Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident vijdon erkinligi to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

Prezident vijdon erkinligi to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ–699-son, 05.07.2021 y.) Prezident tomonidan imzolangani haqida xabar qilingandi.

Ushbu Qonunga batafsil sharh berildi.

E’tiqodlar xilma-xil bo‘lgan va ko‘p millatli jamiyatda bag‘rikenglik, hamjihatlik va o‘zaro totuvlik muhiti, insonparvarlik va mehr-oqibat tuyg‘ularini shakllantirish hamda mustahkamlash ijtimoiy hayot farovonligiga erishishning asosiy garovidir.

Din shaxsiy dunyoqarash va amal bo‘lib, qonun uni to‘liq kafolatlaydi, har bir shaxsni diniy hissiyotlari kamsitilishidan himoyalaydi.

O‘zbekiston qadimdan turli millat va elat hamda konfessiya vakillari o‘zaro tinch-totuv yashab, o‘z diniy ibodat va rasm-rusumlarini emin-erkin bajarib kelgan bag‘rikeng diyor sifatida qadrlanadi. Mamlakatimizning ushbu yo‘nalishda olib borayotgan izchil siyosati xalqimiz va jahon hamjamiyati tomonidan haqli ravishda e’tirof etilmoqda.

Yurtimizda vijdon erkinligini ta’minlash har doim ustuvor vazifalardan biri bo‘lib kelgan. Shu bois, parlamentimiz tomonidan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonun yangi tahrirda ishlab chiqildi va qabul qilindi.

Ushbu maqsadda, Qonun vijdon erkinligi me’yorlarini aniq ko‘rsatib, fuqarolarning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmasligini ta’minlaydi. Shuningdek, har qanday dinga zo‘ravonlik bilan kiritishni taqiqlaydi.

Demokratik davlatlar qatorida, qonun ustuvorligi tamoyilidan kelib chiqib O‘zbekistonda ham dinning siyosatga aralashishi hamda dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi Qonunda aniq ko‘rsatildi.

Qonunni tayyorlashda shu boradagi xalqaro me’yor va talablar, birinchi navbatda, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining umumiy tartibdagi sharhlari puxta o‘rganilib, ulardagi asosiy qoida va tamoyillar inobatga olindi.

Yurtimizda tarixan shakllangan an’ana, urf-odat va qadriyatlarni hisobga olgan holda, Qonunda hamkorlarimiz – Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar ekspertlari tomonidan berilgan tavsiyalar o‘z aksini topdi.

Qonundagi prinsipial yangiliklar haqida gapirganda, ular diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning izchil davomi sifatida, avvalo, har bir insonning vijdon erkinligini ta’minlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga, huquqni qo‘llash amaliyotiga aniqliklar kiritishga alohida e’tibor qaratilganini qayd etish lozim.

Bu yangiliklar ayniqsa quyidagi masalalarda yaqqol namoyon bo‘ladi.

Birinchidan, Qonun asosida diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish bilan bog‘liq tartib soddalashtirilib, bu borada muhim yengilliklar joriy etilmoqda.

Xususan, mahalliy diniy tashkilotlar, jumladan, masjidlar va boshqa konfessiyalarning ibodatxonalarini tashkil etish bo‘yicha tashabbuskor fuqarolar soni ikki barobar kamaytirilib, 50 nafardan kam bo‘lmagan etib belgilandi. Shuningdek, diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy ta’lim muassasalarini tuzish uchun ham 100 nafar tashabbuskor bo‘lishi haqidagi talab bekor qilindi.

Diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlar to‘liq elektron shaklda, inson omilisiz amalga oshirilishi joriy etildi.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi adliya idoralariga taqdim etiladigan hujjatlar soni keskin qisqardi, ularni ko‘rib chiqishning muddati esa 3 barobarga kamaydi, ya’ni 3 oydan 1 oyga tushirildi.

Bu bilan diniy tashkilot tuzish tashabbuskorlariga qulay, tez va sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi, ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi.

Diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish asoslari Qonun bilan belgilanib, unda ko‘rsatilmagan asoslarga ko‘ra rad etishga yo‘l qo‘yilmasligi ta’minlandi.

Shu bilan birga, diniy tashkilotning faoliyatini to‘xtatib qo‘yish va tugatish faqatgina sud orqali bo‘lishi, ro‘yxatdan o‘tkazadigan va boshqa davlat organlari bunga haqli emasligi, mansabdor shaxslarning
muayyan diniy tashkilot qonuniy manfaatlarini buzuvchi xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilinganda diniy tashkilot davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi kabi qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutildi. Bu ham ilgari tariximizda bo‘lmagan mexanizmlardir.

Ikkinchidan, diniy ta’limning professional maqomi rasman e’tirof etildi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining, dinga bo‘lgan munosabatidan qat’i nazar, dunyoviy ta’lim olish huquqi ta’minlanishi qayd etildi.

Har qanday shaxsning «o‘zicha» aholiga diniy ta’lim berishi –noan’anaviy aqidalarning tarqalishiga, mutaxassis bo‘lmagan shaxslar tomonidan sof diniy masalalar bo‘yicha biryoqlama tushunchalar berilishiga olib keladi.

Bu esa jamiyatda diniy masalalar bilan bog‘liq ixtiloflar kelib chiqishiga, aholining yot g‘oya va qarashlar ta’siriga tushishiga sabab bo‘ladi. Shu maqsadda, diniy ta’lim muassasasidan tashqarida diniy ta’lim berish noqonuniy faoliyat sifatida belgilandi.

Uchinchidan, amaldagi qonunchilik hujjatlarida «ibodat libosi» tushunchasining huquqiy ta’rifi mavjud emasligi sababli jamoat joylarida ibodat libosida yurishga taqiq Qonundan chiqarib tashlandi.

Shu bilan birga, amaldagi boshqa qonunchilik hujjatlariga asosan, davlat tashkilotlari va muassasalarida xodimlarning kiyinishiga oid talablar ularning ichki hujjatlari bilan tartibga solinadi.

To‘rtinchidan, diniy tashkilotni tuzish uchun talab etib kelingan mahalla fuqarolar yig‘inlari roziligini olish tartibi bekor qilindi. Diniy tashkilot tuzish tashabbuskorlari ortiqcha xat-hujjatlarni yig‘ishdan xalos bo‘ldilar.

Beshinchidan, bugungi kunda dunyoning ko‘pgina mintaqalarida notinch vaziyat hukm surayotgani tufayli diniy omildan g‘arazli maqsadlarda foydalanish kuchayib borayotganini inobatga olib, O‘zbekiston hududida buzg‘unchi g‘oyalarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun diniy mazmundagi bosma, audio va video mahsulotlarni ekspertizadan o‘tkazish dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Qonunda, jamiyatda turli yot qarashlarni targ‘ib qilayotgan guruhlarning faoliyati, ular tomonidan tarqatilayotgan buzg‘unchi g‘oyalarning salbiy ta’siridan aholini himoya qilish maqsadida diniy mazmundagi materiallarni dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgandan keyin tayyorlash, olib kirish va tarqatish belgilab qo‘yildi.

Bundan tashqari, davlat idoralari tomonidan qonun normalari noxolis talqin qilinishi va turlicha qo‘llanishining oldini olish maqsadida atama va tushunchalarga ta’riflar keltirildi, ular aniq va ravshan tarzda bayon etildi.

Negaki, qonun atamalarining noto‘g‘ri talqin qilinishi natijasida turli tushunmovchiliklar, masalaga noxolis yondashuv holatlari vujudga kelishi mumkin. Shu kabi omillardan kelib chiqib, Qonunda har bir insonning Konstitutsiyamiz bilan kafolatlangan huquqlariga mos ravishda, fuqarolarga diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilandi.

Ushbu qo‘shimchalar jamiyatda turli konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik aloqalarini yanada mustahkamlashga, yuz berishi mumkin bo‘lgan turli tushunmovchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Diniy qarash va ta’limotlarning turlicha talqin qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida «noqonuniy diniy faoliyat» bilan «qonuniy diniy faoliyat» o‘rtasidagi chegara aniq belgilab qo‘yildi hamda «diniy ta’lim» tushunchasiga huquqiy jihatdan aniqlik kiritildi.

Shuningdek, Qonun bilan belgilab qo‘yilayotgan vijdon erkinligini ta’minlash sohasidagi asosiy ustuvorliklar konfessiyalar o‘rtasida tinchlik va totuvlikni ta’minlash, dunyoviy davlatchilik tamoyilini kafolatlash, shuningdek, aholi ongi va qalbiga yot g‘oyalarning singdirilishiga qarshi ma’rifat yo‘li bilan kurashishni nazarda tutadi.

Shu o‘rinda yana bir bor ta’kidlaymiz, O‘zbekiston – ko‘p konfessiyali mamlakat. Unda istiqomat qiladigan 130 dan ortiq millat va elat vakillari 16 konfessiyaga amal qiladi. Ularning o‘zaro tinch, totuv va hamkor faoliyat ko‘rsatishi Vatanimiz ravnaqi, yurtimiz tinchligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Qonunda fuqarolarning huquqlarini ro‘yobga chiqarish va jamiyatda tinch-totuvlikni ta’minlashga, fuqarolarning munosib hayot kechirishiga shart-sharoit yaratishga davlatning kafil ekani qayd etildi.

Mazkur Qonun diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlashga, dinning asl mohiyatini anglashga, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitet hosil qilishga, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shadi.

Umuman olganda, ushbu Qonun inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar bilan kafolatlangan, diniy sohada umume’tirof etilgan huquq va erkinliklar, yurtimizdagi hozirgi diniy vaziyatning o‘ziga xos xususiyatlari va bevosita O‘zbekistonda dinlararo munosabatlar shakllanishining tarixiy sharoitlarini o‘z ichiga olgani bilan ahamiyatlidir.

Qonun turli dinlarga e’tiqod qiluvchi mamlakatimiz fuqarolari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikka asoslangan munosabatlarini saqlab qolish va yanada mustahkamlash, ularning diniy e’tiqod bilan bog‘liq qadriyatlari, urf-odat va an’analari hurmat qilinishi hamda to‘liq ta’minlanishini kafolatlaydi.

Bu esa, hech shubhasiz, yangi O‘zbekistonni barpo etish va uni dunyoga tarannum qilishning eng muhim sharti va garovidir.

Qonunning to‘liq varianti «Xalq so‘zi» gazetasida e’lon qilindi va bugundan kuchga kirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring