Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Senat saboqlari

Senat saboqlari

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi nutqi haqida.

Davlatni samarali boshqarish, qonun chiqarish jarayonini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va xalq manfaatlarini himoya qilish, shu xususdagi qonun va qarorlarni qabul qilish, xalq va davlatni tashkillashtiruvchi organ sifatida Senatning alohida o‘rni bor.

Yaqinda Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida xuddi shu masalalarga e’tibor qilindi.

Prezident hukumatning, vazirlik va idoralar, joylardagi hokimlar, butun davlat boshqaruvi tizimining asosiy vazifasi – islohotlar doirasida qabul qilingan ushbu dasturiy hujjatlar ijrosini qat’iy ta’minlash, real natijadorlikka erishishdan iborat ekanini alohida uqtirib bu borada ko‘p muammoli masalalar mavjudligini e’tirof etdi.

Nutqda xalq xo‘jaligi va sanoatning turli jabhalaridagi yutuq va kamchiliklar aniq raqamlar asosida keltirildi. Odatda, ko‘pgina masalalar qog‘ozlarda «bajarilib», amalda esa yo‘qligidan ko‘z yumib bo‘lmasligi ham ta’kidlandi. Endilikda hukumat tizimidagi yangi tarkibning yangi tartib bilan ishlashi davr taqozosi. Shuning uchun ham nutqda yangi baholanish mezoni qat’iy talablar bilan qo‘yildi. «Endi har bir topshiriqning ijro etilgani qog‘ozga qarab emas, erishilgan pirovard natijaga qarab baholanadi», dedi Prezident.

Tabiiyki, bu masalalar yechimi tartib-intizom bilan bog‘liq. Prezident bu borada ham o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdi. «Barcha darajadagi ijro organlarida intizomni kuchaytirish, belgilangan vazifa va topshiriqlar natijadorligini tanqidiy tahlil qilishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish zarur».

Davlatimiz rahbari ta’kidlashicha, Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi bir oy muddatda ijroni nazorat qilish borasidagi yondashuvlarini tubdan takomillashtirilishiga, Vazirlik va idoralarning quyi tuzilmalari bilan birgalikdagi faoliyati ustidan vertikal nazorat ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak. 

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan, lekin yig‘ilmasdan va real muhokama o‘tkazmasdan qaror qabul qiladigan komissiya va ishchi guruhlarni tugatish vaqti yetganligi ham o‘rinli e’tirof etildi.

Ayniqsa, elektron portal, ijtimoiy tarmoqlarda maxsus sahifalar tashkil etib, aholi bilan «qayta aloqa» tizimini yo‘lga qo‘yish masalasi faoliyatimizning sifati va natijadorligiga sabab bo‘lishi aniq.

Har qanday faoliyatning sifati, samarasi va natijadorligi esa, tabiiyki, ushbu mezonlarni bilish va amal qilish bilan bog‘liq.

Avvalo, faoliyatni tashkil etuvchilarning sohaviy bilim va ko‘nikmalari yetarli bo‘lishi kerak.

Ikkinchidan, resurslar va imkoniyatlar – zarur resurslar (moliyaviy, moddiy, inson) mavjudligi va ularni samarali taqsimlanishi lozim.

Uchinchidan, unumdorlik va tartib – faoliyatning rejalashtirilishi, unumdorlik va refleksiv tizimlarning ishlashi zarur.

To‘rtinchidan, motivatsiya, ruhlantirish va jamoaviy ishlash, o‘zaro yuksak ishonch va birlikda ishlash kerak.

Beshinchidan, maqsadlar va strategiya aniq bo‘lishi hamda strategik yondoshuv faoliyatni to‘g‘ri tashkil qila olishimiz kerak.

Oltinchidan, qabul qilingan qarorlar va harakatlar tezligi – qarorlarning to‘g‘ri va vaqtli qabul qilinishi natijalarni hosil qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bular e’tiborga olingan holda, qilingan harakat sifat, samara va natijadorlikning muhim tamoyilidir.

Davlatimiz rahbari qat’iy ishonch va umid bilan o‘z nutqini  «Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib, belni mahkam bog‘lab harakat qilish» zarurligini e’tirof etish bilan yakunladi.

Endilikda gap senat saboqlari hammamizga yo‘llanma va qo‘llanma bo‘lishida.

Rahimboy Jumaniyozov,
«TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti professori.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring