Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Saudiya Arabistoni aholisi O‘zbekistonning qadimiy shaharlarini ziyorat qilish istagida – vazir

Saudiya Arabistoni aholisi O‘zbekistonning qadimiy shaharlarini ziyorat qilish istagida – vazir

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

28-sentyabr kuni Toshkentda Saudiya Arabistoni podshohligi Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov ishtirokida muloqot bo‘lib o‘tdi.

Musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muloqot chog‘i ikki mamlakat o‘rtasida azaldan tarixiy, madaniy va diniy rishtalar mustahkam bog‘langani qayd etildi. Har bir musulmon Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga intiladi. Allohning uyi – Ka’bai muazzama, Arafot, Mino va Muzdalifa vodiylari, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Ravzai saodati va qabri, buyuk sahobalar dafn etilgan Baqi’ maskani, Qiblatayn va Qubo masjidi, Uhud tog‘i kabi tabarruk joylarni ziyorat qilishga oshiqadi.

Muloqotda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 17-18 avgust kunlari Ikki muqaddas masjid xodimi, podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud taklifiga binoan, davlat tashrifi bilan Saudiya Arabistoniga borgani hamkorlik munosabatini yanada yuqori darajaga ko‘tarishga xizmat qilayotganini qayd etdi.

Saudiyalik yuqori martabali mehmon podshohlikda ham O‘zbekistondagi tarixiy maskanlarni ziyorat qilishga qiziqish oshib borayotganini ta’kidladi.

«O‘zbekistonning mehmondo‘st xalqi, muqaddas va tarixiy qadamjolari doimo sayohat qiluvchilarni o‘ziga rom etadi. Arabistonliklar ham bu yerdagi qadim shaharlarni ko‘rish, muqaddas maskanlarni ziyorat qilishni istaydi. Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish tartibi joriy etilishi mamlakatlarimiz o‘rtasida ziyorat turizmi keng rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi», – dedi Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia.

Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov haj va umra qiluvchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida yanada qulay sharoit hozirlash, shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarida hamkorlik qilish, ulamolar ishtirokida anjumanlar o‘tkazish, Saudiya fuqarolarining Samarqand, Buxoro, Termiz kabi qadimiy shaharlarga ziyoratlarini tashkil etish kabilar borasida taklif va fikr-mulohazalarni taqdim etdi.

Avval xabar berganimizdek, Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiya 27 sentyabr kuni yurtimizda keldi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad o‘zaro hamkorlikni takomillashtirish, ayniqsa, diniy-ma’rifiy, ilmiy-tadqiqot, turizm, transport sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring