Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rivojlangan davlatlarda ham shakar muammosi yuzaga kelmoqda. O‘zbekistonda vaziyat qanday?

Rivojlangan davlatlarda ham shakar muammosi yuzaga kelmoqda. O‘zbekistonda vaziyat qanday?

Yevropa ittifoqi va Buyuk Britaniyada 2020-21-yilda 16,3 million tonna shakar ishlab chiqarilgan. Bu oldingi yilga nisbatan 10 foizga kam degani.

Yevropa shakar tanqisligidan aziyat chekmoqda

Agrarheute.com. saytining Yevrokomissiya va shakar ishlab chiqaruvchilar hisob-kitobini yurituvchi Pfeifer & Langen kompaniyasining ma’lumotlariga asosan yozishicha, Britaniya ishlab chiqarishini hisoblamaganda Yevropa ittifoqi faqat 15,4 million tonna oq shakar ishlab chiqargan. Bu oldingi yillarga nisbatan 15 foiz kam degani.

Pfeifer & Langen kompaniyasining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Doktor German Yozef Shmits so‘zlariga ko‘ra, Yevropa yangi hosilgacha shakar tanqisligini import hisobidan qoplagan. U taqdim qilgan ma’lumotlarda 2020 yili Yevropadagi fermerlar lavlagi yetishtirishni 23 foizga qisqartirishgani qayd etiladi.

Hattoki, shakar ishlab chiqarishda ilg‘or hisoblangan Fransiya va Germaniya ishlab chiqaruvchilari ham lavlagi ekishni kamaytirgan. Bunga sabab — ulardagi asosiy shakar ishlab chiqaruvchi 5 ta yirik zavodining yopilishidir.

Polsha esa lavlagi yetishtiruvchilarni subsidiya hisobiga qo‘llab kelmoqda. Pfeifer & Langen tahliliga ko‘ra, ushbu mamlakatda lavlagi ekish 10 ming gektarga ko‘paytirilgan. Ammo bu ham shakar tanqisligini bartaraf etishda foyda bermagan.

«Fransiya va boshqa yirik shakar ishlab chiqaruvchi davlatlarda lavlagi hosili katta talafotga duch kelgan. Ekinlarning turli kasalliklarga duchor bo‘lishi natijasida so‘nggi 20 yil ichidagi eng kam hosil olindi. Natijada balans 25 foizga tushib ketdi», – dedi Shmits.

Polshada lavlagi ekini ob-havo va serkosporioz muammosiga duch kelgan bo‘lsa, Germaniyada ekinlar sariq virus va bahor hamda yoz oylaridagi qurg‘oqchillik sabab kutilgan natijani bermagan.

Bu vaqtda esa YeIda shakar narxi 2019 yilning eng past narxidan ham tushib ketgandi.

2020 yil mart oyida koronavirus pandemiyasi narxlarning qayta tiklanishga to‘sqinlik qilgan. Chunki oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalar ham shakar buyurtmasini kamaytirgan edi.

YeI Komissiyasining e’lon qilgan ma’lumotiga ko‘ra, 2020 yilning oktyabr oyida bir tonna oq shakarning o‘rtacha narxi 381 yevroni tashkil qilgan.

Shmitsning aytishicha, bu narx lavlagi yetishtiruvchilar uchun yetarli bo‘lmagan. Barqaror ishlab chiqarishni tiklash uchun narxlarni ko‘tarish kerak edi.

Pfeifer & Langen kompaniyasining tahlilchilari joriy yil Yevropada lavlagi hosilining yetishtirilishida barqarorlikni kutmoqda.

Shakar muammosiga barham berish uchun Germaniyada lavlagi urug‘larni innovatsion (neonikotinoid) o‘stirishda hattoki favqulodda ruxsatnomalar ham berildi.

Shmits yaqin 3-5 yil ichida shakar barqarorligini tiklash uchun shakar tayyorlanadigan lavlagilar navlarini tayyorlashga favqulodda ruxsatnomalar berish 2022 yilda ham davom etishiga umid bildirgan.

Rossiyada shakar tayyorlash o‘tgan yilga nisbatan 62,7 foizga kamaygan

«Rossiya Federatsiyasida 2021 yil yanvar oyida 200,8 ming tonna shakar ishlab chiqarilgan. Bu 2020 yil yanvar holatiga nisbatan 62,7 foizga kam.

Rossiyada oldingi yillarga nisbatan katta miqdorda ishlab chiqarish kamayganligining sababi 2020 yilda shakar lavlagi hosilining kamayib ketganligi bilan bog‘liq» — deyiladi Sugar.ru iqtisodiy-tahliliy sayti tahlilida.

Qirg‘izistonda shakar narxi o‘sishda davom etmoqda

Qirg‘iziston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan kunlik monitoring natijalariga ko‘ra, asosiy ahamiyatga molik shakarning o‘rtacha iste’mol narxi o‘sishda davom etmoqda ekan.

2021 yil mart holatiga ko‘ra, shakarning o‘rtacha narxi 64,36 som bo‘lgan. 4 oy oldin, ya’ni dekabr oyida 10,14 som bo‘lgan. 4 oy ichidagi bu o‘sish 6 barobardan ko‘proqni tashkil etmoqda. Roppa-rosa bir yil oldin esa o‘rtacha narx 4,34 som bo‘lgan. Bu bir yil ichida shakar narxining 15 barobar o‘sish hisoblanadi, deyiladi Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotida.

Dunyoni zabt etayotgan shakar muammosi hali O‘zbekistonga kirib kelmadi...

Asosiy iste’moldagi oziq-ovqatlar qatorida turuvchi shakarni ishlab chiqarish, xalqimizning shakarga bo‘lgan talabini uzluksiz va barqaror ta’minlashga siyosat darajasida qaralmoqda.

Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lgan ilk kunlardan boshlab O‘zbekiston xalqi shakar taqchilligini sezmasdan yashashi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda.

Bizda ikkita shakar zavodi — «Angren shakar» va «Xorazm shakar» MChJ xalqimiz ehtiyojini qondirishi va shakar narxidagi barqarorlikni ushlab turish uchun ishlab kelmoqda.

Tan olib aytish kerakki, shakar bo‘yicha mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizning faoliyatida bir qancha tabiiy va sun’iy to‘siqlar ham paydo bo‘lib kelgan.

2016-2017 yillarda ushbu ikki zavod O‘zbekistondagi tashqi va ichki to‘siqlar natijasida bankrotlik yoqasiga kelib qolgan edi. Shakar barqarorligi xalqimiz uchun zarurligini inobatga olgan davlat rahbari mazkur ikkita zavodning to‘liq quvvat bilan ishlab chiqarishni davom ettirishini qonuniy va ma’naviy qo‘llab yuborgan edi.

O‘sha vaqtdan buyon bu zavodlar butun dunyodagi mavjud shakar muammosining O‘zbekistonga kirib kelishiga qarshi kurashmoqda.

Ammo, 2020 yilda shakar ishlab chiqarish yurtimizda koronavirus pandemiyasi davrida ham sub’yektiv qarshiliklarga duch keldi.

Ichki bozorlarimizni katta imtiyozlar berilgan import shakar egallashi natijasida «Angren shakar» va «Xorazm shakar» MChJlar vaqtincha faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan edi. Oxir-oqibat shafqatsiz biznesdagi kutilgan natija bo‘ldi. Narx barqarorligi buzildi.

Oxiri nima bilan tugashi aniq bo‘lgan qaltis vaziyatni yana mamlakat rahbari vaqtida bartaraf etdi.

Shu sabab bo‘lsa kerak, butun dunyoda sharpadek kezib yurgan shakar muammosi O‘zbekistonga qayta bosh suqa olmayapti.

O‘zbekistondagi shakar narxi bo‘yicha raqamlarga nazar soladigan bo‘lsak, ayni kunda birjaga «Angren shakar»dan chiqayotgan shakar narxi 7 120 so‘mni, «Xorazm shakar»niki esa 7 150 so‘mni tashkil etmoqda. O‘tgan yilning mart oyida narx 6780 so‘m bo‘lgan. Bu bir yil ichidagi narxning farqi esa 0,5 foizni tashkil etmoqda.

Bir yil mobaynida boshqa mahsulotlarning narx-navosi anchagina ko‘tarildi. Shu nuqtai nazardan olib qaralganda, shakar narxi barqaror va me’yorida saqlanmoqda. Bu, albatta, Prezidentimizning uzoqni va haqiqiy vaziyatni ko‘ra olishining samarasidir.

Sh.Xolmuhammad o‘g‘li

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring