Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qaytarilayotgan millionlar emas, tiklanayotgan ishonch (foto)

Qaytarilayotgan millionlar emas, tiklanayotgan ishonch (foto)

Foto: Xabar.uz

O‘zbekistonda so‘nggi o‘n yilliklarda eng ko‘p bahslarga sabab bo‘lgan, eng og‘riqli savollardan biri bor edi: korrupsiya orqali xorijga, xususan, Shveysariya bank tizimiga chiqib ketgan milliardlab mablag‘lar taqdiri nima bo‘ladi? Bu savol faqat pul haqida emas, adolat, davlatning siyosiy irodasi va jamiyatning kelajakka bo‘lgan ishonchi haqida edi.

Aynan, shu ijtimoiy bosim, yillar davomida to‘plangan norozilik va ochiq muhokamalar natijasida korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Shveysariya Konfederatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Ishonch» jamg‘armasi (Uzbekistan Vision 2030 Fund) aynan shu tarixiy ehtiyojdan iborat mexanizm sifatida maydonga chiqdi. Bu jamg‘arma oddiy moliyaviy tuzilma emas, balki, davlatning o‘tmishdagi xatolarga munosabati va kelajak oldidagi mas’uliyatining sinovidir.

Ma’lumki, Shveysariya prokuraturasining ko‘p yillik xalqaro tergovlari natijasida Gulnora Karimova bilan bog‘liq korrupsion sxemalar orqali orttirilgan aktivlar musodara qilingan edi. Xalqaro kelishuv asosida bu mablag‘lar O‘zbekiston xalqining manfaati uchun qaytarilishiga erishilgan. 2022-yilda 131 million AQSh dollari miqdoridagi birinchi transh, 2025-yilda esa 182 million dollarlik ikkinchi transh mamlakatga qaytgan. Jami 313 million dollardan ortiq mablag‘ ilk bor xalqaro nazorat ostida, aniq ijtimoiy maqsadlar uchun sarflanayotgan ochiq mexanizm orqali xalqqa yo‘naltirilmoqda.

Bu raqamlar qog‘ozda qolib ketmayotgani Buxoro viloyatiga amalga oshirilgan tashriflar chog‘ida yaqqol ko‘rindi. UNESCOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati, Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklari, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillaridan iborat jamg‘arma boshqaruv qo‘mitasi joylarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan bevosita tanishdi.

Ta’kidlanishicha, «Ishonch» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, homiladorlik va chaqaloqlar o‘limi ko‘rsatkichlarini kamaytirish maqsadida 227 ta perinatal markazni modernizatsiya qilish dasturi amalga tatbiq etilmoqda. Ta’lim sohasida esa inklyuziv ta’lim va raqamli o‘qitishni kuchaytirish, maktablar infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan islohotlar bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

Shuningdek, qishloq maktablariga yo‘naltirilgan 20 million dollarlik alohida loyiha doirasida moddiy-texnika bazasi yangilangan. Suv va sanitariya sharoitlari yaxshilanib, energiya tejovchi tizimlar o‘rnatilmoqda. Natijada 31 500 nafardan ortiq o‘quvchi va 2 700 nafardan ziyod o‘qituvchi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish mumkin bo‘lgan shart-sharoitlar yaratilishi ko‘zda tutilgan.

«Buxoro viloyatida jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 151 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida 216 ta inklyuziv ta’lim sinfi tashkil etildi va 280 nafar alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bola ta’lim jarayoniga jalb qilindi. «Ishonch-2030» loyihasi doirasida Romitan tumanidagi 1-sonli, Kogon shahridagi 3-sonli va Buxoro shahridagi 45-sonli maktablarda inklyuziv ta’lim muhitini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi», — dedi Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov.

Buxoro hokimi ta’kidlaganidek, bu natijalar hududda ta’limda teng imkoniyatlarni ta’minlash, inklyuziv muhitni bosqichma-bosqich joriy etish yo‘lidagi izchil islohotlarning amaliy samarasidir. Ayni paytda amalga oshirilayotgan «Vision 2030», ya’ni O‘zbekistonda ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish hamda «Ishonch 2030» loyihalari viloyatda ta’lim va ijtimoiy infratuzilmani mutlaqo yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Rejalar bundan ham katta bo‘lib, Buxorodagi qolgan 454 ta maktabda ham to‘liq inklyuziv ta’lim muhitini yaratish, o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini oshirish, raqamli va inklyuziv ta’lim metodlarini keng joriy etish ko‘zda tutilgan.

Biroq, jamg‘arma atrofidagi eng muhim savol pulning qayerga sarflanayotganida emas, balki, u qanday nazorat qilinayotganida. «Xabar.uz» muxbiri tomonidan berilgan savollar ham, aynan, jamiyatni o‘ylantirayotgan nuqtalarga qaratildi: bu mablag‘lar sarfida yana korrupsiya xavfi yo‘qmi, shaffoflik qanday ta’minlanadi, samarasiz yoki maqsadsiz sarflash uchun kim javob beradi va eng muhimi, bu pullar haqiqatan ham korrupsiyadan jabr ko‘rgan aholi qatlamlariga yetib boryaptimi?

BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Machl javobida «Ishonch» jamg‘armasi O‘zbekiston tarixida ilk bor xorijda musodara qilingan korrupsion aktivlar xalqaro nazorat ostida, aniq ijtimoiy maqsadlar uchun sarflanayotgan mexanizm ekanini alohida ta’kidladi. Har bir dollar rejalashtirishdan tortib, ijrogacha bo‘lgan bosqichlarda UNESCO, tegishli vazirliklar va Shveysariya elchixonasi ishtirokida qat’iy kuzatuvda ekanini bildirildi.

Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy esa bu jamg‘armaning haqiqiy muvaffaqiyati faqat moliyaviy hisobotlarda emas, har bir dollar qayerga ketganini jamoatchilikka ochiq, sodda va tanqidga tayyor tarzda tushuntirishda ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu pullar davlatniki yoki mansabdorlarniki emas, xalqniki!

«Noto‘g‘ri yo‘llar bilan xorij banklariga chiqib ketgan mablag‘larni tiklab, uni ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy loyihalarga yo‘naltirish imkoni va ko‘lami yuqori. Moliyaviy hisobotlar ommaga taqdim etiladi va joylardagi natijalar baholanadi. Biroq, jamg‘armaning haqiqiy muvaffaqiyati: agar har bir dollar qayerga ketgani jamoatchilikka sodda, ochiq va tanqidga tayyor tarzda tushuntirilsa. Biz, siz jurnalistlar bilan shu muvaffaqiyatga erisha olamiz. Chunki, bu pullar davlatniki ham, mansabdorniki ham emas. Bu pullar xalqniki!» — dedi u.

Xulosa shuki, bu jarayon millionlar taqdiri haqida emas, ishonch taqdiri haqida. Bu davlat uchun imtihon, xalqaro hamkorlar uchun mas’uliyat va keng jamoatchilik, ayniqsa, jurnalistlar va fuqarolik jamiyati uchun burchdir. Agar ushbu mablag‘lar ham yopiq hisobotlar va rasmiy bayonotlar orasida yo‘qolib ketsa, jamiyat yana bir bor ishonchni yo‘qotadi. Har bir loyiha natijasi ochiq muhokama qilinsa, tanqiddan qochilmasa, «Ishonch» jamg‘armasi haqiqiy tarixiy burilishga aylanadi.

Zero,  Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi aytganidek, bu pullar xalqniki. Va xalq hisob so‘rashga haqli.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring