Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident qarori bilan davlat organlarida ijro intizomi yanada mustahkamlanadi

Prezident qarori bilan davlat organlarida ijro intizomi yanada mustahkamlanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Qaror matni O‘zAda e’lon qilingan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 avgustdagi «Ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoyishiga muvofiq vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning «Ijro.gov.uz» ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimiga  ulanishi ta’minlangan. 

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi tomonidan «Ijro.gov.uz» tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 800 dan ortiq qarorlari va topshiriqlarining to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan test rejimida tizimli nazorat olib borilmoqda. 

Shu bilan birga, yaratilgan sharoitlarga qaramasdan, ayrim vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro intizomi nazoratini sifatli va samarali tashkil qilish, shuningdek, o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar hanuzgacha talab darajasida yo‘lga qo‘yilmayapti. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlariga rioya etish masalalarida mas’uliyatsizlik va rasmiyatchilik holatlari uchramoqda, jamoatchilik nazoratini tashkil etish uchun zarur sharoitlar yaratish borasidagi choralar samarasizligicha qolmoqda, ish yuritishning ichki jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilmayapti, shuningdek, ijro intizomiga konservativ-buyruqbozlik bilan yondashilishiga yo‘l qo‘yilmoqda, deyiladi qarorda.

Qarorda belgilanishicha:

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarining to‘liq va o‘z vaqtida ijro etilishi yuzasidan nazorat olib boruvchi, shuningdek, «Ijro.gov.uz» tizimi bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiruvchi mas’ul davlat organi hisoblanadi; 

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi «Ijro.gov.uz» tizimini doimiy asosda texnik qo‘llab-quvvatlash va takomillashtirishni ta’minlovchi ishchi organ hisoblanadi; 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tuzilmalari maxfiylik belgisi ostidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari ma’lumotlar bazasini yuritish va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun mas’ul; 

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markazi ommaviy axborot vositalarida vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarining ijro etilishi haqidagi jamoatchilik fikrini baholab borish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Islohotlarni huquqiy ta’minlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Bosh prokuraturasiga axborot kiritib borish uchun mas’uldir. 

Qaror bilan «Ijro.gov.uz» ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimining ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi, vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar ushbu nizomga muvofiq «Ijro.gov.uz» tizimida doimiy ishlashning tashkil qilinishini ta’minlaydilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring