishlash zavodida tashkil qilingan Maxsus shtabda o‘tkazilgan yig‘ilishda 2021-yilning boshida shu kunga qadar qilingan har bir ish va rejalashtirilgan vazifalarni joyida o‘rganish maqsadida tashkil etilgan sayyor yig‘ilishda tabiiy gaz qazib chiqarilishida unumdorligi yuqori bo‘lgan zamonaviy geologiya-qidiruv asbob-uskunalarini tezkor joriy qilish, ilg‘or texnika va innovatsion texnologiyalar bilan ta’minlash hisobiga geologiya-qidiruv ishlarini olib borish muhokama qilindi.
Yig‘ilishda uglevodorod xomashyo zaxiralarini oshirish bo‘yicha mas’ul bo‘lgan «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisining o‘rinbosari Qobuljon To‘xtayev, O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining boshqarma boshlig‘i Odash Karshiyev, «Neft va gaz ilmiy-tadqiqot, loyihalash instituti» rahbari Ulug‘bek Nazarov, «O‘zbekgeofizika» AJ rahbari Anvar Toshqulov, «Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti» rahbari Ravshanjon Yusupjonovlar ishtirok etishdi.
O‘rganish davomida, 2021-yil boshidan buyon bajarilgan geologiya-qidiruv ishlarining bugungi holati, uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirish ishlarining natijalari, bu borada joriy yil yakuniga qadar belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida olib borilayotgan ishlar, shuningdek, geologiya-qidiruv ishlarini samarali tashkil etish va jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
2021-yilning o‘tgan davri mobaynida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va rivojlantirish ishlariga «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan o‘z vaqtida yetarli miqdordagi moliyaviy mablag‘larning yo‘naltirilishi natijasida 280 kv km 3D seysmik-qidiruv ishlari bajarildi.
Yig‘ilishda, aynan shuning natijasida, 13 ta yangi maydon burg‘ilash ishlariga kiritilgani, 64,5 ming pogon metrdan ortiq burg‘ilash ishlari amalga oshirilgani, 8 ta quduq qurilish bilan tugatilgani va buning natijasida 2 ta «G‘arbiy Quyi Surgil» (Ustyurt regioni) va «Ijobat» (Buxoro-Xiva regioni) yangi konlari ochilgani ta’kidlandi.
Ushbu davr mobaynida uglevodorod zaxiralarini o‘stirish, yilning o‘tgan davrida tabiiy gaz zaxirasini 2,048 mlrd kub metrga (102,4%), suyuq uglevodorodlarni esa 0,265 mln tonnaga (265%) o‘stirilganligi qayd etib o‘tildi.
Boshqaruv raisi tadbirlarni amalga oshirish uchun 265,5 mlrd so‘m miqdoridagi moliyaviy mablag‘lar yo‘naltirilgani, shulardan 254,2 mlrd so‘mni burg‘ilash ishlariga, 9,3 mlrd so‘mni 3D seysmik-qidiruv ishlariga va yana 1,9 mlrd so‘mni esa ilmiy-tekshirish ishlariga sarflanganini ma’lum qildi.
«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan quduqlarni burg‘ilashni o‘z vaqtida tashkil qilish maqsadida, zarur material-texnik resurslarni sotib olish uchun qiymati 65 mln dollarni tashkil qilgan shartnomalar tuzilib, kerakli jihozlarni yetkazib berish ishlari boshlandi.
Bu borada qilingan ishlar, belgilangan vazifalar borasida «O‘zbekneftgaz» AJ Geologiya departamenti rahbari Gulmurod Mavlonov o‘z hisobotini taqdim qildi.
2021-yilda yangi konlarni ochish va zaxiralarni ko‘paytirish maqsadida, «Sho‘rtan» va «Uchqir» konlari hamda ularning atrofidagi hududlarda 1370 km kv 3D seysmik-qidiruv ishlarini bajarish, Jamiyat balansidagi 4 ta hamda Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan taklif etilgan 15 ta, jami bo‘lib esa 19 ta yangi maydonda 170 ming pogon metr hajmda izlov-qidiruv burg‘ilash ishlari olib borish, 50 ta izlov-qidiruv quduqlarini qurilish bilan tugatish bo‘yicha topshiriq berildi.
Boshqaruv raisi tomonidan burg‘ilash jarayonlarini uzluksiz tashkil etish, tegishli mutaxassislarni jalb etgan holda, bajarilayotgan ishlarni har bir hudud kesimida alohida o‘rganish natijasida yil yakuniga qadar 35 mlrd kub metr tabiiy gaz va 900 ming tonna suyuq uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirish bo‘yicha boshqarmalarning bosh geologlari hamda mas’ul rahbarlarga tegishli vazifalar belgilab berildi.
Geologiya-qidiruv ishlarining natijadorligi maydonlardagi burg‘ilash dastgohlarining yetarli darajada moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlanganligiga bog‘liq ekanligi sabab, bu borada yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ishlab chiqilgan tadbirlar tanqidiy muhokama qilindi hamda bu borada tegishli ko‘rsatmalar berildi.
«O‘zneftgazburg‘ilash ishlari» korxonasi rahbari Ulfat Amonovga burg‘ilash ishlari bo‘yicha mavjud kamchiliklarni qisqa vaqtda bartaraf etish, kechiktirib bo‘lmas choralarni ko‘rish kerakligi aytildi.
«O‘zbekneftgaz» AJ Burg‘ilash ishlarini muvofiqlashtirish departamenti Elyor Mamatovga burg‘ilash ishlarini tez va sifatli bajarilishi bo‘yicha doimiy monitoring o‘tkazish, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha Boshqaruv raisiga axborot kiritib borish hamda muammolarning bartaraf etilishi uchun barcha imkoniyatlardan foydalanish kerakligi belgilab berildi.
Ta’kidlash kerakki, geologiya-qidiruv ishlari doirasidagi burg‘ilash va boshqa zarur ishlarni bajarishga 10 ga yaqin burg‘ilash, geofizika va ilmiy-tadqiqot ishlariga ixtisoslashgan korxonalar pudratchi sifatida jalb etildi.
O‘rganishlar davomida geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish borasida Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik va buning natijasida amalga oshirilgan ishlar holati ham muhokamalar markazida bo‘ldi.
Shuningdek, «O‘zbekgeofizika» AJ va «Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti» davlat korxonalari tomonidan buyurtma asosida bajarilayotgan ishlar va tadqiqotlarning samaradorligi masalalari tahlil qilindi.
«O‘zbekgeofizika» AJ va «Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti» tomonidan «O‘zbekneftgaz» AJ mablag‘lari hisobiga bajarilayotgan ishlarga zamonaviy geofizik uskunalar va eng yangi texnologiyalardan foydalangan holda neft va gaz sohasida keng ko‘lamli qidiruv ishlarini amalga oshirish kerakligi ta’kidlandi.
Bu borada «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan geologiya-qidiruv ishlari dasturi doirasida 40 dan ortiq shartnomalar moliyalashtirilayotganligi ushbu ishlarni bajarish uchun mustahkam zamin yaratishi bildirildi.
O‘z navbatida, dasturiy komplekslarni qo‘llash orqali ularni zamonaviy talablarga mos holda amalga oshirishni boshlash zarurligi qayd etildi.
So‘nggi yillarda yangi konlarni ochishni ilmiy asoslash va geologiya-qidiruv ishlarining yangi yo‘nalishlarini aniqlash bo‘yicha tadqiqotlar yetarli darajada puxta bajarilmayotganligi va bu ishlarga yangicha yondashish zarurligi, zaxiralarni hisoblash ishlaridagi bir qator kamchiliklarni bartaraf etish lozimligi, izlov burg‘ilash ishlarini loyihalashtirish ishlarini zamonaviy darajada qayta tashkil etish talab etayotganligi, shuningdek, 3D seysmik-qidiruv ishlarini bajarishni yangi bosqichga ko‘tarishga kelishildi.
Boshqaruv raisi tomonidan «O‘zbekneftgaz» AJ Konlarni ishlatish departamenti rahbari Sirojiddin Mallayev va Sho‘rtan, Ustyurt, Gazli, Vodiy, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari Bosh geologlariga geologiya-qidiruv ishlari natijasida ochilgan yangi konlar va mahsulot olingan quduqlarni qisqa muddatlarda ishlab chiqarishga jalb qilish, bu orqali tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish, joylarda olib borilayotgan ishlarning natijadorligiga erishish, ishlarni jadallashtirish vazifasi topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi boshchiligidagi «Ishchi guruh» tomonidan hafta davomida Qashqadaryo viloyati hududida joylashgan tabiiy gaz konlari va quduqlarida olib borilayotgan ishlar samaradorligi o‘rganiladi.
«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter