Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sayyor qabulda tadbirkorlarga joyida 3 mlrd. so‘m undirib berildi

Sayyor qabulda tadbirkorlarga joyida 3 mlrd. so‘m undirib berildi

Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan vazirlik va markaziy idoralar, hududiy sektorlar, sud organlari rahbarlarini jalb etgan holda Navoiy viloyatining Uchquduq, Karmana, Navbahor va Qiziltepa tumanlarida sayyor qabullar tashkil etildi.

Ta’kidlash shart, ko‘plab murojaatlarga joyida yechim topildi. Xususan, Qiziltepa tumanining «Furqat» mahallasi aholisining ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha murojaati o‘rganib chiqilib, 2-sektor va yo‘l idoralari ko‘magida 7 kilometr yo‘lga qum-shag‘al aralashmasi, qariyb 10 kilometrlik ichki yo‘llarga asfalt qoplamalari yotqizildi. Yana 10 kilometr yo‘lni asfalt qilish «yo‘l xaritasi»ga kiritilib, bu ishlar 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga kiritildi.

QIZILTEPA tumanidagi «Demas» mahallasi Qatag‘on qishlog‘i aholisining ham ichki yo‘llar ta’miri bilan bog‘liq murojaati ijobiy yechim topdi. Ishchi guruhi tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar samarasida qariyb 500 metr yo‘l shag‘allandi.

TUMANNING «Mayta» mahallasida yashovchi Baxtiniso Tilavova bir hovlida 3 ta oila yashashi, tomorqada issiqxona qurish uchun sharoit borligi, lekin moliyaviy jihatdan imkoniyati yo‘qligini aytib, murojaat qildi. Uning murojaati qabulda o‘rganib chiqilib, kredit ajratishda amaliy yordam berildi. Ta’minotchi korxonalar orqali uning tomorqasiga 2 sotixli issiqxona qurilishi shu kunning o‘zida boshlanib, tayyor holatda topshirildi.

OMMAVIY QABULDA ichki ishlar vazirligi vakillariga tizim idoralari yo‘nalishlarida ham ko‘plab murojaatlar kelib tushdi. Xususan, konimexlik Jalg‘as Jakipov 2015 yildan buyon ichki ishlar organlarida ishlashga ishtiyoqi yuqori ekani uchun hujjat topshirib kelayotgani, bu borada unga to‘sqinlik qiladigan qonuniy asoslar yo‘qligi, o‘tgan yillar davomida profilaktika inspektori yordamchisi lavozimida ishlaganligini aytib murojaat qildi. Uning sohada yetarli tajriba orttirgani, qiziqishi va layoqati inobatga olinib, murojaati ommaviy qabul doirasida tuzilgan komissiya tomonidan o‘rganib chiqilib, ijobiy xulosaga kelindi va u ishga qabul qilindi.

OLIY SUD sudyalari tomonidan jami 182  nafar fuqaro qabul qilindi. Jinoyat, fuqarolik, ma’muriy ishlar bo‘yicha hamda iqtisodiy sudlarga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida  jami 37 nafar shaxs  muddatidan ilgari jazodan ozod qilindi, 20 nafar shaxsga nisbatan belgilangan jazo yengilrog‘iga almashtirildi, 38 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tash tartibi yengillashtirildi.

ShUNINGDEK, tadbirkorlik sub’yektlari, dehqon xo‘jaliklari va yakka tartibdagi tadbirkorlar foydasiga 3 mlrd. so‘mga yaqin 20 ta da’vo arizalari joyida qanoatlantirildi. Nikohdan ajratish uchun murojaat qilgan 11 ta oila yarashtirildi.

Ommaviy qabul jarayonida nogironligi bo‘lgan fuqarolarga tibbiy-reabilitatsiya vositalaridan ko‘mak ko‘rsatildi, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, koronavirus pandemiyasi sharoitida turmush sharoiti qiyinlashgan xonadonlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlarga aholida e’tibor berildi.

QABULLARDA jami 638 nafar fuqaroning murojaatlari tinglandi va ulardan 644 ta masala qabul qilindi. Muammolarning 310 tasi (48%) joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 129 tasi (20%)  bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi va 206 ta (32%) murojaat ko‘rib chiqish uchun  alohida nazoratga olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring