Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident yangi qonunni imzoladi. U atom energiyasidan foydalanish haqida

Prezident yangi qonunni imzoladi. U atom energiyasidan foydalanish haqida

Foto: Prezident matbuot xizmati

Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risidagi Qonun (O‘RQ–565-son, 09.09.2019-y.) Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Ushbu Qonunga ko‘ra, atom energiyasidan foydalanish ob’yektlari davlat mulki yoki Prezident tomonidan belgilanadigan yuridik shaxslar mulki hisoblanadi.

Mazkur ob’yektlar ro‘yxati Prezident tomonidan tasdiqlanadi.

Energetika vazirligi ushbu sohadagi vakolatli organ hisoblanadi va atom energetikasini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi esa atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga soluvchi maxsus vakolatli organ hisoblanadi.

Qonunga muvofiq, fuqarolar yadroviy qurilmalar xavfsizligi to‘g‘risida tegishli davlat organlaridan axborot so‘rash va olish, tanishish, yadroviy qurilmalar punktlariga belgilangan tartibda tashrif buyurish huquqiga ega.

Shuningdek, Qonunga ko‘ra, yadroviy qurilma zonalarida ruxsat etilmagan yig‘ilishlar va boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkazish taqiqlanadi.

Qonun bilan radioaktiv chiqindilarni O‘zbekiston hududiga olib kirish va olib chiqish masalasi ham tartibga solingan bo‘lib, unga ko‘ra respublika hududiga faqat ilgari olib chiqib ketilgan radioaktiv chiqindilar va qayta ishlash mahsulotlari olib kirilishiga yo‘l qo‘yiladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring