Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pilla — og‘ir mehnat. Undan kelayotgan daromad kishilarni qoniqtiradimi?

Pilla — og‘ir mehnat. Undan kelayotgan daromad kishilarni qoniqtiradimi?

Foto: Xabar.uz

Joriy yilning 19 may kuni 40 mingga yaqin buxorolik pillakorlarning 2 ming 700 tonnadan ortiq «kumush tola» tayyorlab, Buxoro viloyati mamlakat miqyosida birinchilardan bo‘lib, rejani amalga oshirgani ma’lum qilindi.

«Xabar.uz» muxbiri bir oylik og‘ir mehnat evaziga ipak qurti boqqan xonadonlarning qancha daromad topgani bilan qiziqdi.

Ma’lum bo‘lishicha, viloyat bo‘yicha 46 ming 467 quti ipak qurti parvarish qilinib, yetishtirilgan hosilning asosiy qismi yuqori navlarga qabul qilingan.

Mavsum boshida «Agrobank», «Mikrokreditbank», «Qishloqqurilishbank», «Kapitalbank» viloyat filiallarining moddiy qo‘llab-quvvatlovi tufayli ipak qurti urug‘ini tarqatish jarayonida 40 ming ipak qurti boquvchisiga umumiy qiymati 23 milliard  so‘mdan ortiq avans, ya’ni bo‘nak puli berilgan. Bu har bir pillakorga 500 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi.

Xo‘sh, bu mablag‘ xonadonni qanoatlantiradimi?

«Yo‘q, albatta. Ammo bu har bir kishi mehnatini qadrlagan holda oldindan rag‘bat sifatida berilgan bo‘nak. Romitan tumanida yashayman. Ikki kelinim va men 3 quti ipak qurti boqdik. To‘g‘ri, mehnati og‘ir, ammo daromadi yaxshi. Ishlaymiz-da! Tun yarmidayam turib, ipak qurtlaridan xabar olish, ularni oziqlantirish kerak, turli hasharotlardan, sovuqdan asrash kerak. O‘rni kelganda, xuddi bolamizga qaragandek qaraymiz-da (kulib). Chunki uning ortidan farzandlarimizni boqamiz. Aslida, har bir qutidan 60 kilogrammgacha pilla yetishtirib berishimiz kerak edi. Biroq, har bir qutidan 85-100 kilogrammgacha pilla olishga erishdik. Va xonadonimizga 10 millionga yaqin moddiy daromad kirdi», — dedi ipak qurti boquvchisi Habiba Choriyeva.

Habiba Choriyevaning aytishicha, u «Temir daftar»ga kiritilgan oilalardan biri. Yil davomida paxta terimi hamda ipak qurti boqish orqali oilasini tebratadi.

Ma’lum bo‘lishicha, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 110 mingdan ortiq kishining bandligi ta’minlangan.  Shundan 19 870 nafari pilla hosili yetishtirish mavsumiga jalb etilgan.

«Rejadan tashqari qabul qilingan pillaning har kilogramiga tarozi boshida qo‘shimcha ravishda 40-45 ming so‘mdan mukofot pullari berilgan.  Bu 40 mingdan ortiq aholining har birining xonadoniga 8-9 millionga yaqin daromad kirdi, degani. Bugun xirmonda saranjomlangan yalpi hosilni qayta ishlash hisobidan 850 tonnadan oshiqroq yarim tayyor ipak mahsuloti ishlab chiqariladi va eksportga yo‘naltiriladi. Pillachilik mavsumining uchinchi va to‘rtinchi bosqich parvarishini o‘z ichiga olgan avgust–sentyabr oylarida agroklasterlar va ular tarkibidagi kasanachilar ko‘magida viloyatda 6 ming 970 quti ipak qurti boqiladi va undan 400 tonna atrofida pilla hosili yetishtiriladi. Bunga esa 100 mingdan ortiq ipak qurti boquvchilari jalb etiladi», — dedi viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Olim Jo‘rayev.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring