Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sochiq mojarosi

Sochiq mojarosi

Foto: Today.ua

«Mehmonning ko‘zi o‘tkir bo‘ladi», degan naql bor. Boshqa bir yurt, boshqa mintaqaga borgan kishi u yerda havas qilarli, ibrat olarli, o‘rganishga arziydigan holatlar bilan birga bir qarashda arzimas bo‘lib tuyuladigan ayrim noxushliklarga ham ko‘zi tushadi. Bu shunchaki gap emas.

O‘tgan asrning saksoninchi yillari oxirida bir guruh ijodkorlar Belgiya mamlakatiga safar qilganmiz. Xalqimizning raqs san’ati va madaniyatini Gent, Bryugge, Antverpen, Sharlerua kabi qadim shaharlarda namoyish qildik. Safarimiz davomida bizga tarjimonlik qilgan golland ayol O‘zbekistonga tarjimon sifatida bir necha marta kelib-ketgan ekan, taassurotlarini tinimsiz so‘zlaydi, «Sizlarda odamlar bir-birlariga mehribon, oqibatli ekan, yoshlar kattalarga salom beradi, bizda bunday emas, har kim o‘z holicha yashaydi. Birov kimsan, nimasan deb so‘ramaydi», deydi. Bu ayolga juda ko‘p odatlarimiz, jumladan, to‘y marosimlarimiz,  mehmon kutishimiz, taomlarimiz, sovg‘a-salom berishimiz ma’qul kelibdi. Ammo... bir narsadan qattiq ranjibdi.

«Samarqand va Buxoro safaridan qaytgach, shahar markazidagi «Yoshlar uyi» mehmonxonasida tunadik, – deydi u bir noxush voqeani eslab. – Ertasiga ertalab aeroportga otlandik. Men endi avtobus o‘rindig‘iga cho‘kkan edim, mehmonxona xizmatchisi yugurgilab oldimga keldi-da: «Siz yotgan xonadagi sochiq yo‘q», deb mendan pul talab qila boshladi. Izza bo‘ldim. Avtobusdan tushib, xizmatchi bilan izma-iz xonaga qaytdik va ishlatilaverib hilvirab ketgan sochiq qurmagurni yuvinish xonasidan topib, qo‘liga tutqazdim.

«Endi yuring, hamrohlarimga sochiq topilganini ayting», desam, ko‘nmadi. Kayfiyatim shu qadar buzildiki, uyga qaytganimdan keyin ham ancha vaqt o‘zimga kela olmay yurdim...»

Bu voqeani eshitib, biz ham izza bo‘ldik. Belgiya safari haqida eslaganimda shu sochiq mojarosi yodimga tushib, hamon yuzimga qizillik yuguradi. Birniki – mingga, mingniki – tumanga.

Ahmadjon Meliboyev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring