Tish shifokori: Zamonaviy tibbiyot qo‘rquvni yo‘qotib, chiroyli tabassumga erishmoqda
Yaqinda facebook tarmog‘ida bir tish do‘xtirining ajoyib postlariga guvoh bo‘ldim. U yozayotgan mavzular shunchaki tish sog‘lomligi haqidagi shifokor maslahati emas edi.
Har bir postida qiziqarli va o‘ziga tortadigan fikrga duch kelish mumkin.

O‘yladim, bu tish shifokori bilan suhbat ham qiziqarli bo‘lsa kerak. Toki unga murojaat qilmagunimcha qayerda yashashini ham bilmasdim. U suhbatga bajonidil tayyor ekanligini va qayerda ishlashini aytganda hammasini tushundim. Odatda intervyu uchun xorijda yashaydigan hamyurtlarimiz doimo ikki qo‘lini ko‘tarib tayyor ekanligini aytishadi. Shahbozbek Homidov hozirda Amerikada yashaydi. Toshkent davlat stomatoligiya institutini tamomlagan. Toshkent shahridagi “Shokh Dentist” klinikasi asoschisi. 2016 yildan buyon instagram, facebook, Twitter, telegram ijtimoiy tarmoqlarida stomatologiyaga oid mavzularni jamoatchilikka ulashib keladi. Tish shifokori bilan suhbat ham o‘ylaymizki, barcha uchun birdek qiziqarli va muhim...
– Nima uchun odamlar hali ham stomatolog qabuliga kelishdan qo‘rqishadi va zamonaviy tibbiyot bu qo‘rquvni qanday yengmoqda?
– Tish shifokoriga borishga bo‘lgan qo‘rquvning asosiy sabablaridan biri sobiq sovet davrida materiallar yetarli emas edi, muolaja ko‘pincha tish sug‘urish bilan cheklangan, hatto bu juda og‘riqli jarayon bo‘lgan. Yoki kimdir boshidan kechirgan noxush holatni boshqalarga aytgan va tish shifokorining oldiga borish vahimaga aylangan. Ko‘pincha odamlar tishi og‘rimaguncha shifokorga bormaydi. Natijada kasallik og‘irlashadi va davolash qiyinlashadi. Murakkab muolaja esa qo‘rquvni yanada oshiradi.
Endilikda zamonaviy stomatologiya og‘riqsiz va sifat darajasi yuqorilashgan sohalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Bugun ko‘plab muolajalar paytida bemor deyarli og‘riq sezmaydi. Hatto tishni davolash yoki olishdan oldin milkka igna sanchish muolajasi ham sezilmas darajada qilinadi. Chunki endilikda ninalar juda ingichka. Qolaversa, texnologiyaning rivojlanishi stomatologiya sohasiga katta o‘zgarish olib keldi. 3D rentgen, lazer, mikroskop va raqamli skanerlar yordamida davolash tezroq, aniqroq va xavfsizroq bo‘ldi. Yana bir tomoni psixologik yondashuv o‘zgardi. Hozir shifokor bemor bilan suhbatlashadi, muolajani oldindan tushuntiradi, qo‘rquvni kamaytirishga harakat qiladi. Bu esa bemorda ishonch uyg‘otadi. Zamonaviy stomatologiya og‘riqni emas, profilaktika va qulaylikni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Eng katta qo‘rquv og‘riqni kutish. Chunki vaqtida ko‘rikdan o‘tib turgan odamda tish muammosi oson, tez va qo‘rquvsiz hal bo‘ladi. Tish og‘rimasa ham stomatologga borib turish lozim. Har olti oyda bir marta. O‘zbekistonda ko‘plab klinikalarda konsultatsiya bepul, lekin ko‘pchilik shunga ham borishga hafsalasiz. Axir zamonaviy tibbiyot qo‘rquv uchun emas, sog‘lom tabassum uchun xizmat qiladi. Qolaversa sog‘lom tish nafaqat chiroyli tabassum, balki umumiy sog‘likning poydevoridir.
– Stomatologiya xizmatlari narxi chindan ham yuqorimi va narxni belgilovchi asosiy omillar nimalardan iborat?
– Bu narxlar tasodifan qo‘yilmaydi. Ularning ortida bir nechta muhim omillar yotadi. Birinchi omil bu bilim va mas’uliyat. Stomatolog bo‘lish oson emas. Bu kasb doimiy o‘qish, o‘rganish va katta mas’uliyat talab qiladi. Shifokor faqat tishni emas, balki inson sog‘lig‘ini, tashqi ko‘rinishini va hayot sifatini ham o‘z zimmasiga oladi. Bitta xato keyinchalik katta muammolarga olib kelishi mumkin.
Ikkinchi omil zamonaviy texnologiyalarning kirib kelishi. Bugungi stomatologiya bu oddiy kreslo emas. 3D rentgen, mikroskop, fotoapparat, raqamli skanerlar, bir martalik steril asboblar bularning barchasi qimmat uskunalar. Ular davolashni aniqroq va xavfsizroq qiladi, lekin xizmat narxiga ham ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekistonda deyarli stomatologiya uchun kerakli bo‘lgan mathsulotlar ishlab chiqarilmaydi. Ularning katta qismi chet eldan kirib keladi. Sifatli materiallar — plomba, implant, koronka yoki breketlar oddiy buyum emas. Ular biologik mos, xavfsiz va uzoq yillar xizmat qiladigan materiallardan tayyorlanadi. Sifatsiz material arzon bo‘lishi mumkin, ammo uning oqibati qimmatga tushadi.
To‘rtinchi omil sterilizatsiya va xavfsizlik. Stomatologiyada infeksiya xavfi yuqori. Shuning uchun sterilizatsiya tizimlari, bir martalik asboblar, maxsus dezinfeksiya vositalari doimiy xarajat talab qiladi. Bu bemor xavfsizligi uchun to‘lanadigan haq.
Qimmat degan tushuncha haqida qiziq bir haqiqat bor: odamlar qimmat kiyim telefon yoki mashina xarid qilishda pulni o‘ylashmaydi, ammo sog‘lig‘i haqida gap ketganda ikkilanadi. Aslida esa tish qiyofaning ko‘rinishida ham, sog‘liqda ham eng muhim a’zolardan biri. Kiyim eskiradi, telefon yangilanadi, ammo tishlar bir umrga beriladi.

Shahbozbek Homidovning ijtimoiy tarmoqlardan olingan iqtiboslari
Arzimagan narsalarga pulni o‘ylamay sarflashimiz mumkin, ammo yetti, o‘n yillab xizmat qiladigan rangli plomba qo‘ydirishdan qochamiz. Agarda kimda kim 60 yoshimda ham men o‘z tishlarim bilan ovqatlanishni xohlayman desa, yoshlikdan har olti oyda stomatolog qabuliga borish kerak. Qancha muammolarning oldi erta olinsa, muolaja shuncha og‘riqsiz, qo‘rquvsiz va arzon bo‘ladi. Aslida stomatologiya xizmatlari qimmat emas, balki sifatli, xavfsiz va mas’uliyatli xizmatdir.
– “Gollivud tabassumi”, ya’ni vinirlar... tishlarning tabiiy umrini qisqartirmaydimi?
– So‘ngi paytlarda ko‘pchilikni qiziqtirayotgan vinir qo‘yish tishlarga zarar qilmaydimi, degan savol bugun juda aktual. Avvalo, vinir nima, keling, shu haqda gaplashamiz. Vinir bu tishning old yuzasiga yopishtiriladigan juda yupqa qoplama bo‘lib, u keramik yoki kompozit materiallardan tayyorlanadi. Asosiy maqsad tashqi ko‘rinishni davolash, ya’ni bu muolajada estetika birinchi o‘ringa chiqadi, funksiya esa ikkinchi o‘rinda qoladi.
Qachon sog‘lom tishlarga vinir qo‘yish noto‘g‘ri (bemor xohlasa bu mustasno)hisoblanadi, degan savol tug‘ilishi mumkin.
Agar tish butunlay sog‘lom bo‘lsa, kariyes bo‘lmasa, estetik nuqson yo‘q bo‘lsa, tishlarning rangi va shakli bemorning o‘ziga yoqsa, unda men bunday holatda vinir qo‘yishni to‘g‘ri deb hisoblamayman.

Sababi oddiy: vinir — bu ortopedik davo, minimal invaziv usulda tish emali juda yupqa charxlanadi. Eng muhim jihati bu jarayonni orqaga qaytarib bo‘lmaydi. Masalan siz vinir qo‘ydirdingiz, lekin o‘n yildan keyin yoqmadi, deb voz kecha olmaysiz.
Bir marta vinir qo‘ydingizmi, umrbod u bilan yurasiz, o‘rtacha hisobda 15-20 yilda ularni almashtirib turish kerak bo‘ladi.
– Qachon vinir o‘zini oqlaydi?
– Oqartirish bilan ketmaydigan rang o‘zgarishlari, tishlar orasidagi ochiqliklar — diastema yoki tremalar, tug‘ma shakl nuqsonlarida kerakli estetik natija chiqmagan holatlarda, tishlarning yengil qiyshiqligi va albatta, shou biznes vakillari uchun (kamera, sahna, omma oldida doimiy ko‘rinish muhim bo‘lsa) foydali bo‘lishi mumkin. Xulosa shuki, sog‘lom tishlar uchun vinir oxirgi variant bo‘lishi kerak.
Avval har doim kam invaziy usullar (tozalash, oqartirish, kompozit retavratsiyalar) ko‘rib chiqilishi lozim. Vinir esa faqat haqiqatdan ham zarur bo‘lganda va to‘g‘ri ko‘rsatma bilan qo‘yilgani maqul.
– Tish pastasi va cho‘tkasini tanlashda odamlar eng ko‘p yo‘l qo‘yadigan xatolar nimada? Yana siz doimo takrorlaydigan tish ipi haqida ham...
– Birinchi navbatda tish pastasini tanlashda odamlar har doim ham reklamalarga uchmasliklarini maslahat beraman. Har qanday tish pastaga shunchaki gigiyenik vosita sifatida qarashimiz lozim. Har bir bemor uchun individual tish pastasi tanlanadi va bu tanlov milk hamda tishlarning sog‘lomlik darajasiga qarab shifokor tomonidan belgilanadi.
Agar bemorda allaqachon tish toshlari yoki kariyes mavjud bo‘lsa, har qanday turdagi tish pastasi bu muammoni hal qilib bera olmaydi. Bunday holatlarda faqat professional davolash yordam beradi.
– Ota-onalarga tish parvarishi bo‘yicha qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?
– Ikki yoshgacha bolalarda ftor saqlamagan tish pastalaridan foydalanish tavsiya etiladi. Agarda ftorli tish pasta ishlatmoqchi bo‘lishsa, albatta stomatologd bilan maslahatlashish lozim. Tish yuvish vaqti esa 2-3 daqiqadan kam bo‘lmasligi kerak. 6-7 yoshgacha ota-onalar bolalarni tishini yuvishga yordam berishlari lozim.
Tish cho‘tkasini tanlashda eng katta xatolardan biri — qattiq tish cho‘tka ishlatish va undan uzoq vaqt foydalanishdir. Qattiq tish cho‘tkalari emalga va milkka zarar yetkazadi. Odatda stomatologlar yumshoq yoki o‘rtacha qattiqlikdagi tish cho‘tkalarini tavsiya qilishadi. Tish cho‘tkasi 3 oyda bir marta almashtirilishi kerak, uni uzoq vaqt ishlatish mumkin emas.
Eng muhim, ammo ko‘pchilik etibor bermaydigan gigiyenik vosita — bu floss (tish ipi). Juda ko‘pchilik undan foydalanishmaydi. Aslida esa ikki tish orasidagi ovqat qoldiqlarini tish cho‘tkasi tozalay olmaydi. Floss ishlatilmasa, kariyes ham, milk muammolari ham aynan shu joylardan boshlanadi.

Xulosa qilib aytganda, tishlarni sog‘lom saqlash uzluksiz odatga bog‘liq. Agar gigiyenik vositalardan to‘g‘ri va to‘liq foydalanilmasa, tish bilan bog‘liq muammolar vaqt o‘tgan sari ko‘payib boraveradi.
– Tishlarni oqartirish, toshlarni olib tashlash muolajasi tish emaliga haqiqatan ham zararlimi?
– Keling, men o‘quvchilarga shunday savol bersam: tishlarni qachon oxirgi marta tozalatishga borgandingiz?
Bu savolni ko‘p odam o‘ziga bermaydi. Lekin aynan shu savol tish salomatligining asosiy kaliti hisoblanadi. Avvalo bitta muhim narsani aniqlab olish kerak: tishlarni oqartirish va tish toshlarini tozalash bu ikki xil muolaja. Ko‘pchilik bu ikkisini bir deb o‘ylaydi. Aslida esa ular mutlaqo boshqa-boshqa muolaja. Masalan tish oqartirish bu kimyoviy muolaja. Unda maxsus gel yordamida tish rangi oqartiriladi. Bu faqat bemor xohishiga ko‘ra qilinadi, ya’ni estetik maqsadda qo‘llaniladi. Tish oqartirish to‘g‘ri va me’yorda qilinsa, sog‘lom emalga jiddiy zarar yetkazmaydi. Lekin, tish toshlari bor holatda, milk yallig‘langan bo‘lsa yoki emal allaqachon zaif bo‘lsa oqartirish tavsiya etilmaydi.
Tish toshlarini tozalash bu har bir inson uchun zarur bo‘lgan gigiyenik muolaja. Har olti oyda yoki bir yilda tish toshlari va yumshoq karashlar olib tashlanadi. Shunda milk kasalliklarining oldi olinadi.
Amerika tajribasidan misol keltirsam: agar bemor 1-2 yildan ortiq stomatologga bormagan bo‘lsa, birinchi navbatda davo buyuriladi. Sababi tish toshlari uzoq vaqt tozalanmasa milk kasalligi allaqachon boshlangan bo‘ladi.
– Tish toshlarini oldirmasa oqibati nima bilan tugashini ham aytib o‘tsangiz?
– Agar tish toshlari bor va ular tozalanmasa og‘izdan noxush hid keladi, yuvsa-yuvmasa milk qonaydi, milk sekin-asta chekinadi, oxir-oqibat parodontoz rivojlanadi va yillar o‘tib tishlar o‘z-o‘zidan qimirlab, tushib ketishi mumkin. Ba’zida tishimni tozalatdim, orasi ochilib qoldi, degan gaplarni ham juda ko‘p eshitamiz. Tish orasi ochilib qolishi aslida u yerda to‘planib qolgan toshlar olib tashlangani uchun bo‘ladi. Tish toshlari olingach issiq-sovuqqa sezuvchanlik 5-7 kun davomida ayrim bemorlarda kuzatilishi mumkin va bu tabiiy hol o‘tib ketadi. Bu holatlar tishga emas, balki ilgari tozalanmagan tish toshlariga va milkka bog‘liq bo‘ladi.
Xulosa shuki, tish oqartirish estetik, xohishga bog‘liq muolaja. Tish toshlarini tozalash esa har kim uchun shart. Hech qanday og‘riq, muammo bo‘lmasa ham har olti oyda yoki bir yilda tish toshlarini tozalatib turishni tavsiya qilaman...
P/S: Shifokor bizga yana inplantant tishlar, bruksizm (tishlarni g‘ijirlatish), ba’zilarda muammo genetik xususiyatga ega ekanligi, ba’zilarda esa noto‘g‘ri parvarish natijasida tishlar shikastlanishi, genetik xususiyatga ega muammolarni kamaytirish uchun nimalarga e’tibor berish kerakligi haqidagi savollarga ham javob berdi. Bu haqda batafsil keyingi maqolalar orqali yoritishni lozim topdik.
Suhbatni Barno Sultonova tayyorladi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter