Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sog‘inch bor-u diydor yo‘q endi...

Sog‘inch bor-u diydor yo‘q endi...

Kuni kecha el suygan shoir, hurmatli inson — O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi, akamiz Sa’dulla Hakimovni so‘nggi yo‘lga kuzatdik...

U kishining vafoti haqida xabarlar tarqalgani hamono «O, bu qanday sharaf ketayotirman» she’ri ijtimoiy tarmoqlarni egalladi hisob...

Sa’dulla aka mazkur she’rini vafotidan uch-to‘rt oy burun yozgan va vaqtli matbuotda chiqishi hamono menga ham ilinib, «telegramm» kanali orqali tashlab bergan edilar. G‘ofillik shunchaki, she’rni o‘qibman-u, ammo mohiyatini to‘la uqmabman, attang...

Deydilarki, Alloh bandasi diliga SO‘Z solmasa, she’r atalmish mo‘’jizaviy bitik tug‘ilmaydi. Shu ma’noda Yaratgan shoirning diliga so‘z solib, yaqin orada Huzuriga chorlashini ma’lum qilgan -  akamiz bu ilohiy ishoratga «Ketayotirman» orqali «labbay» degan ekan, endi bilsak...

Qarang-a, banda «to‘rt oyoqli cho‘bir ot» (A. Yassaviy) chopqinlab kelayotganini his qilmoqda, biroq bundan iztirob-vahimaga tushib, oh-voh qilayotgani yo‘q. Balki  O‘zining amriga mardona bo‘ysunmoqda:

O, bu qanday sharaf, ketayotirman,

Sendan senga qarab ketayotirman.

Sa’dulla aka o‘ziga yetgan betoblikni ham shukur-la qarshi olganiga nima deysiz?! Xasta chog‘ida aytib yozdirgan vido she’rida quyidagi misralarni qarang:

Bu-ne hislat, bu- ne hol,

Bu-ne hikmat, bu- ne sir?

Bariga O‘zing kaffol,

Eslaganingga shukur!

Sa’dulla aka shaxsi va ijodi uyg‘un inson edi. She’rlarini o‘qisangiz misralar ortida samimiy jilmayib turganini bemalol ilg‘ash mumkin edi, yoki o‘zi bilan suhbatlashganda xuddi she’rlarini mutolaa qilayotganday bo‘lardik. Ham bolafe’l edi, Sa’dulla aka! Ayni hislati «Ketayotirman»da ham aks etibdi-ya:

Ko‘nglimni tobladi kunduz va kecha,

Oy kabi yarqirab ketayotirman.

Sharqirab soy kabi oqqanim rostdir,

Buloqday shildirab ketayotirman.

Sa’dulla aka rostgo‘y, o‘ziga va so‘ziga nisbatan o‘ta talabchan ham kamtarin inson  edi. «Ketayotirman»ni qayta-qayta o‘qir ekanman, u kishining mana shu hislatlari ham takror-takror yodga tushmoqda.

Bilmayman, gunohim qancha, bir taraf,

Savobim bir taraf, ketayotirman.

Sa’dulla aka oddiy narsadan hikmat qidirguvchi, makon va odamlarga mehr-muhabbati o‘zgacha ODAM edi-da.  She’rlaridagi falsafa u kishining hayot falsafasi edi.

Nopisand bosma xazon yaprog‘ini,

Boshing uzra esla soya chog‘ini.

Ushbu ikki misradan rahmatlining  daraxtdan uzilib tushib, xazonga aylangan birgina bargga bo‘lgan munosabati timsolida butun jonli va jonsiz mavjudodga bo‘lgan e’tibori va mehrini anglash mumkinday.

Bir muxlisning «Sa’dullа akaning she’rlarini o‘qiganda onamni ko‘rganday, ham tog‘ havosidan to‘yib nafas olganday bo‘laman», degan e’tirofida mubolag‘a yo‘q. Chunki, akamiz vatanga, onaga mehri o‘zi tug‘ilib o‘sgan diyor maysa-yu giyohi, tuprog‘i ham jildirab oqqan soy suviga, viqorli tog‘u-toshlari va bog‘ havosiga qorishiq edi.  

Sa’dulla  aka bilan oxirgi marta shu yilning 1 oktyabr kuni gaplashgan edik. Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan bir-birimizni tabriklab, xo‘b yaxshi tilaklarni sog‘ingandik. Xastalik ta’siri sezilib turgani bilan ovozi o‘ktam edi. Gap ohanglarida sog‘inch ufurgandi... Bu bejiz emas ekan. Inson borki - doim kimnidir sog‘inib, kimgadir talpinib yashaydi: biz hozir Sa’dulla akani sog‘inishni boshlaganimiz kabi, u kishining go‘zal suhbatlariga talpinganimiz kabi.

Sen kelsang... yo‘llarim tezlasharmidi,

Ilinjim, yo‘l qarab ketayotirman.

Umr shomida tong otmoq nedan dalolat? Bu Xudo bergan fursatlarni shamolga sovurmaslik, munosib yashash va o‘zidan o‘chmas iz qoldirishdir. Sa’dulla aka munosib umr ko‘rdi, undan qator kitoblar, oqil va oqila farzandlar,  sadoqatli shogirdlar, yaxshi-yaxshi do‘st-u yoronlar qoldi. Banda uchun katta saodat shu. Shunday saodat nasib etgan insonning umr shomida tonglar otdi.

Umr shomida tong otmoqda, ajab,

Voajab, voajab, ketayotirman.

Sa’dulla akada shunday hislat mavjud ediki, hamsuhbati ko‘nglida yashashga, borliqqa, adabiyotga, she’riyatga muhabbat paydo qilardi.

Hozir yozyapman-u, akamizning she’r o‘qish ohanglari eshitilganday bo‘ladi. Vo darig‘ki, endi unday suhbat, she’rlarini o‘zidan eshitishlar yo‘q, sog‘inishlar bor-u uchrashishlar yo‘q. Akamizning yangi she’rlaridan bahramand bo‘lish ham endi ilojsiz. Buni u kishining o‘zi ham qayd etib ketdi:

Kelmoq sururidan so‘zlamam endi,

O, bu qanday sharaf, ketayotirman.

Xaq gap shuki, Sa’dulla aka sharaf bilan ketdi. Hammaga ham shunday saodat nasib etsin. Zero, kim bo‘lmaylik, borar joyimiz tayin. Kalomullohda marhamat qilinganidek, «...inna lillahi va inna ilayhi roji’un» (biz hammamiz Allohnikimiz va Unga albatta qaytamiz).

 Xolmo‘min Yodgorov,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring