Toshkent atrofidagi issiqxonalar yangi ekologik shartlar asosida ishlashi mumkin
Toshkentda tungi haroratning keskin pasayishi va shamolsiz ob-havo sharoitida atmosfera inversiyasi kuzatilmoqda. Ko‘mir yoqadigan issiqxonalardan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar bo‘yicha shikoyatlar ko‘paygan. Jumladan, Yunusobod tumani aholisi havo sifati yomonlashgani va noxush hidlardan shikoyat qilgan.
Murojaatlar bo‘yicha joylarda o‘rganishlar o‘tkazilib, havodan namunalar olingan. Issiqxonalarga gaz, elektr, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalaridan olinadigan ikkilamchi issiqlik energiyasidan foydalanish taklif etilmoqda. Bu imkoniyatlar mavjud bo‘lmasa, ko‘mirdan foydalanishga ham ruxsat berish ko‘zda tutilgan.
Buning uchun issiqxonalar belgilangan me’yorlarga mos zamonaviy qozonlar, havoni tozalash tizimlari va videokuzatuv bilan jihozlanishi kerak. Kuzatuv ma’lumotlari Milliy ekologik monitoring markaziga uzatiladi.
Xitoy texnologiyasi asosida tayyorlangan qozonxona va tozalash tizimi namunasi 30 sentyabr va 8 oktyabr kunlari sinovdan o‘tkazilgan. O‘lchovlar tashlamalar aholi salomatligi uchun belgilangan xavfsizlik me’yorlariga mos emasligini ko‘rsatgan. Namuna takomillashtirilgach, sinovlar qayta o‘tkaziladi.
Qozonxona tozalash tizimlari uchun xavfsiz tashlama me’yorlari loyihasi ham tayyorlangan. «Yashil issiqxonalar»ga o‘tuvchilar uchun subsidiya va soliq imtiyozlari berish rejalashtirilmoqda.
Ekologik xavfsiz isitish tizimiga ega bo‘lmagan issiqxonalarning poytaxt mintaqasida faoliyat yuritishiga taqiq saqlanib qoladi. Mas’ul idoralar ekologik monitoringni davom ettiradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter