Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qaynona-kelin: o‘n bir yillik janjal

Qaynona-kelin: o‘n bir yillik janjal

Qaynona va kelin o‘rtasidagi munosabatlar, ziddiyat va ixtiloflar ko‘hna zamonlardan beri bor. Ularning kelishmovchiligi haqida ko‘p va xo‘p aytilgan. Bu borada ba’zilar qaynonani ayblasa, ayrimlar kelinni qoralaydi. Bir-biri bilan murosa qilgan qaynona-kelin kam topiladi. Nahotki o‘zaro murosa qilib yashash shunchalik qiyin bo‘lsa? Azaliy kelishmovchilikni oldindan bartaraf etish mumkin emasmi? Quyida shu kabi savollarga mutaxassis javoblari bilan tanishasiz.

Boricha qabul qilish... mashaqqati

??? «Men yaqinda bir oilaga kelin bo‘lib tushdim. Momolarimiz aytganiday, «o‘zga xonadonda toshday qotishim» uchun nimalarga e’tibor berishim kerak?»

T.J.

Qizlarimiz turmushga chiqqanlaridan keyin yangi hayotga qadam qo‘yish bilan birga, ularning yelkasiga katta mas’uliyat, javobgarlik tushadi. Ota-onasining uyida emin-erkin yurib, aytgani ado etilgan qizlar begona xonadonga borgach, erkinliklari cheklanadi. Bu esa ularning ruhiy holatiga ta’sir qiladi.

Yangi kelinlarimiz, avvalo, har bir xonadonning urf-odati, an’analari, qoidalariga moslashishga harakat qilishlari lozim. Bu borada kelinjonlarimiz yo‘l qo‘yadigan eng katta xato shundaki, ular yangi oilani o‘z xonadoni bilan solishtira boshlaydilar. Oqibatda o‘nib-o‘sgan maskanini yaxshi, yangi uyini yomonga chiqarib, qiyin ahvolda qolishadi.

Eng to‘g‘ri yo‘l: yangi xonadonni boricha qabul qilib, uning haqiqiy a’zosiga aylanishga intilishdir. Buning uchun esa o‘sha oilaning yashash tarziga hurmat bilan munosabatda bo‘lish kerak, shunda atrofdagilar kelinni o‘z oila a’zosidek qabul qilishadi. Agar yangi kelinlar uyalib, shaxsiy fikrini ayta olmasa, boshqalar ham uni tushunishga qiynalishadi. Shunday ekan, eng samarali yo‘l: tushunmaganini uyalmasdan so‘rash va, albatta, o‘rganishdir.

Har qanday insonning yetti yot begona sharoitga moslashuv davri 3 – 6 oy! Bu vaqt mobaynida sabr qilib, «hayot shundan iborat», deya hech nima bilan taqqoslamasdan, kelgan joyini astoydil qabul qilgan kelinlar yutadi. Turmushga chiqqan qizlarimiz mehr-muhabbat ato etgan onasini bir umr qalbida saqlagan holda, qaynonasining ham hurmatini joyiga qo‘yishsa, qaynona-kelin muammosidan ancha uzoqlashgan bo‘ladilar.

O‘g‘il ajrashmaydi... janjal esa avjida!

Mening dugonam yolg‘iz o‘g‘li uchun kelin olishda adashdi. Oqibatda o‘n bir yil mobaynida kelini bilan o‘rtasida janjal to‘xtamadi. Bu orada uch nafar nevara tug‘ildi. Besabr kelini ko‘p marta dugonamning ko‘nglini qoldirdi. Oxirgi bir yildan buyon qaynona-kelin gaplashmay ham qo‘yishdi. Dugonamning o‘g‘li esa, «xotinim bilan shuncha yil yashab qo‘ydim, ajrashmayman», deyapti. Qanday yo‘l tutgani ma’qul?»

Dilorom opa, 55 yosh

Mazkur vaziyat tahlilidan kelib chiqsak, demak, ona o‘g‘liga ko‘p erkinlik berib yuborgan. Bugungi kundagi hayoti o‘g‘liga bergan tarbiyasining mevasidir. Oilasiga boshqa kelin kelgan taqdirda ham ahvol shu tarzda takrorlangan bo‘lardi.

Bizda ayollar o‘z farzandlari, ayniqsa, yolg‘iz bolasi uchun barcha sharoitni bekamu ko‘st yaratib berishadi, o‘zi yemasa ham yediradi, kiymasa kiydiradi. Eng katta xato esa onaning o‘zini unutib qo‘yishidir. U o‘g‘liga shirinlik tutqazib, «menga ham berasan-a?» deyish, in’omni qaytarish kerakligini o‘rgatmaydi. Ammo bolasi ulg‘aygach, farzandidan xuddi shuni kuta boshlaydi. O‘g‘lingiz yoki qizingizga bolaligidan berishni o‘rgatmay, yana nimani kutasiz? Agar farzand onasiga mehr ko‘rsatishi kerakligini bilganida rafiqasidan ham shuni talab qilardi.

Bu onaga aytadiganim: tagi kuyib ketgan oshingizni yegingiz kelmayaptimi, demak, mazali taomni boshqatdan pishirasiz. Lekin ancha vaqt kerak bo‘ladi. Kelinni emas, o‘g‘lingizni tarbiyalang. Unga mehr berib, chiroyli taomlar tayyorlang, ko‘proq muloqotda bo‘ling. «Esingdami, bolaligingda qanday eding? O‘shanda menga bergan narsangni bekor olmagan ekanman. Bugun falon shirinlikdan ozgina keltirib ber, sening qo‘lingdan yeyish boshqacha-da, bolam» deb, o‘zingiz uchun nimadir olib kelishni o‘rgating. Shu tariqa o‘g‘lingizdan e’tiborni talab qiling, unga kelinnikidan ham ziyoda mehr ko‘rsatib qo‘ying. Ana shunda o‘g‘lingiz xotini bilan birga siz tomon intilishiga sababchi bo‘lasiz.

Yoshingiz ellikdan oshgan ekan. Bunday yoshdagi qaynona yurish-turishi, toat-ibodati, chiroyli muomalasi bilan keliniga o‘rnak bo‘lishi kerakligini ham unutmang.

«Onamni desam... rafiqam...»

??? Mening onam o‘zi tanlagan qizni kelin qilgan. Ammo endi uni yoqtirmayapti. Boshim qotgan, chunki xotinim mehribon, oqibatli. Beixtiyor bir og‘iz maqtab yuborsam, onam tumtayib oladi. Iltimos, maslahat bering. Faqat «onangiz kelinining o‘rniga qizini qo‘yib ko‘rsin», demang! Aslo bunday bo‘lmaydi. Onamga kelini yoqmaydi, vassalom! Uni ko‘rsa, o‘z-o‘zidan qovog‘i uyulaveradi, jahli chiqadi. Ayniqsa, xotinim menga gapirsa, onamning tepa sochi tikka bo‘ladi. Nima qilay, ajrashaymi yoki ikki o‘t orasida yuraveraymi?

R.

Bunday muammo aksariyat oilalarda uchraydi. Gap shundaki, ona bir murg‘ak vujudni voyaga yetkazish uchun kechani kecha demay uyqusidan kechadi, kerak bo‘lsa o‘zi yemay yedirib, anchagina ter to‘kadi, niyat va sabr qiladi. Hosilining mevasini yeyman degan vaqtda esa unga sherik paydo bo‘ladi. O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir! Ona avvaliga o‘g‘liga to‘y qilish orzusida kelin qilganiga xursand bo‘lib uni kutib oladi, ammo keyin yoqimsiz holat boshlanadi.

Vaziyat tizgini esa o‘g‘ilning qo‘lida! Agar u to‘g‘ri tushunib, onasini oldingiday hurmat qilsa, bu unchalik bilinmaydi. Aksincha bo‘lsa, ya’ni o‘g‘il ko‘proq ayoliga VAQT va E’TIBOR ajratsa, tamom! Onaning ichki instinkti xuddi yosh bolalar volidasini go‘dakligida qizg‘anganday bo‘ladi-qoladi. Bu paytda kimligidan qat’i nazar, qaynonami yoki qaynotami, IChKI ISYoN paydo bo‘la boshlaydi va bu, albatta kelinni yomon ko‘rishga olib keladi. Xalqimizda ajoyib naql bor: «Kelining yomon bo‘lsa o‘g‘lingdan ko‘r, kuyoving yomon bo‘lsa qizingdan!»

Shunday ekan, kelinini yomon ko‘radigan qaynonalarga aytar so‘zim: o‘g‘lingiz bilan munosabatingizga oydinlik kiriting, kelishing. Qanday munosabat bo‘lsa sizga yoqadi? Shu haqda tahlil qilib ko‘ring!

Siz, o‘g‘illar esa onangizni to‘g‘ri tushuning va volidai muhtaramangiz uchun albatta vaqt ajrating, E’TIBORli bo‘ling. Ayolingizga muhabbatingizni onangiz oldida ko‘rsatmang. Muhabbat, eng avvalo, ikki kishi o‘rtasida bo‘lgani ma’qul, uni ehtiyot qilishni bilsangiz uzoqqa boradi.

Aksariyat erkaklar «men ishdaman, vaqtim yo‘q», deyishadi. Vaqtni to‘g‘ri rejalashtirish va taqsimlashni o‘rganish kerak. Agar o‘g‘il adolatli bo‘lmasa, tarozining bir pallasiga ko‘proq e’tibor bersa, ikkinchi tomonida ISYoN tug‘iladi. Ba’zida esa aksincha, ota-onaga e’tibor berib, xotiniga e’tiborsiz bo‘lganda kelinda ISYoN paydo bo‘ladi, chunki endi unda ayollik instinkti ishga tushadi.

Shu bois ham erkaklar oila uchun mas’uldirlar. Agar ular aql bilan ish tutishsa, hammasi maromida kechadi!

Baxtiniso Azimboyeva,

ruhshunos, shifokor-valeolog.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring